O‘zbekiston | 22:08 / 05.07.2021
7256
3 daqiqa o‘qiladi

“Hali ruxsat berilmagan” - Ekoqo‘mita raisi o‘rinbosari metro qurilishi tufayli ko‘chiriladigan daraxtlar haqida

Sergeli–Qo‘yliq yerusti metrosi qurilishi sabab yo kesish, yoki boshqa joyga ko‘chirish uchun 785 ta daraxt xatlangan, lekin ularni kesishga hali ruxsat berilmagan, deb ma'lum qildi Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov Kun.uz bilan suhbatda.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi axborot xizmati Sergeli–Qo‘yliq yerusti metrosi qurilishida 785 ta daraxt yo kesilishi, yoki boshqa joyga ko‘chirilishi haqida ma'lumot bergandi.

Kun.uz muxbiri bunday issiq kunlarda daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazish qanchalik maqsadga muvofiqligi bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Islombek Boqijonovga yuzlandi.

 “Daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha xabarlar tarqalgan, lekin hali ko‘chirib o‘tkazish uchun ruxsat berilgani yo‘q. Yana bir narsani inobatga olish kerak: metro – davlat ahamiyatiga ega. Metroni baribir qilishimiz kerak, aholimiz kengayyapti. Lekin daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha topshiriq chiqqan bo‘lsa ham, baribir mavsum (oktyabr, noyabr, dekabr)ni kutamiz.

Imkoniyat darajasida katta daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazish mumkin emas. Gapirgan bilan, ularning yashab ketish imkoniyati yo‘q. Kichkina daraxtlar ko‘chiriladi”, – dedi u.

Eslatib o‘tamiz, metro qurilishi uchun ko‘chirish imkoni bo‘lmagan daraxtlarni kesishga ruxsat berilishi, biroq moratoriy talablaridan kelib chiqib, kesiladigan har bir daraxt uchun kompensatsiya sifatida 10 tup qimmatligi jihatidan kesiladigan daraxt va butalardan kam bo‘lmagan ko‘chatlarni ekish va ularni ikki yil davomida parvarishlash majburiyati yuklatilishi ma'lum qilingan.

Shahar ekologiya boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Shahlo Abdujalilovaning Kun.uz'ga aytishicha, Sergeli–Qo‘yliq metrosi qurilishi sabab ro‘yxatga olingan 700dan ortiq daraxt orasida “juda katta daraxtlar deyarli yo‘q”.

“Misol uchun, noyob va uzoq umr ko‘radigan eman daraxtini olsak, ba'zi hududlarda bitta, ba'zisida umuman yo‘q. Yoki shumtol – 36 tup. Terak kabi umri qisqa daraxtlar ko‘chirib o‘tqazilmasdan, kesilishiga ruxsat berilishi ham mumkin, chunki teraklar uzog‘i 25-30 yil yashaydi. Ularning o‘rniga qarorda belgilanganidek bitta daraxtga o‘nta daraxt ekiladi.

Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasida har bir tuman bo‘yicha 5 nafardan inspektorlar tomonidan daraxtlar kesilmasligi nazoratga olingan. Lekin bu besh kishi katta hududni eplashi qiyin, shuning uchun hamshaharlarimizdan daraxt kesilishi holatlariga duch kelishsa, albatta, ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilishlarini so‘rab qolaman”, – degan shahar ekoboshqarmasi vakili.

Mavzuga oid