Jamiyat | 13:11 / 21.11.2025
1686
1 daqiqa o‘qiladi

Uchtepada Kichik halqa yo‘lining bir qismida 3 kunga harakat cheklanadi

Uchtepa tumanidagi Kichik halqa avtomobil yo‘lida ta’mirlash ishlari sabab, 21 noyabr soat 20:00 dan 24 noyabr soat 06:00 gacha Beshqayrag‘och ko‘chasidan Foziltepa ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘l qismida transport vositalarining harakati bir tomonlama tartibda vaqtincha cheklanadi. Haydovchilardan yo‘nalishni oldindan rejalashtirish so‘ralmoqda.

Ma’lumotga ko‘ra, Uchtepa tumanida joylashgan Kichik halqa avtomobil yo‘lida rejali ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Shu munosabat bilan yo‘lning Beshqayrag‘och ko‘chasidan Foziltepa ko‘chasigacha bo‘lgan qismida transport harakati 21 noyabr kuni soat 20:00 dan boshlab 24 noyabr soat 06:00 gacha vaqtincha cheklanadi.

Ushbu yo‘l uchastkasidan foydalanuvchi haydovchilar harakatlanish yo‘nalishlarini oldindan belgilab olishi, zarurat tug‘ilganda esa aylanma yo‘llardan foydalanishi tavsiya etilmoqda.

Vaqtincha cheklovlar davrida yo‘lda tirbandliklar kelib chiqmasligi va harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida yo‘l harakati qatnashchilaridan belgilangan qoidalarga rioya qilish, yo‘l belgilari va yo‘l-patrul xizmat xodimlari ko‘rsatmalariga amal qilish so‘ralgan.

Ta’mirlash ishlari yakunidan so‘ng ko‘rsatilgan yo‘l uchastkasidan transport harakati odatiy tartibda tiklanishi ma’lum qilingan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid