Ma’lum qilinishicha, gumonlanuvchi 2025 yil sentabr oyiga qadar Shayxontohur tumani prokurori yordamchisi lavozimida ishlagan. U yakka tartibdagi tadbirkorga Shayxontohur tumanida joylashgan ikki uyning yerto‘la qismidagi noturar maydonlarni ijaraga olib berganini ro‘kach qilib, 15 ming dollar talab qilgani aytilmoqda.

Tezkor tadbir chog‘ida u pul mablag‘ini o‘ziga tegishli avtomashinada olgan va hodisa joyidan qochishga uringan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Hozirda holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va gumonlanuvchiga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan.

DXX fuqarolarni bunday qonunbuzilishi holatlariga duch kelganda 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilishga chaqirgan. Shaxs ma’lumotlari sir saqlanishi qayd etilgan.