Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Rossiya o‘z maqsadlariga erishadi». Putin Tramp bilan navbatdagi muloqotida nima haqda gaplashdi?
Reuters/Getty Images
Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasida bir soatga yaqin davom etgan telefon suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi jurnalistlarga Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov. Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin Trampga Rossiya Ukrainada erishmoqchi bo‘lgan maqsadlaridan voz kechmoqchi emasligini aytgan. Bu Tramp yanvar oyida yana o‘z lavozimiga kirishganidan beri ikki prezidentning oltinchi suhbati bo‘ldi.
«Prezidentimiz Rossiya o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishishini, ya’ni hozirgi vaziyatga, hozirgi keskin qarama-qarshilikka olib kelgan barchaga ma’lum sabablarni bartaraf etishini aytdi. Rossiya bu maqsadlaridan chekinmaydi», – deya Ushakovning so‘zlaridan iqtibos keltiradi TASS agentligi.
Shu bilan birga, Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, Putin Rossiya Ukraina bilan muzokaralarni davom ettirishga tayyorligini bildirgan, Tramp esa «yana bir bor harbiy harakatlarni tezroq yakunlash masalasini ko‘targan».
Ushakov prezidentlar Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralarning uchinchi raundini o‘tkazish masalasini muhokama qilmaganini aytgan. Avvalroq Putin tomonlar bunday maslahatlashuvlar vaqti va joyini kelishib olishga harakat qilayotgani, ular yana Istanbulda o‘tkazilishi mumkinligini aytgandi. «Ehtimoliy uchinchi raundning aniq mazmuni muhokama qilinmadi», – dedi u.
Ushakov, shuningdek, Tramp suhbatni «ma’muriyatning soliq, migratsiya va energetika sohalaridagi islohotlar to‘g‘risidagi flagman qonun loyihasi AQSh Kongressidan muvaffaqiyatli o‘tgani haqida ma’lumot berish»dan boshlaganini aytdi.
Gap soliq imtiyozlarini kamaytirish, ammo budjet xarajatlarini oshirish to‘g‘risidagi «Katta va go‘zal qonun» haqida bormoqda, u bir kun oldin Senatdan o‘tib, tuzatishlar bilan yakuniy ovoz berish uchun Kongressning Vakillar palatasiga qaytarilgandi.
AQSh vakillari hozircha Trampning Putin bilan suhbatiga izoh bermadi.
Ikki prezident telefon orqali suhbat qurishi haqida u boshlanishidan taxminan bir soat oldin ma’lum bo‘lgandi.
Rejalashtirilgan suhbat haqida birinchi bo‘lib Vladimir Putin gapirdi. «Yangi davr uchun kuchli g‘oyalar» forumida Rossiya prezidenti uni AQSh prezidenti bilan suhbat kutib turganini aytdi. Putin forum ishtirokchilaridan Trampga ularning nomidan nima deb qo‘yishni so‘radi.
Keyin Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida suhbat haqida anons berib, qo‘ng‘iroq ertalab soat 10:00 ga (Moskva bo‘yicha soat 17:00) rejalashtirilganini ma’lum qildi.
1 iyul kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Vladimir Putin bilan 2022 yildan beri birinchi marta qo‘ng‘iroqlashgandi. Shundan so‘ng Makron telefon orqali Volodimir Zelenskiy bilan ham gaplashgan.
Financial Times gazetasi, Reuters va AFP agentliklari o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, 4 iyul, juma kuni Donald Tramp va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘rtasida suhbat bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ular Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatishni muhokama qilishlari kerak.
Zelenskiyning o‘zi payshanba kuni Tramp bilan «ertaga yoki yaqin kunlarda» gaplashishga umid qilayotganini aytdi.
AFP ma’lumotiga ko‘ra, muloqot vaqti ikki prezidentning ish taqvimiga bog‘liq.
Mavzuga oid
08:32
Machado Oq uyda Trampga Nobel tinchlik mukofotini “topshirdi”
22:26 / 15.01.2026
Putin Maduroni ag‘dargan Trampni tanqid qilishga jur’at etolmadi – OAV
16:19 / 15.01.2026
Tramp Eron masalasida nima qilishi mumkin?
15:51 / 15.01.2026