22:41 / 30.04.2021
21716

24 ta tuman qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtiriladi

Bu 24 ta tumanda infratuzilmani yaxshilash uchun budjetdan qo‘shimcha 400 milliard so‘m, geologiya ishlarini amalga oshirishga 100 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

30 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarda mahalliy sanoatni rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. 

Rasmiy relizga ko‘ra, so‘nggi uch yilda O‘zbekistonda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 1,5 baravarga oshgan. Lekin, mahsulotlar hajmi va turlari hali ichki ehtiyojni to‘liq qoplayotgani yo‘q. Umuman, o‘tgan yili qariyb 1 milliard dollarlik qurilish materiallari import qilingan.

Yig‘ilishda mahalliy sanoatni rivojlantirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi.

«Mahalliy sanoatni rivojlantirish – hokimlarning qo‘lidagi masala. Aql bilan, puxta ish tutsa, buning zamirida juda ko‘p ishchi joyi, tadbirkorlarning manfaatdorligi, odamlarning roziligi bor», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu boradagi ishlarni «ichki talabni o‘rganish – importni tahlil qilish – resurs bazasini aniqlash – yangi loyihalar ishlab chiqish» zanjiri asosida tashkil etish zarurligi ta'kidlandi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga mahalliy sanoatning har bir yo‘nalishi, xususan, qurilish materiallari, to‘qimachilik, ipakchilik, farmatsevtika, elektrotexnika, charm-poyabzal, zargarlik, chinni buyumlari, mebelsozlik, oziq-ovqat sanoati kabi tarmoqlar bo‘yicha hududlar kesimida alohida dasturlar ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Davlat rahbari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 24 ta tumanni qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Bu hududlardagi mavjud xomashyo va yirik zavodlar infratuzilmasidan foydalanib, ularga yaqin joyda yangi korxonalar tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Mazkur 24 ta tumanda infratuzilmani yaxshilash uchun budjetdan qo‘shimcha 400 milliard so‘m, geologiya ishlarini amalga oshirishga 100 milliard so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.

Ma'lum qilinishicha, qurilish materiallari tarmog‘ida umumiy qiymati 5 milliard dollarlik mingdan ziyod yangi loyihalar shakllantirilgan. Bu orqali 25 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish maqsad qilingan.

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan ushbu sohadagi loyihalar uchun 300 million dollarlik kredit liniyasi ochish, bank filiallaridagi konsalting markazlari orqali tadbirkorlarga amaliy yordam berish taklifi bildirilgan. Prezident bunga qo‘shimcha, mazkur bank orqali davlat tomonidan 200 million dollar ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Yangi turdagi qurilish va pardozlash mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalariga 15 milliard so‘mgacha kafillik berilishi ta'kidlandi. Shuningdek, bunday korxonalarga milliy valutadagi kreditlar bo‘yicha Markaziy bank stavkasidan 10 foizgacha ortiq qismi va xorijiy kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining 50 foizi qoplab beriladi.

Bundan tashqari, qishloq joylaridagi sanoat zonalari hamda konlar va karerlar uchun yer solig‘i 10 baravargacha kamaytiriladi. 500 ta noruda qazilmalar koni auksion orqali sotilib, ularning negizida sanoat korxonalari tashkil etiladi.

Shunday imkoniyatlardan foydalanib, ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi loyihalar evaziga mahsulot turlarini ko‘paytirib, import o‘rnini to‘ldirish mumkinligi qayd etildi.

Ta'kidlanishicha, bu borada eng samarali yo‘l – tuman yo shaharga kirib kelayotgan import tarkibini tahlil qilib, shu mahsulotlarni hududning o‘zida ishlab chiqarishdir.

Masalan, so‘nggi ikki yilda 6 mingga yaqin ko‘p qavatli uy qurilgan bo‘lib, ularga ishlatilgan materiallar 30 foizgacha chetdan keltirilgan. Joriy yilda qurilishi rejalashtirilgan 100 mingga yaqin xonadonning har biriga kamida 20-30 million so‘mlik elektr texnikasi, mebel, oshxona buyumlari va boshqa xo‘jalik mollari kerak.

Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga bozor talabini tahlil qilish asosida, iqtisodiy samaradorligi bor tovarlarni mahalliylashtirish, bunday loyihalarni hududlardagi sanoat zonalariga oqilona joylashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Qurilish materiallari tarmog‘ida bo‘lganidek, boshqa sanoat mahsulotlari bo‘yicha ham ixtisoslashgan tumanlarni belgilab olish, yangi loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta'kidlandi.

Mahalliy sanoatni rivojlantirishda sanoat kooperatsiyasi ham juda muhim. Xususan, o‘tgan haftada Navoiy shahrida o‘tkazilgan sanoat yarmarkasida jami 376 milliard so‘mlik mingga yaqin shartnomalar tuzilgan.

Bunday tadbirlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi va har bir viloyatda o‘tkazish zarurligi ta'kidlandi. 

«O‘zstandart» agentligiga 24 ta ixtisoslashgan tumanda zamonaviy laboratoriyalar tashkil etib, ishlab chiqaruvchilarni xalqaro sifat talablari va standartlarga o‘rgatish vazifasi qo‘yildi. 

Joriy yil 1 iyuldan boshlab, yangi turdagi qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarga xalqaro standartlarni joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi qoplab beriladi. Shuningdek, majburiy sertifikatlash lozim bo‘lgan qurilish mahsulotlari ro‘yxati 3 baravarga qisqartiriladi.

Yig‘ilishda sanoat tarmoqlari uchun malakali mutaxassislar tayyorlash masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Chunki joylarda zamonaviy muhandis va texnologlar yetishmasligi tadbirkorlarga qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Shu bois Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga hududlar ehtiyojidan kelib chiqib, xorijiy oliygohlar bilan hamkorlikda muhandis va texnologlar tayyorlashni kengaytirish yuzasidan topshiriq berildi.

Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan bosh vazir o‘rinbosarlari, tarmoq va hudud rahbarlari axborot berdi.

Mavzuga oid
Top