O‘zbekiston | 17:29 / 08.02.2024
15942
4 daqiqa o‘qiladi

Minerva City’ni qurishga ajratilgan yer shahar hokimligi balansiga qaytarildi - Yangihayot tumani hokimi 

Tuman hokimi Hayot Inog‘omov Minerva City majmuasini qurish uchun ajratilgan 100 gektarlik hudud poytaxt hokimiyati balansiga o‘tganini, quruvchi hindistonlik tadbirkor ustidan sudda yutib chiqilganini, bu yerdagi uylar uchun pul to‘lab qo‘yganlarning aksariyatiga pullar qaytarilganini ma’lum qildi. Gazeta.uzʼning xabar berishicha, hokim majmua o‘rnida boshqa turar joy qurilishi rejalashtirilganini aytgan.  

Foto: Minerva City

Toshkent shahri hokimligi Yangihayot tumanida qurilishi boshlanib, keyinroq ishi to‘xtab qolgan Minerva City majmuasini qurayotgan hindistonlik tadbirkor ustidan sudda yutib chiqqani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Gazeta.uz xabar berdi.  

Yangihayot tumani hokimi Hayot Inog‘omovga ko‘ra, 29 yanvarda oxirgi sud ishi bo‘lib, unda hokimlik yutib chiqqan. Shu bilan [hududni tadbirkorga qurilish uchun ajratish to‘g‘risidagi] qaror bekor qilinib, 100 gektarlik yer davlatga, ya’ni Toshkent shahar hokimligi balansiga o‘tkazilgan.  

“Undan keyin ular yana apellyatsiyaga berishdi. Hozir biz shu apellyatsiyani kutyapmiz. Lekin apellyatsiya shikoyatini o‘qib chiqsak, huquqiy tomondan yutadigan vajlarni ko‘rsatishmagan. Yaqin 15 kunda sudning oxirgi qarori bizga hal bo‘ladi. Yer davlatga o‘zi qaytib bo‘lgan, apellyatsiya arizasi berilgani uchun sud uni qayta ko‘rib chiqmoqda”, – degan Inog‘omov. 

Qo‘shimcha qilinishicha, uy uchun to‘lov qilgan 6 nafar fuqarodan tashqari qolgan hammaga kompaniyaning o‘zi pulni qaytarib bergan. Ular rozi bo‘lib, o‘sha to‘langan pulni olib chiqib ketgan. 6 kishi esa istamagan.  

“Ular sudda ham ishtirok etib, [kompaniya bilan] boshqa loyiha qilamiz degan ma’noda tadbirkor bilan o‘zi gaplashib oldi. Ularning davlatdan da’vosi yo‘q”, – deyiladi hokimning keltirilgan gaplaridan. 

Ma’lum bo‘lishicha, 100 gektarlik davlatga qaytgan maydonda boshqa turar joy majmuasi barpo qilinadi. Uning yonida oliygoh qad rostlashi mumkin. Inog‘omov bu katta hudud Xitoyga bo‘lgan safar davomida investorlarga ko‘rsatilganini aytarkan, xaridorlar ko‘p bo‘lganini ta’kidlagan.  

“Unga pul tikaman degan investor bor. Taxminan 96−100 gektar joyda uy-joy bo‘ladi. 35−40 ming fuqaro yashaydigan xonadonlar tushishi reja qilinmoqda. Uning ichida barcha xizmat ko‘rsatish obektlari bo‘ladi. Hali u darajaga yetmagan bo‘lsak ham, uning yoniga bir universitet olib kelmoqchimiz. Bizning tumanda ham bitta oliygoh bo‘lsa, tumanda ziyolilar soni ko‘payadi”, – degan tuman hokimi. 

Shuningdek, tuman hokimi qurilishi reja qilingan oliygoh xususiy yoki davlatniki bo‘lishini, lekin bu Iqtisodiyot yoki moliya universiteti emasligini aytgan. Avvalroq Chilonzor tumanidagi Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Sergeli tumaniga ko‘chirilishi ehtimoli borligi haqida xabarlar tarqalgandi

Eslatib o‘tamiz, MJ Developers kompaniyasi rahbari hindistonlik investor bilan bo‘lgan mojaro 2022 yil noyabr oylarida boshlanib, butun jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgandi. U Kun.uzʼga bergan intervyusida yirik investitsion loyihani amalga oshirish uning kompaniyasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi o‘rtasida tuzilgan uch tomonlama shartnoma asosida boshlanganini aytib, Minerva City uchun ajratilgan yerning olib qo‘yilishini sobiq hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevning talabini bajarishdan bosh tortgani bilan bog‘lab tushuntirgan edi. 

Toshkent shahar hokimligi Murari Lal Jalanning so‘zlariga munosabat bildirib, hokimlik investorning so‘zlarini davlat xizmatchisini obro‘sizlantirish deb hisoblashi va Bosh prokuraturaga murojaat qilinishini ma’lum qilgan

2023 yil yanvar oyida esa Jahongir Ortiqxo‘jayevning bosh prokurorga yo‘llagan shikoyatini ko‘rib chiqish muddati yana bir oyga uzaytirilgani, Bosh vazir ko‘rsatmasi bilan MJ Developers va poytaxt hokimligi o‘rtasidagi investitsiyaviy nizo maxsus ishchi guruhi tomonidan o‘rganilishi qayd etildi.

Mavzuga oid