Toshkentdagi “Minerva city” va “Lake city” loyihalari investori – “MJ Developers” kompaniyasi asoschisi Murari Lal Jalan oldinroq Kun.uz'ga intervyu berib, loyihalarni amalga oshirish uchun ajratilgan hududning olib qo‘yilishini Toshkent shahar hokimining talabini bajarmagani bilan bog‘lagandi. Shahar hokimligi bunga munosabat bildirib, uning so‘zlarini davlat xizmatchisini obro‘sizlantirish deb hisoblashi va Bosh prokuraturaga murojaat qilinishini ma’lum qilgandi.

Hind investori ustidan kiritilgan shikoyat bo‘yicha Bosh prokuratura o‘tkazgan tekshiruv davom etmoqda. Kun.uz muxbiri “MJ Developers” kompaniyasi bilan bog‘lanib, tekshiruv jarayoni haqida suhbatlashdi.

Muxbir savollariga “MJ Developers” kompaniyasi menejyeri Beruniy Alimov javob berdi.

— 28 noyabrda Kun.uz'da “Minerva city” loyihasining investori bilan suhbat e’lon qilindi. Ayting-chi, ko‘plab shov-shuvlarga sabab bo‘lgan mazkur intervyu “MJ Developers” kompaniyasi va uning rahbari Murari Lal Jalanning O‘zbekistondagi faoliyati, amalga oshirayotgan va oshmayotgan loyihalariga ta’sir qildimi?

— “MJ Developers” kompaniyasining asoschisi Murari Lal Jalan bergan intervyu nafaqat O‘zbekiston, balki xorijdagi jamoatchilik vakillari, qolaversa, ishbilarmon doiralarining diqqat-markazida bo‘ldi.

Intervyuda ko‘tarilgan kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyati bilan bog‘liq qator murakkab masalalar taniqli iqtisodchi ekspertlarning va huquqshunoslarning ham turli xil munosabatlariga sabab bo‘ldi. Va o‘sha intervyuda ta’kidlanganidek, Buxoro va Namangan viloyatidagi loyihalar hech qanday to‘siqlarsiz davom etmoqda. Faqatgina, hammamizga ma’lumki, Toshkentdagi ikkita loyiha – “Minerva city” va “Lake city” to‘xtab qolgan.

— Toshkent shahar hokimiyati intervyuni “davlat xizmatchisini obro‘sizlantirishga qaratilgan harakat” deya baholadi. Bu bo‘yicha Bosh prokuraturaga shikoyat kiritildi. Prokuraturadagi tekshirish jarayonlari qanday kechdi? Ular nimalarni tekshirishdi va tekshiruv natijasi nima bilan tugadi?

— Darhaqiqat, intervyudan keyin Toshkent shahar hokimiyati tomonidan Bosh prokuraturaga murojaat qilingandi. Bunday vaziyatda ko‘pchilikning xayoliga bir narsa kelgandi: endi investorga bosim o‘tkaziladi. Ya’ni kompaniya faoliyati bilan bog‘liq turli kamchilik va nuqsonlarni izlash, xususan, investorga nisbatan tekshiruvlar, turli qidiruv ishlari boshlanadi, qandaydir ayblovlar qo‘yiladi, kompaniya bosim ostida qoladi, degan xavotirli o‘y-fikrlar yuzaga keldi. Albatta, bu kabi fikrlar nafaqat Kun.uz o‘quvchilarida, balki keng jamoatchilik vakillarida, kompaniya rahbariyati va ishchilarida ham kuzatila boshlangan edi.