O‘zbekiston | 18:57 / 26.01.2021
10106
3 daqiqa o‘qiladi

Vazir maktablar hududi va mulkining hokimlar tomonidan tadbirkorlarga berib yuborilayotgani bo‘yicha Senatdan yordam so‘radi

Sherzod Shermatov maktablar hududi va mulkining hokimlar tomonidan tadbirkorlarga berib yuborilayotgani va maktablarga yetib borgan internet to‘lovi uchun mahalliy budjetdan mablag‘ ajratish bo‘yicha Senatdan yordam so‘radi.

26 yanvar kuni Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining majlisi o‘tkazildi.

Unda «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunning umumiy o‘rta ta'limga oid qismi ijrosi yuzasidan axborot bergan xalq ta'limi vaziri yana bir qator masalalar bo‘yicha Senatdan yordam so‘radi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Xalq ta'limi muassasalari hududi va ko‘chmas mulki butunligini hamda daxlsizligini ta'minlash kerak. Ba'zi hududlarda hokimlar tomonidan maktab hududi yoki binosini tadbirkorga berib yuborish holatlari kuzatilyapti. Bunday holatlarning oldini olishda, ya'ni hokimlarning qarorlari qonuniyligini tekshirishda Senatning nazorati zarur bo‘ladi», – dedi Sherzod Shermatov.

Vazirga ko‘ra, maktabga bu borada yordam qilish yo‘llari ham bor.

«Masalan, Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 243-sonli maktabning 0,6 ga hududi tadbirkorga berildi va tadbirkor tomonidan maktabning bo‘sh yer uchastkasiga 1200 o‘rinli qo‘shimcha bino qurib berdi. Shunga o‘xshagan takliflar bo‘lsa, albatta, buni yo‘lga qo‘yishimiz kerak», – ta'kidladi Shermatov.

Sherzod Shermatovning aytishicha, 2021 yilda Axborot texnologiyalari vazirligi respublikadagi barcha maktablarga yuqori tezlikdagi internet tarmog‘ini olib boradi. Lekin internetdan foydalanish xizmatlariga mablag‘ ajratilmasa, bu islohotlar foyda bermaydi.

«Prezident qaroriga muvofiq, 2021 yil yanvar oyidan boshlab mahalliy budjet xarajatlar smetasini shakllantirishda umumta'lim muassasalarining Internetdan foydalanish xizmatlari (“Education” tarif rejasi) uchun mablag‘lar ajratilishi va markazlashgan holda mahalliy budjetdan to‘lab borilishi belgilangan.

Shuning uchun Sizdan mahalliy budjet shakllantirilishi hamda ijrosi nazorat qilinishi jarayonida shu masalani alohida nazoratga olib berishingizni so‘raymiz», – dedi Xalq ta'limi vaziri.

Mavzuga oid