Jamiyat | 23:09 / 02.03.2017
42285
2 daqiqa o‘qiladi

Islom dini 2070 yildan keyin eng mashhur dinga aylanadi

Pew Research Centre'ning so‘nggi tahlillariga ko‘ra, yuz yillik oxiriga yaqin islom dunyodagi eng mashhur dinga aylanishi kutilmoqda. Bu haqida DailySabah nashrida xabar berildi.

"Haqiqatdan ham, agar hozirgi demografik tendensiyalar saqlanib qoladigan bo‘lsa, yuz yillik oxiriga borib musulmonlar soni nasroniylar sonidan oshib ketadi", - deyiladi tahlil matnida.

Tadqiqot islom dini dunyoning boshqa dinlariga qaraganda tezkor sur'atlarda o‘sib borayotganini ko‘rsatgan, nasroniy aholi sonining o‘sishi esa turg‘un holatda ekani qayd etilgan.

Musulmonlarning ko‘payishi nisbatan yosh aholi va tug‘ilish ko‘rsatkichlarining yuqoriligi bilan bog‘liq.

Manbaga ko‘ra, har bir musulmon ayol o‘rtacha 3,1 farzandga ega. Boshqa dinga e'tiqod qiluvchilarning barchasini qo‘shganda esa bu ko‘rsatkich 2,3 nafarni tashkil qiladi.

Pew tahlillarida ta'kidlanishicha, 2010-2050 yillar oralig‘ida musulmon aholi soni 73 foizga (1,6 milliarddan 2,8 milliardga) o‘sadi. Nasroniylar soni esa 2050 yilga qadar atigi 35 foizga (2,1 milliarddan 2,9 milliardgacha) o‘sishi taxmin qilinmoqda. Shu bois 2070 yilga borib raqamlar islom dini foydasiga bo‘lishi ayon ekanligi qayd etilgan.

Pew'ning baholashicha, kelasi bir necha o‘n yillar davomida hech bir dinga e'tiqod qilmaydigan kishilar soni kamayadi.

Buddaga ishonuvchilar soni taxminan 2010 yildagi ko‘rsatkichga teng bo‘ladi. Induizmga e'tiqod qiluvchilar va yahudiy xalqi soni bugungidan ko‘p bo‘ladi.

Yevropada musulmonlar migratsiyasi oshib borar ekan, 2050 yilga borib u yerda islom diniga e'tiqod qiluvchilar aholi umumiy sonining 10 foizini tashkil qiladi.

AQShda ham nasroniylar soni kamayishi taxmin qilinmoqda, 2050 yilga borib u yerda yahudiylardan musulmonlar ko‘p bo‘lishi qayd etilgan.

Mavzuga oid