O‘zbekiston | 10:32 / 28.01.2021
19589
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston korrupsiya bo‘yicha xalqaro reytingda 180 davlat orasida 146-o‘rinni egalladi

Transparency International 2020 yilgi Korrupsiyani qabul qilish indeksini e'lon qildi.

Transparency International korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro nodavlat tashkiloti Korrupsiyani qabul qilish indeksining 2020 yil reytingini ishlab chiqdi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston reytingda o‘z o‘rnini 7 pog‘onaga o‘zgartirib, 180 davlat orasida 146-o‘rinni egalladi (2019 yilda 153-o‘rin). 

Korrupsiyani qabul qilish indeksi davlat sektorida korrupsiya darajasi bo‘yicha ekspertlar va tadbirkorlar baholari asosida 0dan (korrupsiyani qabul qilishda eng yuqori ko‘rsatkich) 100ga qadar (eng past) shkala bo‘yicha hisob-kitob qilinadi.

Shu bilan bir qatorda, reytingda O‘zbekiston 26 ballni qayd etdi.

Korrupsiyani qabul qilish indeksi davlat sektorida korrupsiya darajasini aks ettirib, uni ishlab chiqishda qator manbalardan, shu jumladan, ekspertlar baholari va ishbilarmon doiralar vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalardan foydalaniladi.

Reytingda 88 ball bilan Daniya va Yangi Zelandiya yetakchilikni qo‘lga kiritdi. Top-10 reytingdan Finlandiya, Singapur, Shvetsiya va Shveytsariya (85 balldan), Norvegiya (84), Niderlandiya (82), Germaniya va Lyuksemburg (80dan) ham joy oldi. 

Eng yomon ko‘rsatkichni Somali, Janubiy Sudan (12 balldan), Suriya, (14 ball), Yaman va Venesuela (15 balldan) qayd etdi.

Mavzuga oid