O‘zbekiston | 11:44 / 28.07.2021
13480
3 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlar prezidentga eng ko‘p qaysi mavzuda murojaat yo‘llamoqda? Vazirlik vakili javob berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazishi va bu uchrashuvdan avval 20-31 iyul kunlari 11 kun davomida butun O‘zbekiston bo‘ylab tadbirkorlar o‘z sohasini rivojlantirish bo‘yicha takliflarini prezidentga yetkazishi mumkinligi aytilgan edi. Xo‘sh, tadbirkorlar prezidentga qanday mavzularda murojaat qilishmoqda?

Avgust oyining birinchi yarmida O‘zbekiston prezidenti bilan tadbirkorlar uchrashuvi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Muloqot oldidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan tadbirkorlar murojaatlarini qabul qilish va ularni qiynayotgan muammolarga yechim topish bo‘yicha shtab hamda koll-markaz tashkil etildi.

Vazirlik bosh mutaxassisi Dadaxon Jumaniyozovning aytishicha, 20 iyuldan 31 iyulgacha faoliyat yuritishi belgilangan mazkur tuzilmalarga ayni paytgacha 5 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan.

«Davlatimiz rahbarining tadbirkor va ishbilarmonlar bilan uchrashuvi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan Investitsiya va tashqi savdo vazirligi tomonidan 70 ga yaqin xodim faoliyat yuritayotgan shtab va koll-markaz tashqil qilindi. Bunda vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari vakillari 24 soat davomida tadbirkorlardan kelayotgan murojaatlarni qabul qilib, ularga yechim topishda ko‘maklashmoqda. Shtabda har bir vakil o‘ziga tegishli murojaatni joyiga yuborib, uning ijrosi yuzasidan nazorat o‘rnatadi.

Murojaatlarning ko‘p qismi yer, kadastr, tijorat banklaridan kredit olish masalalari bo‘yicha bo‘lmoqda. Koll-markaz 24 soat davomida faoliyat yuritmoqda. Tadbirkorlar telefon va internet tarmoqlari orqali bemalol murojaat qilishlari mumkin», deydi vazirlik vakili.

Ma'lum qilinishicha, ayni paytgacha biznesni moliyalashtirish, kreditlash va subsidiyalash bilan bog‘liq 2 ming 203 ta, yer, bo‘sh bino va inshootlar ajratish bilan bog‘liq 994 ta, turli ruxsatnoma va sertifikatlar olish bilan bog‘liq 200 ta murojaat kelib tushgan.

Hududlar kesimida murojaatlar soni yuqoriligi bo‘yicha Toshkent viloyati (495 ta murojaat), Toshkent shahri (463 ta murojaat) va Andijon viloyati (461 ta murojaat) yetakchilik qilmoqda.

Mavzuga oid