O‘zbekiston | 14:37 / 18.11.2024
3765
3 daqiqa o‘qiladi

Budjet xarajatlari ustidan parlament nazorati deyarli sezilmayapti - prezident

Shavkat Mirziyoyev yangi saylangan deputatlarni vazirlik va idoralarning xarajatlari ustidan kuchliroq nazorat o‘rnatishga chaqirdi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, deputatlar quruq gap va populizmdan yiroq bo‘lishi kerak. Qonunlarni Jahon savdo tashkiloti qoidalariga to‘liq moslashtirish bo‘yicha parlament komissiyasi tuzilmoqda. Komissiya bir yil ichida ishni yakunlashi kerak.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan va aniq ijro mexanizmlariga ega qonunlar ulushi kamligicha qolmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Qonunchilik palatasining yangi chaqiriqdagi ilk yalpi majlisida aytib o‘tdi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, parlament nazorati to‘laqonli ta’sirchan institutga aylandi, deb hozircha aytib bo‘lmaydi. Parlament va deputatlik nazorati ijtimoiy soha bilan cheklanib qolmoqda.

Yangilangan Konstitutsiyaga ko‘ra, Davlat budjeti ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatiga kiradi. Bu muhim vakolat deputatlar zimmasiga katta mas’uliyat ham yuklaydi.

Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, Hukumatning davlat budjetiga doir barcha hisobotlarini palataga faqat Budjet kodeksida belgilangan audit xulosasi bilan birgalikda kiritish amaliyotiga o‘tish kerak.

Hozirgi vaqtda birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning xarajatlari ustidan parlament nazorati deyarli sezilmayotgani, yangi saylangan deputatlar ushbu masalaga alohida yondashishlari zarurligi qayd etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Quyi palatadagi 12 ta qo‘mita o‘rnida 10 ta yangilangan qo‘mita tashkil qilindi. Davlat budjeti ijrosini nazorat qilishda parlament qo‘mitalari rolini oshirish ham muhim ahamiyatga ega.

Endi palatadagi qo‘mitalar a’zolari bilim va tajribasini tinimsiz oshirib, mas’uliyatni chuqur his etib, yanada ko‘proq mehnat qilishlari lozimligi, puxta bilim, professional malaka, yuksak fazilat va tafakkurga ega bo‘lgan deputatgina quruq gap va populizmdan yiroq bo‘lishi ko‘rsatib o‘tildi.

Har bir qo‘mita qoshida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat jamoatchilik kengashlari tuzilsa, yaxshi samara berishga ishonch bildirildi.

Shavkat Mirziyoyev Qonunchilik palatasida qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtirish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish masalalari bo‘yicha parlament komissiyalari tashkil etishni taklif qildi.

Yangi tuzilayotgan parlament komissiyasi tashabbusni qo‘lga olib, O‘zbekiston qonunlarini Jahon savdo tashkiloti qoidalariga to‘liq moslashtirishni kelgusi yilda yakuniga yetkazishiga ishonch bildirildi.

Mavzuga oid