Jahon | 11:33 / 10.05.2026
10953
5 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiyning «ruxsati» va KXDR harbiylari. Moskvadagi harbiy parad qanday o‘tdi?

Har tomonlama qisqartirilgan paradda «operativ vaziyat» tufayli harbiy texnikalar ishtirok etmadi, shu bilan birga, 9 may kuni Tramp vositachiligida tuzilgan vaqtinchalik sulhga amal qilindi.

Vladimir Smirnov / TASS / Profimedia

Shanba kuni tongida Moskvadagi Qizil maydonda Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 81 yilligiga bag‘ishlangan harbiy parad o‘tkazildi.

Ukrainadagi urush boshlanganidan buyon ilk bor bu yilgi paradga harbiy texnikalar olib kelinmadi. «Qirqilgan format»ni Kremldagilar Ukraina tomonidan hujum xavfi, shuningdek, bu yilgisi yubiley parad emasligi bilan izohlashgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa shanba kuni kechqurun jurnalistlar bilan muloqotida bu safargi parad harbiylar o‘z kuchlarini «maxsus harbiy amaliyot»ga hamda «raqibni tor-mor etish»ga qaratishi kerakligi sababli ham shunday formatda o‘tkazilganini aytdi.

9 may kuni Moskvada mobil internet to‘liq o‘chirildi, shuningdek, blokirovka davrida ham «oq ro‘yxat» asosida ishlashi mumkin bo‘lgan resurslar faoliyati to‘xtatildi.

Sulh oldidan Rossiya agar Kiyev paradni «barbod qilish»ga urinadigan bo‘lsa, bunga javoban rossiyalik harbiylar Ukraina poytaxti bo‘ylab raketalar orqali yopirilma zarba berishidan ogohlantirdi.

Kristina Soloveva / RIA Novosti / Profimedia

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa 8 may kungi chiqishlarida parad vaqtida Moskva bo‘ylab zarba berishi haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri gapirmagan bo‘lsa-da, Rossiya rahbariyati Qizil maydon ustidagi Ukraina dronlaridan «qo‘rqayotgani»ni aytgandi.

AQSh, Rossiya va Ukraina uch kunlik sulh haqida e’lon qilganidan so‘ng, Zelenskiy parad o‘tkazishga «ruxsat bergani»ni ma’lum qildi: u tomonidan imzolangan farmonda to‘g‘ridan to‘g‘ri shu haqda gap ketgan va parad vaqtida Qizil maydonga hujum qilmaslikka va’da berilgan, hududning koordinatalari aniq qilib ko‘rsatilgandi.

Putin paraddagi chiqishida tarix haqida ko‘p gapirdi va yana bir bor Rossiya Ukrainaga qarshi urushda g‘alaba qozonishini aytdi, uni odatdagidek «maxsus harbiy amaliyot» deb atadi.

TASS / ZUMA Press / Scanpix / LETA

«G‘olib avlodning buyuk jasorati bugun maxsus harbiy amaliyotdagi vazifalarni bajarayotgan jangchilarni ilhomlantirmoqda. Ular butun NATO bloki tomonidan qurollantirilayotgan va qo‘llab-quvvatlanayotgan tajovuzkor kuchga qarshi turmoqda», – dedi u.

Putinning Qizil maydondagi nutqidan so‘ng, Rossiya harbiy texnikalari namoyish etildi – ammo faqat videoroliklar orqali.

Paradda Shimoliy Koreyadan kelgan harbiy xizmatchilar ham ishtirok etdi.

Yuriy Kochetkov / RIA Novosti / Profimedia

Shimoliy Koreya harbiylari marsh qilib o‘tayotganda suxandon Koreya xalq armiyasi jangchilari «Kursk oblastini neonatsist bosqinchilardan ozod qilish»da katta hissa qo‘shganini e’lon qildi.

Vladimir Smirnov / TASS / Profimedia
Aleksandr Shcherbak / RIA Novosti / Sputnik / Scanpix / LETA
Maxim Shipenkov / EPA / Scanpix / LETA

Rossiya davlat nashrlari xabar berishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin parad otryadi qo‘mondoni, katta polkovnik Che Yun Xun bilan suhbatlashgan va shimoliy koreyalik harbiylarning qo‘lini siqib qo‘ygan.

Ma’lumot uchun, 2024 yil avgustida Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning Kursk oblastiga bostirib kirganida, Shimoliy Koreya hukumati yordam sifatida 11 ming askarini yuborgandi. OAVdagi ma’lumotlarga ko‘ra, bir necha oylik harbiy harakatlarda shimoliy koreyaliklar qo‘shini yo‘qotishlari soni besh mingdan ortiqni tashkil etgan, shundan kamida 2300 nafari halok bo‘lgan.

Aleksandr Shcherbak / TASS / Profimedia

Paradni Putin bilan birga Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Laos prezidenti Txonglun Sisulit, Malayziya qiroli Ibrohim Ismoil va belaruslik Aleksandr Lukashenko kuzatib bordi.

Valeriy Sharifulin / TASS / ZUMA Press / Scanpix / LETA
Yekaterina Shtukina / RIA Novosti / Profimedia
Igor Ivanko / AFP / Scanpix / LETA

Moskvaga Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso ham kelgandi, biroq u Qizil maydondagi paradga bormay, Aleksandr bog‘idagi Noma’lum askar qabriga gulchambar qo‘yish bilan cheklandi.

Rimil Sitdikov / AP / Scanpix / LETA
Gariil Grigorov / AFP / Scanpix / LETA
Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid