18:51 / 24.06.2024
14735

Farg‘onada sog‘lom odam ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirildi

Bu ish IIB profilaktika inspektori va mahalla vakillari hamkorligida qilingan. 3 kun davom etgan tibbiy ko‘rikdan so‘ng sog‘lom bo‘lgani sababli fuqaroga javob berib yuborilgan. Ishni Ombudsman o‘rgangach, fuqaroni uning roziligisiz tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan shifokorga hayfsan berilgan.

Illyustrativ foto

Farg‘onada sog‘lom odam ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirildi. Bu haqda Ombudsman xabar bermoqda.  

Ma’lum qilinishicha, Ombudsmanga fuqaro B.N. uning roziligisiz ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgani va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganligi bo‘yicha mas’ullarga chora ko‘rilishini so‘rab murojaat qilgan. Murojaatga ko‘ra, fuqaro B.N. tuman IIB profilaktika inspektori va mahalla vakillari bilan hamkorlikda qonunga zid ravishda Qo‘qon shahrida joylashgan viloyat 2-sonli ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan.

Murojaat nazoratga olinib, holat Ombudsmanning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga chiqib o‘rganilgan. Vakil fuqaro B.N. bilan uchrashganda, u ruhiy kasalliklar shifoxonasiga ko‘rikdan o‘tkazish uchun joylashtirilishida rozilik xatiga imzo qo‘ymagani, shunga qaramasdan uni shifoxonaga joylashtirishgani va 3 kun davomida ko‘rikdan o‘tkazishgani hamda sog‘lom bo‘lgani sababli javob berib yuborishganini ma’lum qilgan.

O‘tkazilgan o‘rganish davomida fuqaroning so‘zlari tasdiqlangan. Ya’ni shifoxona qabulxonasida davolanishi uchun olingan rozilik tilxatida uning imzosi bo‘lmagani, shunga qaramasdan uning ruhiy holatini tekshirish uchun qabul qilgan vrach A.Jo‘rayev tomonidan shifoxonaga joylashtirilib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgani aniqlangan. 

“O‘rganish jarayonida “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi qonunining 24-moddasi 2-qismida psixiatriya tekshiruvi tekshirilayotgan shaxsning ma’lumotlarni bilgan xolda tekshiruv o‘tkazilishiga ixtiyoriy roziligi mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshirilishi talablari buzilgani ma’lum bo‘ldi. Shundan so‘ng, qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortish va bu kabi holatlar boshqa takrorlanmasligi uchun tegishli choralarni ko‘rish bo‘yicha Farg‘ona viloyat 2-sonli ruhiy kasalliklar shifoxonasiga Ombudsman xulosasi kiritildi”, deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, shifoxonaning navbatchi vrach-psixiatri A.Jo‘rayevga o‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondashgani uchun hayfsan berilgan.

Mavzuga oid
Top