O‘zbekiston | 09:07 / 15.04.2026
3565
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident madaniyat va san’at sohasi xodimlarini bayram bilan tabrikladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 aprel - Madaniyat va san’at sohasi xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga bayram tabrigi yo‘lladi. Davlat rahbari madaniyat va san’at ahlining jamiyat ma’naviy hayoti, milliy qadriyatlarni asrash va yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident o‘z tabrigida san’at ustalari, ijodkorlar, yosh ijrochilar va barcha soha xodimlariga fidokorona mehnati uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Uning qayd etishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda madaniyat va san’at tizimini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, sohaning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda.

Murojaatda teatr, kino, muzey va madaniy tadbirlar sifati izchil yaxshilanib borayotgani, aholiga ko‘rsatilayotgan madaniy xizmatlar ko‘lami kengayayotgani alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, zamonaviy boshqaruv mexanizmlari joriy etilayotgani, davlat-xususiy sheriklik asosida yangi ijodiy loyihalar amalga oshirilayotgani, raqamli texnologiyalar va ilg‘or tajribalar madaniyat muassasalari faoliyatiga tatbiq etilayotgani qayd etildi.

Prezident keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi yillarda mamlakatda 2 ta teatr, 19 ta madaniyat markazi, 16 ta muzey, 20 ta musiqa va san’at maktabi, shuningdek, ushbu yo‘nalishda 5 ta oliygoh tashkil etildi. Ko‘plab muassasalar zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanib, 125 ta tarixiy-madaniy meros obektida asrash va tiklash ishlari amalga oshirildi.

Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili tasviriy va amaliy san’at sohasini rivojlantirish bo‘yicha alohida qaror qabul qilinganini, Toshkent shahrida O‘zbekiston Milliy muzeyi binosi qurilishi boshlanganini ham eslatdi. Uning ta’kidlashicha, joriy yilda Markaziy ko‘rgazmalar zali, Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi fondi binosi va Pavel Benkov nomidagi rassomlik maktabida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilib, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘riladi.

Tabrikda madaniy diplomatiya masalasiga ham alohida urg‘u berildi. Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston nufuzli xalqaro forumlar, tanlovlar, festivallar va madaniyat kunlari orqali jahon madaniy maydonida tobora faol ishtirok etmoqda. Jumladan, Samarqand shahrida YuNeSKO Bosh konferensiyasining sessiyasi, Buxoroda Birinchi xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi, Nukusda Orol madaniyati sammiti, Xorazmda Turkiy dunyo madaniyat forumi va Toshkentda Markaziy Osiyo hamda Ozarboyjon madaniyat vazirlarining birinchi uchrashuvi yuqori saviyada tashkil etilgani tilga olindi.

Shuningdek, davlat rahbari o‘zbekistonlik san’atkorlarning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganini ta’kidladi. Xususan, Avstriyaning Zalsburg shahridagi mashhur sahnada O‘zbekiston Milliy baleti tomonidan “Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi” baleti namoyish etilgani, 9 aprel kuni esa Musikverein sahnasida Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan musiqali opera asari taqdimoti o‘tkazilgani buning amaliy ifodasi sifatida qayd etildi.

Prezident milliy kino san’atini rivojlantirish, ayniqsa, “Tirik tarix” turkumi doirasida g‘oyaviy va badiiy yetuk asarlar yaratish bo‘yicha ishlar ham dastlabki natijalarni berayotganini bildirdi. Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yili davlat buyurtmasi asosida 123 ta kinofilm tayyorlanib, tomoshabinlarga taqdim etilgan.

Murojaatda madaniyat va san’at sohasi xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ham sanab o‘tildi. Xususan, o‘tgan yilning o‘zida sohada uzoq yillardan buyon mehnat qilib kelayotgan 35 nafar xodim uy-joy bilan ta’minlangan, madaniyat muassasalari xodimlarining ish haqi o‘rtacha 35 foizga oshirilgan. Shuningdek, dramaturglar uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy, yosh rejissyorlar uchun Bahodir Yo‘ldoshev, yosh xonandalar uchun Botir Zokirov nomidagi mukofotlar hamda mahalliy va xorijiy ijodkorlar uchun “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti ta’sis etilgani eslatildi.

Davlat rahbari bugungi kunda madaniyat va san’at sohasini nafaqat ma’naviy tarbiya vositasi, balki kreativ iqtisodiyotning muhim tarmog‘i sifatida rivojlantirish dolzarb vazifaga aylanganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ijodiy industriyani qo‘llab-quvvatlash, madaniy xizmatlar bozorini taraqqiy ettirish va san’at mahsulotlari eksportini kengaytirish maqsadida yangi Kreativ industriya parki tashkil etilmoqda. Shu bilan birga, 2030 yilgacha kreativ iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 5 foizga yetkazish rejasi belgilangan.

Tabrik yakunida prezident madaniyat va san’at sohasi vakillarining bilim, tajriba va ijodiy salohiyati milliy madaniyatni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi. Shuningdek, u barcha soha xodimlarini kasb bayrami bilan yana bir bor muborakbod etib, mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, yangi ijodiy yutuqlar, xonadonlariga tinchlik va fayz-u baraka tiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid