O‘zbekiston | 13:06 / 13.05.2021
22536
6 daqiqa o‘qiladi

«Endi o‘zbek tili ham chet tili sifatida o‘qitiladi» – Ta'lim markazi direktori muhokamadagi mavzu yuzasidan tushuntirish berdi

11 may kuni Respublika ta'lim markazi axborot xizmati va unga tayangan holda qator internet saytlar «Endi o‘zbek tili ham chet tili sifatida o‘qitiladi» sarlavhali xabar e'lon qildi. Xabar e'lon qilinishi bilan muloqot tarmoqlarida faol muhokama mavzusiga aylandi.

«Bu bilan davlat tilining qadrini tushirishadi», «Nahotki, o‘zbek tili endi o‘z yurtimizda chet tillari safiga kiritiladi», – deb yozdi yangilikdan norozi qator foydalanuvchilar.

Xo‘sh, ta'lim tili o‘zga tilda bo‘lgan sinflarda davlat tili — o‘zbek tili chet tili kabi o‘rgatilishi aslida nimani anglatadi? Bu haqiqatda o‘zbek tili qadrini tushiradimi?

Kun.uz muxbiri shu kabi savollar yuzasidan Respublika ta'lim markazi rahbari Shuhrat Sattorov bilan intervyu uyushtirdi.

Til o‘qitishning bu yondashuvida asosiy e'tibor o‘quvchining nutqiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratiladi.

Bu o‘zgarishlarda asosiy mohiyat metodik yondashuv haqida ketmoqda. Ya'ni o‘zbek tili ona tili bo‘lmagan o‘quvchiga tilni o‘rgatishda chet tilini o‘qitish metodikasi asos qilib olinadi. Bu normal, butun dunyoda qabul qilingan va o‘zini oqlagan yondashuv. Misol uchun, AQSh va Buyuk Britaniyada «ESL — English as a Second Language» dasturi bor, ingliz tili ona tili bo‘lmagan o‘quvchilarga ingliz tili shu yondashuv asosida o‘qitiladi.

Tilni o‘rganishda dunyoda ikki xil yo‘ldan boriladi:

     1) Ona tilini o‘qitish;

     2) Chet tilini o‘qitish.

Bu amaliyot asosida O‘zbekistonda ham milliy til sifatida «Ona tili», o‘zga millat vakillari uchun esa «o‘zbek tili» fanini o‘qitish joriy qilingan. Bunda «Ona tili»ni o‘qitishda, asosan, grammatikaga urg‘u qaratilsa, o‘zga tillilarga davlat tilini o‘qitishda «ikkinchi tilni o‘qitish metodologiyasi» asos qilib olinadi.

Bunda ikkinchi tilga chet tili sifatida qaraladi. Ikkinchi til (ya'ni ona tili bo‘lmagan til) chet tili o‘qitish metodikasi asosida o‘qitiladi, til materiali (leksika, grammatika) bosqichma-bosqich o‘quvchi ehtiyojini hisobga olgan holda kiritiladi.Til o‘qitishning bu yondashuvida asosiy e'tibor o‘quvchining nutqiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratiladi. Ya'ni bunda tilga oid chuqur nazariy bilimlar berilmaydi.

Yillar davomida O‘zbekiston maktablarida o‘zbek va rus tillarini o‘qitishda boshqa Yevropa tillaridan farqli ravishda, ona tilini o‘qitish metodologiyasidan foydalanib kelingan. Bu esa o‘rganuvchilarda ikkinchi til ko‘nikmalarining rivojlanmasligiga sabab bo‘lgan. Xususan, o‘zbek va qardosh tilli o‘quvchilar rus tilida, rus millati vakillari esa o‘zbek tilida so‘zlasha olmasliklari fikrimizga isbot bo‘ladi.

Yuqoridagilarni hisobga olib, ta'lim mazmunini yangilayotgan Milliy o‘quv dasturida o‘zga tilli sinflarda «O‘zbek tili»ni o‘qitishda «ikkinchi tilni o‘qitish metodologiyasi»dan foydalanildi. Ya'ni endi umumta'lim maktablarida «O‘zbek tili»ni o‘qitishda birinchi galda nutqiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga e'tibor qaratiladi.

O‘zbek tilini o‘zga tillilarga chet tili kabi o‘qitish usuli xalqaro til bilish ko‘nikmalarini baholash tizimi (CeFR)ga asoslangan.

Ya'ni 2021-2022 o‘quv yilidan 2-sinflarda joriy qilinayotgan dastur va uning asosida yaratilayotgan darsliklar o‘quvchilarga ikkinchi til (davlat tili)ni o‘rgatishda ularning muloqot qobiliyatini, og‘zaki va yozma nutqini rivojlantirish, lug‘at boyligini oshirish hamda ularni nutqiy vaziyatlarga tayyorlashga xizmat qiladi.

CEFR o‘qitish, o‘rganish va baholashning batafsil tavsifini berish orqali chet tilini samarali o‘rganishga yordam beradi. Shuningdek, u o‘quvchilarga o‘zlarini bir qator ko‘nikma va muloqot vazifalarini solishtirish orqali o‘rganish imkonini beradi.

1991 yildan boshlab CEFR til o‘qitishda ko‘pgina mamlakatlarda chet tillarini o‘qitishda ishlatib kelinayotgan tizimdir. Unda o‘quvchining til bilishi olti balli shkala bo‘yicha baholanadi – boshlang‘ich daraja (A1) dan, tilni to‘liq egallaganlikni anglatuvchi C2 darajagacha. Har bir daraja uchun o‘quvchining «qila olish» ko‘nikmalarini aniqlovchi deskriptorlar mavjud.

Til bilish darajalari har bir bosqichda o‘zlashtirilishi kerak bo‘lgan ko‘nikmalarni aniq ifodalaydi. Bu esa o‘rganuvchilarga vaqt va resurslarni natijaga erishish uchun eng samarali tarzda taqsimlashga yordam beradi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi: Otaxon Yusupov.

Mavzuga oid