Jamiyat | 19:05 / 09.02.2017
28853
6 daqiqa o‘qiladi

«Yagona darcha» markazi tadbirkorga qanday qulaylik taqdim etadi?

«Yagona darcha» markazlarida tadbirkorlik sub'yektlariga 16 turdagi davlat xizmati ko‘rsatilmoqda. Tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ularning injyenerlik kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishi, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, tashqi reklamani joylashtirish, turar joyni noturar joyga aylantirish kabi masalalar bir joyda hal bo‘ladi.

– Mamlakatimizda 194 “yagona darcha” markazi tashkil etilgan bo‘lib, ular aholiga qulay bo‘lgan joyda, barcha shart-sharoit yaratilgan holda ish yuritmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “yagona darcha” markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i No‘'mon Muhammadiyev. – Ularda tanlov asosida olingan oliy ma'lumotli mutaxassislar faoliyat ko‘rsatayotir. Markazlar barcha huquqiy axborotlar, qo‘llanmalar bilan ta'minlangan. O‘tgan yilda yuz mingdan ziyod tadbirkorlik sub'yektiga davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

Adliya vazirligi tomonidan kompyuter tizimi orqali markazlar bilan davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi idoralar o‘rtasidagi jarayonlar doimiy ravishda monitoring qilib borilgani, buning natijasida ayrim holatlarda davlat xizmatlarini ko‘rsatishning belgilangan muddat va tartiblariga rioya etilmayotgani shuni tasdiqlaydi. O‘tkazilgan o‘rganishlar va monitoringlar natijasida aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilgan ta'sir choralari natijasida 729 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan. Shundan 31 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. 570 nafar shaxsga sudning qaroriga asosan ma'muriy jazo belgilangan. Bu haqda O‘zA yozmoqda.

Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 1 fevraldagi "Tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori bilan tuman va shahar hokimliklari huzuridagi “yagona darcha” markazlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi. Bu “yagona darcha” markazlarini samarali boshqarish, ularning faoliyatini va boshqa davlat organlari bilan o‘zaro hamkorligini tashkil etishga nisbatan tizimli yondashuvni belgilash imkoniyatini beradi.

Banklar va kredit byurolari, ularning filiallari va vakolatxonalaridan tashqari barcha tadbirkorlik sub'yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish “yagona darcha” markazlari zimmasiga yuklatiladi. Bunday chora tadbirkorlik sub'yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning mavjud tarqoq tizimi o‘rniga yangi, yaxlit tizimni yaratishga qaratilgan.
Tadbirkorlik sub'yektlari o‘z faoliyatini boshlashi uchun turli davlat organlariga murojaat etishga majbur bo‘lmoqda. Lisenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish jarayonlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan zarur darajada foydalanilmayapti. Ko‘pchilik davlat xizmatlari, afsuski, hali ham an'anaviy usullarda, qog‘oz shaklida ko‘rsatilmoqda. Bularga barham berish maqsadida “Lisenziya” axborot tizimlari kompleksi yaratilib, 2017 yilning I choragida ishga tushiriladi.

Mazkur tizimda “yagona darcha” markazlari orqali davlat xizmatlari ko‘rsatadigan davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat beruvchi hujjatlar va litsenziyalar olish to‘g‘risidagi arizalarni qabul qilish, tadbirkorlik sub'yektlari uchun qulay shaklda ruxsatnoma va litsenziyalar olish tartibi va muddatlari haqidagi ma'lumotlardan masofadan turib foydalanish mumkin. Tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan ruxsatnoma va litsenziyalar olish to‘g‘risida elektron shaklda ariza berish imkoniyatini yaratgan holda tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish va litsenziyalash tartib-taomillari avtomatlashtiriladi.

Tadbirkorlik sub'yektlariga “yagona darcha” markazlari orqali ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari bo‘yicha qayerda va qay tarzda murojaat qilganidan qat'i nazar, ruxsatnoma va litsenziyalar olish to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqishning borishi va natijasini kuzatish hamda ruxsatnoma va litsenziyalar reyestrlaridan ma'lumot olish imkoniyati yaratiladi. To‘xtatib qo‘yilgan, qayta tiklangan, qayta rasmiylashtirilgan, bekor qilingan, shuningdek, amal qilishi tugatilgan ruxsatnoma va litsenziyalar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni “Lisenziya” axborot tizimlari kompleksi doirasida olish imkoniyati yaratiladi. Shu yo‘l bilan “yagona darcha” markazlari orqali qog‘oz shaklida beriladigan maxsus blankalardagi ruxsatnoma va litsenziyalarni majburiy rasmiylashtirish talabi 2018 yil 1 yanvardan boshlab bekor qilinadi.

Ana shunday ijobiy amaliyotni yanada kengaytirish maqsadida qarorda talab eng yuqori bo‘lgan qo‘shimcha 86 turdagi litsenziya va ruxsatnomalarni “yagona darcha” markazlari orqali rasmiylashtirish mexanizmini bosqichma-bosqich joriy etish nazarda tutilgan. Buning natijasida tadbirkorlik sub'yektlari yuqoridagi litsenziya va ruxsatnomalarni olish uchun boshqa idoralarga bormasdan, ularni aniq muddatlarda beradigan “yagona darcha” markazlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. “Yagona darcha” markazlari barcha zarur kelishish tartib-taomillarini tadbirkorlik sub'yekti ishtirokisiz mustaqil amalga oshiradi.

Mavzuga oid