Qonunchilikdagi «chandiqlar»ga qachon chek qo‘yiladi? Kamsitilayotgan davlat tili haqida mulohazalar
Nega ayrim qonun hujjatlari davlat tilida, mamlakat aholisining asosiy qismi so‘zlashadigan o‘zbek tilida qabul qilinmaydi? Bu norma ijodkorligi jarayonidagi erinchoqlikmi, shoshma-shosharlikmi yoki davlat tiliga bo‘lgan “munosabat”mi?
Davlat tilida matni bo‘lmagan loyihalar portal ma'muriyati tomonidan loyiha muallifini ogohlantirmasdan o‘chiriladi.
Qizil rangdagi ushbu yozuvni bir muddat oldin O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga kirganingizda ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Ushbu qizil rangli yozuvdan tashqari, agar siz Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi (lex.uz)dan foydalangan bo‘lsangiz, shubhasiz, binafsharang yoki yashil rangli yozuvlarga ham duch kelgansiz. Bu yozuvlar haqida keyinroq to‘xtalamiz.
Davlat tilida matni bo‘lmagan loyihalarning o‘chirilishiga oid tartib 2020 yil 20 apreldan qat'iy amal qila boshladi. Ushbu yangilik normativ-huquqiy hujjat (NHH)larning o‘zbek tilida qabul qilinishiga ulkan zamin hozirlashi turgan gap. Chunki, har qanday NHH qabul qilinishidan oldin loyiha ko‘rinishida bo‘ladi. Avval esa idoralarda bu kabi talab qo‘yilmagani uchun qonundan tashqari barcha darajadagi qonunosti hujjatlarining faqat rus tilida qabul qilinishi holatlari tez-tez uchrab turardi. Norma ijodkorligi jarayonida davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik esa bir chekkada unsiz ko‘z yoshi to‘kardi.
Qaysi qonunchilik deysizmi?
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonunining 8-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinishi va e'lon qilinishi lozim.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 22 martdagi 242-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Reglamentida Vazirlar Mahkamasi hujjatlari loyihalari Hukumatga davlat tilida, zarurat bo‘lganda — rus tili va boshqa tillarga tarjima qilinib kiritilishi lozimligi belgilab qo‘yilgan.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 dekabrdagi 984-son qarori bilan Davlat tilini rivojlantirish departamenti to‘g‘risida nizom tasdiqlangan. Ushbu Nizomda Departamentning funksiyalaridan biri sifatida NHHlar loyihalari davlat tilida tayyorlanishi va kiritilishining monitoringini olib borish, bu sohada qonun talablari buzilishi haqida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga tegishli ko‘rsatmalar yuborish belgilangan.
Shuningdek, adliya vazirining 2014 yil 28 fevraldagi buyrug‘i bilan tasdiqlangan Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalarida aytilishicha, idoraviy NHH davlat tilida qabul qilinadi.
Yuqorida keltirilgan misollardan tashqari yana bir nechta NHHlarda ham xuddi shu mazmundagi talabga duch kelishimiz mumkin, ammo maqsad ularni birma-bir sanash emas.
Aytish kerakki, 2020 yilda qabul qilingan qonunosti hujjatlarida bunday yozuv kam uchrayapti. Bu esa qonunchilik hujjatlarining barchasi davlat tilida qabul qilinishiga jiddiy e'tibor qaratilayotgani mahsuli bo‘lsa ajab emas.
Rasmiy manba bo‘lmish lex.uz saytiga asoslangan holda tuzilgan quyidagi statistik ma'lumot ham fikrimizni isbotlaydi:
- 2018 yilda 158ta;
- 2019 yilda 27ta;
- 2020 yilda 5ta NHH faqat rus tilida qabul qilingan, ya'ni ushbu hujjatlarning davlat tilidagi matni mavjud emas.
2020 yilni norma ijodkorlari kesimida ko‘radigan bo‘lsak, davlat tilida qabul qilinmagan 5ta NHHdan 3tasi Hukumat qarori, 2tasi idoraviy NHH hisoblanadi. Demak, Hukumat va boshqa sanoqli davlat tashkilotlari tomonidan norma ijodkorligida davlat tili to‘g‘risidagi qonunlarga rioya qilish hamon oqsamoqda. Idoraviy NHHlarning davlat tilida qabul qilinmaganiga bir chekkasi – Adliya vazirligi ham e'tiborsizlik qilgan. Chunki, aynan Adliya vazirligi ushbu hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish masalasini hal qiladi.
Eslatib o‘tish joizki, yuqoridagi statistika davlat tilida umuman matni yo‘q bo‘lgan hujjatlar bo‘yicha tuzilgan. Ammo, yana bir muammo borki, ba'zi hujjatlarning qaror qismi o‘zbek tilida qabul qilinadi, biroq o‘zgartirishlarni yoki boshqacha ko‘rinishdagi muhim ma'lumotlarni nazarda tutuvchi ilovalari o‘zbek tilida qabul qilinmay, faqat rus tilidagi matnda mavjud bo‘ladi. Bu haqda ham quyiroqda misollar bilan so‘z yuritamiz.
Qonunchilikdagi “ranglar jilosi”
Yuqorida tilga olingan rangli yozuvlarga keladigan bo‘lsak, ularning har ikkisi ham qonunosti hujjatlarini davlat tilida qabul qilish amaliyotida kamchiliklar borligining ishorasi deyish mumkin. Xususan, agar biror hujjat davlat tilida qabul qilinmagan bo‘lsa, Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi (lex.uz)da ushbu hujjatning o‘zbek tilidagi sahifasiga quyidagi binafsharang yozuv kiritiladi:
2019 yilda davlat tilida qabul qilinmagan so‘nggi hujjat – Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 5 oktyabrdagi 847-sonli qarori hisoblanadi. Ushbu hujjat bilan o‘zgartirish kiritilishi nazarda tutilgan boshqa hujjat – Vazirlar Mahkamasining «Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarda yengil xizmat avtomashinalaridan foydalanishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2011 yil 26 maydagi 153-son qarorining o‘zi ham o‘sha paytda faqat rus tilida qabul qilingan. Tabiiyki, bu holatda 847-sonli qarorni ham davlat tilida qabul qilishdan ma'no yo‘q. Demak, bundan to‘qqiz yil oldin bir hujjatning davlat tilida qabul qilinmagani bugungi kunda unga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi boshqa bir hujjatning ham davlat tilida qabul qilinmasligiga olib kelgan.
Binafsharang yozuvning yana bir turi – boshqa bir hujjatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi NHHning davlat tilida qabul qilinmasligi yoki davlat tilida qisman qabul qilinib, undagi o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi ilovalarning faqat rus tilida qabul qilinishi oqibatida o‘zgarish kirayotgan hujjatning o‘zbek tilidagi matni yaroqsizlashib boradi. Fikrimiz quyidagi misol bilan tushunarli bo‘ladi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 2019 yil 28 yanvardagi PQ-4135-sonli qarori 2-bandining beshinchi xatboshisi 2019 yil noyabr holatida quyidagi ko‘rinishda bo‘lgan:
“Vazirlik, Vazirlik huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi, Eksportni rag‘batlantirish agentligi va Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 1541 nafar, shu jumladan Vazirlikning markaziy apparati boshqaruv xodimlari – 283 nafar etib belgilansin”.
2019 yil 28 dekabrdagi PQ-4553-sonli prezident qarori bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi markaziy apparati boshqaruv xodimlarining soni 287 nafar etib belgilangan. Ammo, ushbu hujjatning o‘zbek tilidagi matniga kirsangiz, bunday ma'lumotga ko‘zingiz tushmaydi. Ushbu bandning qayeridir o‘zgarganini band ostida joylashgan binafsharang yozuvdan bilib olasiz, xolos:
Bunday holatga O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi to‘g‘risidagi nizomning 11 va 12-bandlarida va boshqa bir qator hujjatlarda ham duch kelish mumkin.
Darvoqe, ushbu holatlarda qonunchilikdagi yana bir “rangbaranglikka”, ya'ni, hujjatning ilovalari faqat rus tilida ekanligi haqidagi yashil rangli yozuvga ko‘zingiz tushadi.
O‘zgartirilishi kerak bo‘lgan hujjat faqat rus tilida qabul qilingan bo‘lsa, tushunish mumkindir, ammo hujjatning o‘zbek tilidagi matni bor bo‘la turib, unga faqat rus tilida o‘zgartirish kiritish va o‘zbek tilidagi matniga “chandiq” tushirib, uni tobora foydalanish uchun yaroqsizlashtirib borishdan kim manfaatdor? Rus tilini bilmaydigan fuqaro nima qilsin? Nega hujjatning davlat tilidagi matnidan foydalanmoqchi bo‘lgan odamni boshqa tildagi matndan foydalanishga majburlash kerak?
Savollar ko‘p, ammo tayinli javob yo‘q.
Shu o‘rinda yana bir masalaga to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Prezidentning 3666-sonli qaroriga asosan, barcha NHHlar loyihalari loyihani ishlab chiquvchi tashkilotlar tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi uchun joylashtirilishi lozim. Yuqoridagi misollar amaliyotda bu normaga har doim ham rioya etilmayotganini ko‘rsatib turibdi. 2020 yil 29 sentyabr kuni Adliya vazirligi rasmiylari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ushbu qoidani qonun bilan mustahkamlash kerakligini bildirgan edik. Bunga javoban Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Dilafruz Sufiyeva «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi yangi tahrirdagi qonun loyihasi ishlab chiqilgani hamda ushbu qonun bilan kelgusida har bir NHH qabul qilinishidan oldin jamoatchilik muhokamasiga e'lon qilinmasa, avtomatik ravishda qabul qilinmaydigan tartib o‘rnatilishini ma'lum qilgan edi.
So‘zimiz yakunida norma ijodkorligi sub'yektlaridan davlat tili to‘g‘risidagi qonun talablariga og‘ishmay rioya etishlarini so‘rab qolamiz.
Abbos Salaydinov
Mavzuga oid
07:50 / 25.09.2024
Ikki oyda 3,1 mlrd so‘mlik davlat xaridlari qonunchilikka zid tarzda o‘tkazilishining oldi olindi
09:27 / 27.05.2024
Qonunchilik hujjatlari mohiyatini aholiga yetkazishning yangi tartibi joriy qilinadi
19:07 / 23.05.2024
Qasddan badanga yengil shikast yetkazish ma’muriy huquqbuzarlik toifasiga o‘tkaziladi
08:17 / 13.05.2024