Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Zelenskiyga hozircha Tomahawk berishga rozi bo‘lmadi
AQSh prezidenti asosiy e’tiborni diplomatiyaga qaratganini aytgan.
Foto: Tom Brenner / AFP / Scanpix / LETA
AQSh va Ukraina prezidentlari 17 oktyabr kuni Oq uyda tor doirada uchrashuv o‘tkazdi. Ukraina tomoni uchun tashrifning asosiy maqsadi Donald Trampdan Rossiyaning ichkarisidagi nishonlarga zarba bera oladigan uzoq masofali Tomahawk raketalarini yetkazib berishga erishish edi. Amerika yetakchisi Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuv oldidan Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Rossiya tomoni avvalroq Tomahawk’lar yetkazib berilishi Moskva va Vashington munosabatlarini buzadigan eskalatsiya sifatida baholashini bildirgandi.
Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Tramp Zelenskiyga bu bosqichda Kiyevga Tomahawk raketalarini topshirmasligini aytdi, dedi muzokaralardan xabardor bo‘lgan ikki manba Axios nashriga. Buni CNN manbalari ham tasdiqlamoqda.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, AQSh prezidenti hozirda diplomatiya uning ustuvor vazifasi ekani, Tomahawk yetkazib berish esa bunga putur yetkazishi mumkinligini bildirgan. AQSh ma’muriyati vakillaridan biri CNN telekanaliga bergan intervyusida Trampda Ukraina mojaroni kuchaytirish va cho‘zishga intilayotgandek taassurot paydo bo‘lganini aytdi.
Nashr suhbatdoshlari prezidentlar uchrashuvini «keskin», «ochiq» va «ba’zi nuqtalarda noqulay» deb ta’rifladi. «Hech kim baqirmadi, ammo Tramp qattiqqo‘l edi», – dedi manbalardan biri. «Tramp bir necha keskin bayonotlar berdi va ba’zi lahzalarda uchrashuv juda hissiyotli kechdi», – deya qo‘shimcha qildi ikkinchi suhbatdosh.
Zelenskiy bilan muzokaralarda Tramp AQShning diplomatik kelishuv bo‘yicha hozirgi taklifi o‘t ochishni to‘xtatish va hozirgi front chizig‘ini muzlatishni nazarda tutishini aytdi, dedi manbalar. U uchrashuvni ikki yarim soatdan keyin tugatdi va matbuot qarshisiga chiqmadi. «Menimcha, tugatdik. Keyingi hafta nima bo‘lishini ko‘ramiz», – degan prezident AQSh va Rossiya o‘rtasida rejalashtirilgan muzokaralarni nazarda tutib. Tramp yaqin ikki hafta ichida Budapeshtda Putin bilan uchrashmoqchi.
Zelenskiy uchrashuvdan so‘ng darhol Yevropa yetakchilari bilan telefon orqali muloqot qildi. Ularning ba’zilari Tramp o‘z pozitsiyasini o‘zgartirganidan hayron bo‘lishdi, dedi konferensiyada ishtirok etgan Axios suhbatdoshi. Uning so‘zlariga ko‘ra, suhbatda ishtirok etgan Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer AQSh bilan birgalikda Trampning G‘azo sektori uchun 20 banddan iborat rejasi asosida Ukraina uchun tinchlik shartnomasini ishlab chiqishni taklif qilgan. Zelenskiy bilan suhbatdan so‘ng Yevropa yetakchilari Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun kelishilgan bayonotlar berishni boshladi, buni Tramp bilan uchrashuv muvaffaqiyatsiz bo‘lganining aniq belgisi sifatida baholash mumkin, deya ta’kidlaydi Axios.
Trampdan farqli o‘laroq, Zelenskiy uchrashuvdan keyin matbuot uchun brifing o‘tkazdi. Ukraina prezidentining tasdiqlashicha, tomonlar Tomahawk raketalarini muhokama qilgan, biroq bu mavzuda bayonot bermaslikka qaror qilingan, chunki AQSh eskalatsiyani istamaydi. Tomahawk’lar bo‘yicha optimistmisiz, deya berilgan savolga javoban Zelenskiy shunday degan: «Men realistman».
Tramp esa o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida shunday post e’lon qildi. «Qotillikni to‘xtatish va bitim tuzish vaqti keldi! Yetarlicha qon to‘kildi... Ular turgan joylarida to‘xtashi kerak. Ikkala tomon ham g‘alabani e’lon qilsin va tarix hukm chiqarsin!» – deb yozdi u.
CNN telekanali Oq uyda bo‘lib o‘tgan muzokaralarni Tramp asta-sekin Kiyevga yangi imkoniyatlar berish yoki Moskvaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishga yaqinlashayotgani, biroq Vladimir Putin aralashganda ortga chekinayotganiga yana bir misol deb atadi.
Mavzuga oid
23:40 / 20.12.2025
Netanyahu Tramp bilan Eronga yana hujum qilish masalasini muhokama qilmoqchi
08:45 / 19.12.2025
Tramp 2026 yil uchun AQShning rekord mudofaa budjetini imzoladi
20:18 / 18.12.2025
Oq uyda Obama va Baydenni mazax qiluvchi lavhalar o‘rnatildi
16:03 / 18.12.2025