AQSh prezidenti Donald Tramp chorshanba kuni kechqurun Vashingtonda millatga murojaat qildi. Oq uyning diplomatik qabullar zalidagi Rojdestvo bezaklari fonida minbar ortida turib, u o‘z ma’muriyatining iqtisodiyotdagi muvaffaqiyatlari haqida gapirdi va iste’mol narxlarining keskin o‘sishida o‘zidan oldingi demokrat prezidentni aybladi.

Trampning nutqi qisqacha

Men tartibsizlikni meros qilib oldim va endi uni tuzatyapman. Demokratlar davrida AQSh chegaralari ochiq edi, bizga muhojirlar, jumladan, jinoyatchilar oqib kela boshladi. Erkaklar ayollar sportida qatnashardi. Tarixdagi eng yomon bitimlar amalga oshirildi. So‘nggi to‘rt yillikda AQShni faqat o‘zinikilar uchun, terrorchilar uchun, bizdan misli ko‘rilmagan darajada foydalangan boshqa mamlakatlar uchun kurashgan siyosatchilar boshqardi. Dunyo ustimizdan kuldi. Lekin endi kulmaydi.

11 oy ichida biz Vashingtonga AQSh tarixidagi boshqa ma’muriyatlarga qaraganda ko‘proq ijobiy o‘zgarishlar olib keldik. So‘nggi oylarda AQShga birorta ham noqonuniy muhojir kirib kelmadi. Yodingizdami, Jo Bayden chegarani yopish uchun qonun kerakligini aytgandi. Aslida yangi prezident kerak ekan.

Vashington har qachongidan ko‘ra xavfsiz. Biz amerikaliklarni zaharlayotgan qonxo‘r narkokartellarga zarba berdik. Biz dunyodagi eng qudratli armiyaga egamiz. Men sakkizta urushni hal qildim, 3000 yildan buyon ilk bor Yaqin Sharqqa tinchlik olib keldim, isroilliklarni garovdan ozod etishda yordam berdim.

Men lavozimimga kirishganimda, inflatsiya 48 yil ichidagi eng yuqori darajasida edi, narxlar mislsiz darajada yuqori edi. Endi ular pasaymoqda. Maoshlar oshmoqda, yangi ish o‘rinlari ochilmoqda, biz yangi investitsiyalar jalb etyapmiz.

Biz bojlar orqali katta yutuqlarga erishdik. Bojlar – mening sevimli so‘zim! Endi pullar AQShga rekord hajmlarda qaytmoqda. Siz o‘zgarishlarni har kuni ko‘ryapsiz.

Bugun Amerikani hurmat qilishadi va mamlakat har qachongidan ham kuchliroq tiklandi. Biz dunyo hali ko‘rmagan iqtisodiy sakrashga tayyormiz. Yaqinda futbol bo‘yicha jahon chempionati, Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi, Mustaqillik deklaratsiyasining 250 yilligini nishonlaymiz.

2026 yilda dunyo bizga qaraganida, o‘z fuqarolariga sodiq, o‘zligiga va taqdiriga ishongan mamlakatni ko‘rsin. Mayli, hasad qilaverishsin.

Trampning nutqi haqida kengroq

«O‘n bir oy oldin men to‘la tartibsizlikni meros qilib olgandim – va men buni tuzatib kelyapman», – dedi Tramp 20 daqiqadan kamroq davom etgan telemurojaatida.