O‘zbekiston | 17:18 / 18.01.2020
10167
4 daqiqa o‘qiladi

Energetika sohasida joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar haqida ma'lumot berildi 

Foto: KUN.UZ

Yil oxirigacha issiqlik elektr stansiyalarida 1177 megavatt, gidroelektr stansiyalarida 120 megavatt quvvatlar ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga 3500 megavattli bug‘-gaz qurilmalari, 400 megavattli shamol va shuncha quvvatga ega quyosh elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi.

Elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi yaxshi samara berayapti. Bu boradagi qamrovga nazar soladigan bo‘lsak, 2019 yil oxirigacha respublika bo‘yicha 2 528 770 dona iste'molchilarga zamonaviy elektr hisoblagichlar o‘rnatilgan. Joriy yil yakunigacha yana 4 mln. 500 ming dona zamonaviy hisoblagichlar o‘rnatish ko‘zda tutilgan. 

Tadbirda qayd etilganidek, bugungi kunda dunyoda atom energetikasi eng ommalashgan elektr energiyasi manbalaridan biri hisoblanadi. Dunyoning 30 ta mamlakatida 447 ta atom elektr stansiya (AES) energobloklari faoliyat yuritib kelmoqda. Foydalanishdagi energobloklar soni bo‘yicha AQSh (96 ta), Fransiya (58 ta), Xitoy (48 ta), Yaponiya (37 ta), Rossiya (38 ta), Janubiy Koreya (24 ta), Hindiston (22 ta), Kanada (19 ta), Ukraina (15 ta), Buyuk Britaniya (15 ta) kabi dunyoning rivojlangan mamlakatlari yetakchilik qilmoqda. Foydalanishdagi AESlar dunyoda umumiy ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 11 foizini tashkil qiladi. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2030 yilga borib mamlakatimizda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj 2 baravarga oshib, talab 117 mlrd. kVt∙s ni tashkil etishi kutilmoqda. Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, agar yangi generatsiya manbalari foydalanishga kiritilmasa, mavjud defitsit 2030 yilga borib 48 mlrd kVt∙s ni tashkil etishi mumkin.

Shu nuqtai nazardan, Respublikada har birining quvvati 1,2 GVt dan bo‘lgan 2 ta energobloklardan iborat “3+” avlodli atom elektr stansiyasini qurish va foydalanish belgilandi. 

Tadqiqotlar natijalari, muhandislik-texnika va iqtisodiy ahamiyati hamda mutaxassissilar, xalqaro ekspertlar xulosalariga asoslanib, AES qurilishi uchun maqbul joy sifatida Jizzax viloyati Forish tumanidagi “Tuzkon” ko‘li yaqinidagi maydon tanlandi. 

Ma'lumot uchun, Atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish doirasida kadrlar tayyorlash Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE), “Rosatom” davlat korporatsiyasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan amalga oshirilmoqda. 2019 yilning kuzida Toshkentda “MMFI” milliy tadqiqot yadro universitetining filiali ochildi. Hozirda ushbu universitetda 145 nafar O‘zbekistonlik talabalar va Toshkent shahridagi filialida 100 nafar talabalar atom energetikasining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olib kelmoqdalar.

Shuningdek, tadbirda energiya resurslarini to‘g‘ri taqsimlash, undan tejamkorlik asosida va samarali foydalanish iqtisodiy barqarorlikka erishishning muhim shartlaridan hisoblanadi. Chunki energiya quvvatlariga hayotimizning har bir jabhasida ehtiyoj sezamiz. Bugungi kunda mamlakatimiz energetika sohasiga ilg‘or zamonaviy tejamkor texnologiyalarni joriy etish, muqobil energiya manbalarini rivojlantirish singari zarur islohotlar amalga oshirilmoqda. 

O‘tgan yili eng yirik loyihalardan biri To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi qurib bitkazildi, Navoiy va Taxiatosh issiqlik elektr stansiyalari modernizatsiya qilindi. Farg‘ona vodiysi viloyatlarini elektr energiyasiga ehtiyojini to‘liq qoplash imkoniyatini yaratadigan To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi 900 megavatt quvvatga ega bo‘ldi. Mazkur stansiyada yiliga 6 mlrd 700 mln kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Umuman olganda, o‘tgan yili mamlakatimizda 6 ta yirik loyiha doirasida jami 1076 megavatt elektr energiya quvvatlari ishga tushirildi. Taqqoslaydigan bo‘lsak, yurtimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati 2016 yilda 12,5 ming megavattni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 14 ming megavattga yetganini ko‘rishimiz mumkin.

Гулзода Иброҳимова
Tayyorlagan Гулзода Иброҳимова

Mavzuga oid