O‘zbekiston | 21:22 / 24.08.2022
29313
5 daqiqa o‘qiladi

Hokimlar va prokurorlarning yerni olib qo‘yish vakolatlari bekor qilinmoqda. Mulk huquqiga oid farmon imzolandi

Yer berish vakolatidan ayrilgan hokimlarning yerni olib qo‘yish huquqi ham cheklab qo‘yilmoqda. Endilikda prokurorlar ham mulkiy huquqlarni protest orqali o‘zlari bekor qildira olmaydi. Bunga faqat sudlar haqli bo‘ladi.

O‘zbekistonda mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik va xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan fuqarolar va tadbirkorlarning o‘z mulkiga erkin egalik qilishi va undan foydalanishiga to‘sqinlik qilayotgan qator tartiblar, talablar va cheklovlar bekor qilindi. Bu haqda adliya vaziri Ruslanbek Davletov Facebook'dagi sahifasida ma’lum qildi.

1. Endilikda mulkka bo‘lgan huquqni qaysidir organ tomonidan (prostest asosida ham) oldin qabul qilingan hujjatni bekor qilish orqali tugatish mumkin emas. Agar hujjat noqonuniy qabul qilingan bo‘lsa, faqat sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Davletovning aytishicha, oxirgi 2,5 yilda hokimlarning qarorlari bilan berilgan 2,5 mingdan oshiq yer uchastkalariga (101 ming gektar) bo‘lgan huquqlar ularning o‘zi yoki yuqori turuvchi organlar tomonidan, shu jumladan prokuror protestlari asosida sud qarorisiz bekor bo‘lgan.

2. Bundan buyon yuridik shaxs tugatilganda, uning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlari bekor qilinmaydi va yer davlat zaxirasiga qaytarib olinmaydi. Aksincha, ushbu yerlar tugatilayotgan yuridik shaxs muassislariga o‘tadi.

3. Yerdan ixtiyoriy voz kechish (ayniqsa fermerlar tomonidan) notarial tasdiqlanishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi belgilanmoqda. Bunda hokim tomonidan qaror qabul qilish talabi bekor qilinmoqda.

Adliya vaziriga ko‘ra, so‘nggi 2,5 yilda 20 543 ta yer uchastkasi (2,6 mln gektar) “yerdan ixtiyoriy voz kechilgani haqidagi ariza”ga asosan qabul qilingan hokim qarori bilan zaxiraga qaytarilgan.

4. Mulkdor bilan qarindoshlik aloqalariga ega bo‘lmagan shaxslarni turar joydan doimiy ro‘yxatdan chiqarish uchun ularning roziligini olish talab etilmaydi.

Ma’lum qilinishicha, oxirgi 2,5 yilda fuqarolik sudlariga shaxsni turar joydan ro‘yxatdan chiqarish bo‘yicha 8 954 ta da’vo arizalari kiritilgan, shundan 7 311 tasi (82 foizi) qanoatlantirilgan.

5. Ko‘chmas mulk bo‘yicha davlat reyestriga noqonuniy yoki haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarning kiritilishi natijasida unga ishonib harakat qilgan shaxslarga yetkazilgan zarar (Torrens tizimi) hamda turar joy insofli egallovchidan talab qilib olinmasligi natijasida uning haqiqiy egasiga yetkazilgan zarar qoplanadi. Bu maqsadda maxsus jamg‘arma faoliyat yuritadi.

6. Hozirda 20 dan ortiq davlat organlari sudlarda fuqarolarga nisbatan mulkiy da’volar kiritishda davlat boji to‘lashdan ozod qilingan. Endilikda ularning soni qisqartirilib, imtiyozidan foydalangan holda yetarli asoslar bo‘lmasa ham sudlarga da’volar kiritish holatlariga chek qo‘yiladi.

Ma’lumot bo‘lishicha, so‘nggi 2,5 yilda davlat organlari tomonidan kiritilgan da’volarning 42 foizi rad qilingan yoki ko‘rmasdan qoldirilgan.

Fuqarolar esa o‘z mulkini o‘zganing noqonuniy egaligidan talab qilib olish to‘g‘risidagi da’volari bo‘yicha davlat bojidan ozod qilinadi.

7. Shaxsga nafaqat o‘zining hayotini, balki o‘z mulkini ham har qanday tajovuzdan himoya qilish huquqi beriladi (qonunda belgilangan chegarada).

8. Tergovdagi shaxsning mulkini xatlab qo‘yish ham sudlar vakolatiga beriladi. Bu esa “Xabeas korpus” institutini yanada keng joriy etishga xizmat qiladi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Adliya vazirligiga yuqorida keltirilgan yangi tartiblarni nazarda tutuvchi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririni ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.

“Bu farmon ustida uzoq ishlandi, 3 oy ishlab chiqishga, 5 oy vazirliklar bilan kelishishga sarflandi. Chunki undagi yangiliklar juda jiddiy.

O‘ylaymizki, ushbu farmon mulk huquqini yuksak qadriyat sifatida davlat organlari tizimida to‘liq ro‘yobga chiqarishga katta hissa qo‘shadi va mulkiy huquqlarning davlat tomonidan kafolatlanishiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi”, – deya yozdi adliya rahbari Ruslanbek Davletov.

Mavzuga oid