Jahon | 08:59 / 01.07.2023
76868
19 daqiqa o‘qiladi

«Vagner» qanday tuzilgan edi: Prigojin armiyasining vujudga kelish tarixi

2016 yilning 9 dekabrida Kremlning Georgiy zalida Rossiya qahramonlari sharafiga tantanali qabul o‘tkazildi. Taklif etilgan orasida «Vagner» XHK qo‘mondoni Dmitriy Utkin, uning o‘rinbosari Andrey Troshev, shturmchi rota qo‘mondonlari Andrey Bogatov va Aleksandr Kuznetsov ham bor edi.

Bu to‘rtovlon prezident Putin bilan birga tushgan mashhur fotosuratda muhrlangan. Troshev va Bogatov — o‘shandayoq Rossiya qahramonlari edi. Kuznetsov va Utkin keyinchalik bu unvonga ega bo‘lishadi. Bu to‘rtovlonni qo‘rqmasdan «Vagner» XHK asoschilari deb atash mumkin. O‘shanda bu «xususiychilar»ning Suriyadagi urush kampaniyasida ishtiroki nafaqat tan olinmasdi, hattoki maxfiylashtirilgan ham edi. Ular haqida Suriyadagi to‘qnashuvlar to‘g‘risida raportlarda ham so‘z bormasdi. Vagnerchilar bo‘linmalari unda «Suriya armiyasi bo‘linmalari» deb yozilardi.

Vagnerchilarning Putin bilan birga tushgan mashhur surati. Chapdan o‘ngga: Bogatov, Troshev, Putin, Kuznetsov va Utkin. Foto: top-50.ru

«Vagner» XHKning Suriya kampaniyasida ishtiroki haqida «Novaya gazeta» juda ko‘p yozgan. Nashr xususiy harbiylashgan kompaniyaning vujudga kelish tarixiga nazar soldi.

2013 yilda Lataqiyaga Rossiya harbiy kosmik kuchlari samolyotlari va vertolyotlari tashlangach, tez orada Rossiya armiyasi quruqlikdagi operatsiyalarda ishtirok etmasligi ma’lum bo‘ldi. 

Rasman Rossiya harbiylari jangovar harakatlarda chindan ham ishtirok etishmagan. Biroq Suriyadan «200-raqamli yuk» muntazam kelib turgan. Ular asosan «Vagner» XHK jangarilari jasadlari edi.

Aynan ular IShID va ularning ittifoqchilarini Palmira, Halab, Dayr-az-Zur va Suriyaning boshqa shahar-qishloqlaridan siqib chiqarishda ishtirok etgan guruhlar asosini tashkil etgan.

Rossiya harbiy kosmik kuchlarining ilk jangovar parvozlari 2015 yilning 30 sentabrida sodir bo‘lgan. Oktyabr oyi boshlarida Suriyaga «Vagner» jangarilari tashlana boshlagan. Ular darhol jangovar vazifalarni bajarishga kirishgan. Bungacha ular Donbassdagi harbiy to‘qnashuvlarda ishtirok etib, boy tajriba to‘plashgan. Masalan, Donetsk aeroporti uchun janglarda 2014 yil oxirlarida – u yerda «Vagner» XHKning ikkita rotasi kelgach – keskin burilish sodir bo‘lgan. 2015 yil 22 yanvarida o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilib olgan «DXR»ning o‘sha vaqtdagi rahbariyati aeroport to‘liq nazorat ostida ekanini e’lon qilgan.

Aeroport uchun janglar tugagani hamono, «vagnerchilar»ni Debalseve rayoniga tashlashgan. 2015 yil 18 fevralida «DXR» mudofaa vazirligi Debalseve to‘liq nazorat ostiga o‘tgani haqida hisobot bergan.

Dastlab nomi ham bo‘lmagan harbiy kompaniyaning tashkil etilishidan avval mana shunday voqealar yuz bergan edi:

  • 2013 yil fevraligacha Dmitriy Utkin Bosh razvedka boshqarmasi maxsus vazifali bo‘linmasining 2-alohida brigadasi 700-alohida vazifalar bajaruvchi otryadiga qo‘mondonlik qilgan. Armiyadan iste’foga chiqqach, iste’fodagi podpolkovnik jahon okeanining qaroqchilar xavfi bo‘lgan hududlarida dengiz kemalarini qo‘riqlash bilan shug‘ullantiruvchi kadrlar to‘plovchi Moran Security Group’ga ishga kirdi. Bungacha Utkin ikki marta Rossiya savdo kemalarini kuzatib borish uchun Afrikaning suvli hududlariga xizmat safariga borib keladi. Keyinroq unga quruqlikda ham o‘z malakasi bo‘yicha ish topildi.
  • 2013 yil yozida Moran Security Group Suriya neft va mineral resurslar vazirligidan neft qazib olish, qayta ishlash va transportirovka qilish obektlarini qo‘riqlash uchun mutaxassislarni to‘plash, o‘qitish va jo‘natish bo‘yicha taklif oladi. Xavflarni baholab chiqib, kompaniya rasmiy Damashq bilan aloqa qilmaslikni lozim deb topadi. Lekin shartnomadan butkul voz kechmaydi. Kompaniya menejyerlari Hongkongda Slavonic Corps Limited («Slavyan korpusi») kompaniyasini ro‘yxatdan o‘tkazadi. Hongkong kompaniyasini Vadim Gusev (Moran Security Group direktori o‘rinbosari) va Yevgeniy Sidorov (Moran Security Group kadrlar bo‘yicha mutaxassisi) boshqaradi.
  • Slavonic Corps Limited (u Moskva shahar, Potapov tor ko‘chasi, 5-uy manzilida joylashgan Moran Security Group ofisining ikkinchi qavatida bir necha xonaga ega edi) Suriyada ishlash uchun 267 ko‘ngillini yollaydi. Yangi to‘planganlarni ikkita rotaga bo‘lishadi: «Kazaklar rotasi» va «Slavyan rotasi». «Slavyan rotasi»ga Dmitriy Utkin boshliq bo‘ladi.
  • 2013 yil sentabr oyi oxirlarida har ikki rota Livan poytaxti Bayrut orqali Suriyaga kirib boradi. Biroq, Lataqiyaga kirib kelishgach, rossiyaliklar «neft qazib olish, qayta ishlash va transportirovka qilish obektlarini qo‘riqlash» uchun hali bu obektlarni jangarilardan tortib olish ham kerakligini anglashadi.
  • «Slavyan korpusi» qo‘lbola zirhlar bilan jihozlangan Hyundai avtobuslari va JMC jiplariga minib, Dayr-az-Zur hududidagi neft konlari tomon yo‘naladi. Hums viloyatidagi As-Sahna shahri yaqinida kolonna pistirmaga duch keladi. Jangchilar diqqatni jamlab, aylana mudofaaga o‘tishadi, xandaqlar qazib, ularni o‘rab olishga harakat qilayotgan bir necha ming jangarilar hujumini qaytarib turishga ham muvaffaq bo‘lishadi.
Suriyadagi vagnerchilar. Foto: ijtimoiy tarmoqlar

— O‘shanda o‘lib ketishimiz mumkin edi, — deb hikoya qiladi «Novaya gazeta»ga jang qatnashchilaridan biri. — Biz bor o‘q-dorilarimizni sarflab bo‘luvdik… Kutilmaganda chang bo‘roni boshlanib qoldi. Bir necha metr naridagi odamni ko‘rib bo‘lmay qoldi. Utkin bu yerda o‘lib ketamiz, deb hammani qo‘l bilan jang qilib yorib o‘tishga chorladi. «Slavyan»lar ortidan «kazak»lar ham turib ketishdi. Chang bo‘roni «qora»larni ham qo‘rqitib yuborgandi, bizning yorib o‘tolganimizni ular sezmay qolishdi. Shunday qilib Sahnagacha yetib oldik. Olti kishi yarador bo‘ldi, ulardan ikkitasi og‘ir ahvolda edi. Bu voqea 2013 yilning 17 oktyabrida sodir bo‘luvdi.

— Lataqiyada «kazaklar»dan biri Aleksey Malyuta yorib o‘tish chog‘ida hujjatlar solingan planshetini tushirib qo‘ygani ma’lum bo‘ladi. O‘shanda planshetni topib olgan IShIDchilar Suriyada ruslar jang qilayotganini butun dunyoga jar solishadi, — deya ko‘p yillardan so‘ng Slavonic Corps Limited rahbarlaridan biri «Novaya gazeta»ga hikoya qilib bergan edi.

«Slavyan korpusi» a’zolari O‘rta Yer dengizi sohillarida. Foto: ijtimoiy tarmoqlardan

«Slavyan korpusi» tezda Rossiyaga evakuatsiya qilinadi. 2013 yil 19 oktyabrida Vnukovo aeroportiga qo‘ngan ikkita samolyotni FXXning «Alfa» maxsus bo‘linmasi qurshab oladi, shartnoma asosida jang qilgan barcha jangarilar hibsga olinadi. «Slavyan korpusi» rahbarlari Vadim Gusev va Yevgeniy Sidorovga nisbatan RF JKning 359-moddasi («Odamlarni jang uchun yollash») bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, real muddatlarga hukm o‘qib yuborishadi. Qolganlar, jumladan, Dmitriy Utkin ham profilaktik suhbatlar bilan qutulib qolishadi.

2014 yil bahorida Utkin yangi tuzilmaga ishga kirishga taklif oladi. U keyinchalik o‘zining laqabi «Vagner» nomi bilan atalgan xususiy harbiylashgan kompaniyaga rahbar bo‘ladi. «Vagner» laqabini Utkin Bosh razvedka boshqarmasining maxsus xizmatida leytenant bo‘lib xizmat qilayotgan chog‘larida olgan, chunki Hitlerning sevimli kompozitori Rixard Vagnerning «Valkiriyalar parvozi» kompozitsiyasini juda sevardi.

IIVning iste’fodagi podpolkovnigi, Leningrad oliy artilleriya qo‘mondonlik bilim yurti bitiruvchisi, Afg‘oniston va Chechenistondagi urushlar faxriysi Andrey Troshev (laqabi «Sedoy» — «Oqsoch»), Utkinning o‘rinbosari bo‘ldi. Dastlabki ikki rotaga qo‘mondon etib Aleksandr Kuznetsov (laqabi «Ratibor») va Andrey Bogatov (laqabi «Brodyaga») tayinlandi.

Kuznetsov — Sankt-Peterburg oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti bitiruvchisi, iste’fodagi podpolkovnik, Bosh razvedka boshqarmasi maxsus vazifalilar bo‘linmasining sobiq qo‘mondoni. Bogatov bu to‘rtovlon ichida oliy harbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan yagona inson, o‘zining harbiy «universitet»larini Afg‘oniston va Yugoslaviyada o‘tagan.

Kuznetsov va Bogatov 2013 yil 19 oktyabrida Suriyadan evakuatsiya qilingan Slavonic Corps Limited «mutaxassislari» qatorida bo‘lishgan.

Bu shaxslardan faqat ikki nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan, o‘n beshga yaqini yo yo‘q bo‘lib ketgan, yo IShID bilan urushda adrenalinga to‘yib, Dmitriy Utkin bilan ortiq aloqaga chiqishmagan. 250 nafarga yaqini esa yangi harbiylashtirilgan tuzilmaga qo‘shilgan.

«Novaya gazeta»ga ikkita manba Dmitriy Utkin Suriyadan eson-omon qaytgach, yana o‘zini harbiy taqdir izmiga topshirmasdan, sokin pensionerlik hayotini yashamoqchi bo‘lganini hikoya qilgan. Biroq, maxsus operatsiyalar kuchlari qo‘mondoni, bir vaqtning o‘zida Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Aleksey Dyuminning telefon qo‘ng‘irog‘i va uchrashish taklifini rad eta olmagan.

Aleksey Dyumin bugungi kunda Tula oblasti gubernatori hisoblanadi. Foto: rbc.ru.

«Novaya gazeta» manbalari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, aynan Dyumin kadrlar hisobida turuvchi Rossiya harbiylarini jo‘natish siyosiy jihatdan maqsadga muvofiq bo‘lmagan Yer sharidagi ma’lum bir nuqtalarda spetsifik vazifalarni bajarish uchun tuzilma tuzish bilan mashg‘ul bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

2014 yil fevral oyi boshlarida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Dyumin Utkinni Yevgeniy Prigojin bilan tanishtirib qo‘yadi. Mart oyiga kelib, Utkin, Kuznetsov va Bogatov 2013 yil 17 oktyabrida Suriyaning Hums viloyatida «jangovar cho‘qintirish»dan o‘tgan barcha quroldosh do‘stlarini amalda to‘plashga muvaffaq bo‘lishadi. Prigojinning xavfsizlik xizmatidan bu uchlikka Andrey Troshev «komandirovka»ga qo‘shib jo‘natiladi.

Yevgeniy Prigojinning o‘zi ham ko‘ngillilarni to‘plab, ularni Bosh razvedka boshqarmasi o‘quv markazida shug‘ullantirish bo‘yicha yo taklif, yo topshiriq olgani ham bejiz emas.

2014 yil fevraliga kelib Prigojin o‘zini Rossiya armiyasining Kuril orollaridan tortib Kaliningrad oblastigacha cho‘zilgan barcha harbiy qismlari va bo‘linmalarini oziq-ovqat bilan ta’minlash bilan shug‘ullanuvchi boshqaruvchi sifatida tavsiya etib bo‘lgan edi. Birgina bu emas. Prigojinning xizmatlari ro‘yxatida «trollar fabrikasi» (Biznesmen o‘ziga tegishli ekanini 2023 yilning 14 fevraliga kelib tan olgan «Internet tadqiqotlar agentligi») ham bor edi.

RF mudofaa vazirligi bilan ko‘p milliardlik shartnomalarga yo‘lni Prigojin osonlikcha qo‘lga kiritmagan.

1996 yilda Prigojin Sankt-Peterburgda «Staraya tamojnya» restoranini ochadi. Bu shahardagi oliynasablar taomlanadigan ilk oshxona edi, u yerga shahar meri Anatoliy Sobchak va uning o‘rinbosari Vladimir Yakovlev tez-tez kelib turishadi.

1998 yil bahorida Prigojin New Island teploxodida restoran ochadi va u darhol Peterburgning eng urfga chiqqan yemakxonasiga aylanadi. 2001 yil yozida Rossiyaning yosh prezidenti Vladimir Putin aynan shu yerda Fransiya prezidenti Jak Shirakni qabul qiladi. Fransiya va Rossiyaning prezidentlariga Prigojin shaxsan o‘zi xizmat qiladi.

Yevgeniy Prigojin Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidenti kichik Jorj Bushga New Island teploxodidagi restoranda ofitsiantlik qilmoqda. Foto: alamy.com

New Island Vladimir Putinga shu qadar yoqib qoladiki, 2003 yilda o‘z tug‘ilgan kunini do‘stlari bilan shu yerda o‘tkazadi. Putindan so‘ng Prigojinning restoranlariga boshqa obro‘li shaxslar ham kela boshlaydi. Turli nufuzli tadbirlarga xizmat ko‘rsatish uchun yangi kontraktlar ham paydo bo‘ladi.

Mamlakat egalari bilan tanishuvidan Prigojin o‘z biznesini kengaytirish uchun shartnomalar tuzishda muvaffaqiyatli foydalanadi.

2011 yilga kelib u Sankt-Peterburg shahrini, keyinroq poytaxt Moskvada ham maktablarni oziq-ovqat bilan ta’minlay boshlaydi. O‘sha yili Moskva oblast sudi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, DYHXBB, «Lukoyl» oshxonalariga tayyor tushlik yetkazib bera boshlaydi. O‘shanda harbiy garnizonlarni oziq-ovqat bilan ta’minlash bo‘yicha ilk shartnomalar imzolanadi. 2012 yil oxiriga kelib, Prigojinning «Konkord» kompaniyasi butun Rossiya armiyasini ovqatlantirishiga qaror qilinadi. Bir yillik shartnoma narxi 50 mlrd rubldan oshadi. Rentabellik 10 foizni tashkil etadi. Ya’ni faqat mudofaa vazirligiga oziq-ovqat yetkazish ustidan Prigojin yiliga 5 mlrd rubl ishlab topa boshlaydi.

2014 yil fevrali — Prigojin xususiy armiya tuzish bilan shug‘ullana boshlaganidan so‘ng, u boshqaradigan tijorat tuzilmalari mudofaa vazirligiga ko‘mir, dizel yonilg‘isi yetkazib berish, butun Rossiyadagi harbiylarga hammom va kirxona xizmatlari ko‘rsatish, kazarmalar va harbiy garnizon hududlarini yig‘ishtirib-tozalash bo‘yicha autsorsing xizmati ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalarga ega bo‘ladi. Prigojin qurilish bo‘yicha kontraktlarni ham qo‘lga kirita boshlaydi.

2018 yil yanvarida «Novaya gazeta» Suriyada «Vagner» XHKning bir necha ming jangarilari jang qilgani haqidagi surishtiruvni e’lon qiladi. «Vagner» tuzilmasiga to‘rtta razvedka-shturm rotasi, artilleriya divizoni, tank rotasi, diversiya-razvedka rotasi, injyenerlik-sapyorlik rotasi, shtablar va yordamchi bo‘linmalar kiradi. O‘sha surishtiruvda jurnalistlar jangarilarni moliyalashtirish Yevgeniy Prigojin bilan affillangan «Yevro Polis» MChJ orqali amalga oshirilganini yozishgan.

«Vagner» XHKni harbiy texnika, qurol-yarog‘ va o‘q-dori bilan RF mudofaa vazirligi ta’minlagan. Vagnerchilarga harbiy vazifalarni ham RF harbiy idorasi ofitserlari va generallari qo‘yishgan. Aynan ular «xususiylar»ning aviatsiya va Suriya armiyasi bo‘linmalari bilan birgalikda harakatini muvofiqlashtirib turishgan.

2018 yil fevralida «Vagner» XHK AQSh harbiy-havo kuchlarining raketa bomba zarbasiga duchor bo‘ladi va bir kun ichida Suriya urushidagi eng katta yo‘qotishlarga uchraydi.

O‘sha paytda RLDP yetakchisi bo‘lgan Vladimir Jirinovskiy matbuot anjumanida shunday deydi: «Hozir Suriyada katta guruh talafotga uchradi. 300 oila otasiz, ersiz qoldi». Sobiq deputat Viktor Aleksnis boshqa raqamlarni tilga oladi: 7 fevraldan 8 fevralga o‘tar kechasi Suriyada 334 nafar rossiyalik halok bo‘ladi.

Yevgeniy Prigojin Ukrainada halok bo‘lgan «Vagner» XHK jangarilarini dafn etish marosimida. 2022 yil dekabri. Foto: Aleksey Smagin / Kommersant’

O‘zi o‘shanda nima bo‘lgan edi?

2018 yil 7 fevralida Suriyaning Dayr-az-Zur shahridan 80 km sharqroqda, Frot daryosining so‘l qirg‘og‘ida AQSh tomonidan boshqarilayotgan g‘arb koalitsiyasi va Suriya hukumatparast bo‘linmalari o‘rtasida katta to‘qnashuv yuz beradi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, shu hududda kurdlarning harbiylashgan guruhlari tomonidan nazorat qilayotgan neftni qayta ishlash zavodini qo‘lga kiritish uchun kurashayotgan «Vagner» XHKning bir necha yuz jangarilari ham bo‘lishgan.

O‘z ittifoqchilarini qo‘llab-quvvatlash uchun AQSh harbiy havo kuchlari F-15Es, Mq-9s, Ac-130s, Ah-64 Apache kabi samolyot va vertolyotlardan iborat aviaguruhni osmonga ko‘taradi. Qatardagi Al-Udayd aviabazasidan Suriya tomoni ikkita B-52 bombardimonchi samolyotlari ham parvoz qiladi.

AQSh harbiy havo kuchlari aviaguruhi Frot daryosining so‘l sohili uzra kutilmaganda paydo bo‘lib qolmaydi. Suriya havo kengliklariga uchib kirishdan avval samolyotlar Rossiyaning Suriya hududidagi va O‘rta Yer dengizida joylashgan kemalaridagi havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali aniqlanadi. Bundan tashqari, amerikaliklar Suriyadagi Rossiya harbiy guruhi qo‘mondonligi bilan aloqaga chiqib, Frot daryosining so‘l qirg‘og‘idagi vaziyat bilan qiziqib ko‘rishadi.

«Novaya gazeta» 2018 yilda Xmaymim aviabazasidagi Rossiya qo‘mondonligida Amerika aviatsiyasi hujumini to‘xtatish uchun yetarli vaqt bo‘lgani haqida yozgan edi. Amerikalik hamkasblariga Frot daryosining so‘l sohilida Rossiyaning ko‘p miqdordagi qurollangan fuqarolari borligini ma’lum qilishga ham fursatlari bo‘lgan. Agar Suriyadagi Rossiya harbiy qo‘mondonligi neftni qayta ishlash zavodi uchun kurashda rossiyaliklar ishtirok etayotganini oshkor etishni istamagan bo‘lsa, ular «Vagner» XHK rahbariyatini AQSh HHK havodan raketa va bombalar bilan yopirilma zarba berishi mumkinligidan ogohlantirsa bo‘lardi.

Bu voqea mudofaa vazirligi va Yevgeniy Prigojinning tijoriy munosabatlariga zarracha raxna solmagan edi. Prigojin tuzilmalarining harbiy idora bilan shartnomalariga ham ta’sir o‘tkazmagan edi. Birortasi bekor qilinmagan yoki to‘xtatilmagan edi. Bu o‘z-o‘zidan tushunarli. 2018 yilga kelib, «Vagner» XHK Afrikada mustahkam o‘rnashib olgan edi.

Mavzuga oid