Mali Ukraina mudofaa vazirligi bosh vazvedka boshqarmasi vakilining mamlakat shimolida malilik askarlar va rossiyalik yollanma jangchilar harbiy harakatlar o‘limiga olib kelgan harbiy harakatlar haqidagi izohi tufayli Kiyev bilan diplomatik aloqalarni uzganini e’lon qildi.
Isyonchi tuareglar G‘arbiy Afrikadagi ushbu mamlakat shimolida bir necha kunlik janglar vaqtida «Vagner»ning kamida 84 yollanma jangchisi hamda 47 nafar malilik askarni o‘ldirganini ma’lum qilgan. Bu «Vagner» isyonchi guruhlarga qarshi kurashda Mali harbiylariga yordam ko‘rsatish uchun ushbu mamlakatdagi mojaroga aralashganidan buyon o‘tgan ikki yil ichida rossiyaliklarning harbiy xususiy kompaniyasining eng yirik yo‘qotishi bo‘ldi.
Ukraina razvedkasi vakili Andrey Yusov ukrainlarning harbiy harakatlardagi ishtirokini tasdiqlamagan, ammo 29 iyul kuni Ukrainadagi teleefirda malilik isyonchilar hujumni amalga oshirish uchun kerakli ma’lumot bilan ta’minlanganini aytgandi.
«Isyonchilar rossiyalik harbiy jinoyatchilarga qarshi muvaffaqiyatli harbiy amaliyot o‘tkazishga imkon bergan zarur ma’lumotlarni olishgandi va bu hammasi emas», — degandi Yusov (iqtibos «Ukrainskaya pravda»dan).
Bir necha yil oldin davlat to‘ntarishi orqali Mali boshqaruviga kelgan harbiylar uning so‘zlarini og‘riqli qabul qilgan. O‘tish davri hukumati darhol Ukraina bilan diplomatik aloqalarni uzishga qaror qilgan.
Mali rasmiylari fikricha, Yusov «Ukraina qurollangan terrorchi guruhning Mali mudofaa kuchlari a’zolari o‘limiga olib kelgan qo‘rqoqlarcha, xoinlarcha va vahshiyona hujumidagi ishtirokini tan olgan» (iqtibos Reuters agentligidan).
«Ukraina hukumatining harakatlari Malining suverenitetini buzadi, tashqi aralashuv doirasidan chiqadi, bu o‘z-o‘zidan qoralashga loyiq va Maliga qarshi ochiq tajovuz hamda xalqaro terrorizmni qo‘llab-quvvatlash demakdir», — deyiladi Mali hukumati bayonotida.
Avvalroq Afrikaning boshqa mamlakatlarida ham Kiyev manziliga qaratilgan protestlar yangragandi. Senegal tashqi ishlar vaziri juma kuni Ukraina elchisi Yuriy Pivovarovni chaqirtirgan — bunga elchixona rasmiy sahifasida elchi «terrorchilik hujumini ochiqchasiga qo‘llagani» aks etgan video joylashtirilgani sabab bo‘lgan.
















