O‘zbekiston | 21:01 / 02.01.2021
54220
3 daqiqa o‘qiladi

1 yanvardan bir qator faoliyat turlari uchun litsenziya olish tartibi bekor qilindi

Foto: Shutterstock

Prezident farmoniga asosan, 2021 yil 1 yanvardan ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi bekor qilindi.

Jumladan, farmatsevtika sohasida (dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish bundan mustasno):

  • tibbiyot buyumlari ishlab chiqarish;
  • tibbiyot buyumlarini tayyorlash;
  • tibbiyot buyumlarini ulgurji realizatsiya qilish;
  • dorivor o‘simlik xomashyosini qadoqlash va ulgurji sotish kabi faoliyat turlari uchun litsenziya olish tartibi bekor bo‘ldi.

Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyati esa bundan mustasno hisoblanadi. Ya'ni ushbu mahsulotlarni dorixonada sotish faoliyati uchun litsenziya olish tartibi saqlab qolinadi.

Endilikda fonogrammalarni tayyorlash, yuklarni avtomobil transportida shaharda va shahar atrofida, shuningdek, shaharlararo tashish faoliyatlari uchun ham litsenziya olinmaydi. Shuningdek, baholash va auditorlik faoliyatlarini ham litsenziyalash tartibi bekor bo‘ldi. Buning o‘rniga ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchilarga malaka sertifikati berish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, quyidagi ayrim faoliyat turlari uchun litsenziya olish o‘rniga vakolatli organni xabardor qilish tartibiga o‘tilmoqda:

  • qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlarini hamda boshqa buyumlarni ishlab chiqarish faoliyati;
  • maktabdan tashqari ta'lim, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash va chet tillarni o‘rgatish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish kabi nodavlat ta'lim faoliyatlari;
  • veterinariya davolash-profilaktika ishlari;
  • neft mahsulotlarini (avtobenzin, aviabenzin, ekstrabenzin, dizel yonilg‘isi, aviakerosin, mazut, pechka qoramoyi, neft bitumi, shuningdek, texnik moylar va moylash materiallarini) realizatsiya qilish, bundan zavodda idishlarga qadoqlanganlari mustasno;
  • geodeziya va kartografiya faoliyati;
  • vakolatli banklar tomonidan naqd xorijiy va (yoki) milliy valutani olib kirish.

Ruxsat berish xususiyatiga ega quyidagi hujjatlarni olish o‘rniga vakolatli organni xabardor qilish tartibiga o‘tilmoqda:

  • bank filialini ro‘yxatga olish uchun ruxsatnoma;
  • oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyati bo‘yicha ruxsatnoma;
  • mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozorining professional ishtirokchilari yagona reyestriga kiritilgani to‘g‘risida guvohnoma.

Ma'lumot uchun, vakolatli organni xabardor qilishda ushbu organga xabarnoma jo‘natish kifoya qiladi.

Mavzuga oid