O‘zbekiston | 10:17 / 10.06.2018
27183
3 daqiqa o‘qiladi

Chorvoq yo‘lida yangi foto va videoradarlar o‘rnatildi

Toshkent viloyati hududida piyodalar, yosh bolalar bilan bog‘liq hamda boshqa turdagi og‘ir oqibatli yo‘l transport hodisalari salmog‘ini kamaytirish va fuqarolar xavfsizligini taminlash maqsadida 4R «Bektemir — Chorbog‘» avtomobil yo‘lining 7-, 9- va 11-kilometrlari oralig‘i, ya'ni Bordonko‘l MFYda, 14- va 17-kilometrlari oralig‘i, ya'ni Istiqlol MFYda, «Yangibozor — Parkent» avtomobol yo‘lining 3- va 7-kilometrida hamda «Toshkent — Olmaliq» avtomobil yo‘lining 29-kilometrida, Polvonak MFYda yangi namunadagi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari o‘rnatildi.

Ushbu maxsus avtomatlashtirilgan foto qayd qiluvchi radar hozirgi zamon talablariga to‘liq javob bergan holda ishni amalga oshiradi. Maxsus avtomatlashtirilgan foto qayd qiluvchi radar belgilangan tezlikdan yuqori harakatlanayotgan avtoulov tezligini qayd etib va shu vaqtning o‘zida yul harakati qoidalari buzilgani bo‘yicha jarima solish to‘g‘risida ma'muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsning ishtirokisiz transport vositalarining mulkdorlariga qonunchilikda belgilangan tartibda qarorlar chiqarilib foto tasvir ilova qilinib, avtoulov egasi yashash manziliga jo‘natiladi.

«Eslatib o‘tamizki, ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 291-moddasi talablari asosida 60 kun muddat  ichida jarimalarni to‘lamaslik, jarima to‘lagunga qadar transport vositasini jarima maydoniga qo‘yishga asos bo‘ladi», deb yozadi Toshkent viloyati IIB YHXB Matbuot xizmati.

Yo‘l harakati qoidasini buzgan haydovchilarni aniqlashga mo‘ljallangan, avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari Toshkent viloyatining boshqa asosiy yo‘llari hamda shahar va tumanlarida bosqichma-bosqich o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq M39 «Olmaota — Bishkek — Toshkent — Termiz» avtomobil yo‘liga o‘rnatilgan fotoradarlar ishga tushgani haqida xabar bergan edik.

Mavzuga oid