2021 yil 1 yanvardan identifikatsiya ID-kartalari joriy etiladi - Prezident farmoni
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi.
Farmon asosida, mavjud biometrik pasport tizimi infratuzilmasi negizida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik pasporti o‘rniga 2021 yildan boshlab identifikatsiya ID-kartalarini rasmiylashtirish va berish tizimi joriy etiladi.
Identifikatsiya ID-kartasining blankasida egasining millati haqidagi ma'lumotlar ko‘rsatilmasdan, ID-kartaning chipiga kiritiladi.
Fuqaro o‘z ID-kartasini olish yoki almashtirish yuzasidan o‘z vaqtida murojaat qilmagan, yaroqsiz holga keltirgan va yo‘qotib qo‘ygan taqdirda, ma'muriy javobgarlikka tortilmaydi.
Yangi tug‘ilgan bolaga identifikatsiya ID-kartalari majburiy berilmasdan, uning tug‘ilishi FHDYo organi tomonidan qayd etilib, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma taqdim qilinganidan so‘ng ota-onasi, vasiylari (homiylari) ixtiyoriga ko‘ra rasmiylashtiriladi.
O‘rnatilayotgan tartibga ko‘ra:
- identifikatsiya ID-kartalari belgilangan hujjatlar qabul qilib olingandan so‘ng 1 ish kuni mobaynida rasmiylashtirib beriladi;
- identifikatsiya ID-kartasini rasmiylashtirish uchun murojaat o‘zgalar yordamiga muhtoj qariyalar va nogironligi bo‘lgan shaxslardan kelib tushganda mas'ul xodim tomonidan 15 kun muddatda ushbu shaxslarning yashash manziliga borgan holda identifikatsiya ID-kartasi rasmiylashtiriladi va ko‘rsatilgan xizmat uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.
Farmon bilan, O‘zbekiston fuqarosining identifikatsiya ID-kartasi to‘g‘risidagi va O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet davlat fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning identifikatsiya ID-kartasi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi.
O‘zbekiston fuqarolari biometrik pasportlari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxs va chet davlat fuqarolarining yashash guvohnomalarini identifikatsiya ID-kartalariga almashtirish:
- birinchi bosqichda 2021 yil 1 yanvardan 2022 yil 31 dekabrgacha ixtiyoriylik asosida 16 yoshga to‘lganda hamda qonunchilikda ko‘zda tutilgan boshqa sabablarga ko‘ra;
- ikkinchi bosqichda 2023 yil 1 yanvardan 2030 yil 31 dekabrgacha majburiy tartibda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik pasporti 2031 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Mavzuga oid
11:59 / 20.11.2024
O‘zbekistonning Qozog‘iston va Tojikiston bilan chegarasidan ID-karta orqali o‘tish mumkin bo‘ladi
12:13 / 06.04.2024
Ayrim shaxslar yo‘qotilgan pasport va ID-kartani almashtirib berishda davlat bojidan ozod etiladi
14:38 / 25.08.2023
O‘zbekistonliklar 1 sentabrdan Qirg‘izistonga ID-karta orqali o‘tishi mumkin bo‘ladi
11:00 / 27.05.2023