O‘zbekiston | 08:43 / 17.09.2020
25892
11 daqiqa o‘qiladi

Yangi Mehnat kodeksi loyihasi e'lon qilindi

Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Kodeks va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Mehnat kodeksining yangi tahriri loyihasi e'lon qilindi.

Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning maqsadi – xodimlar, ish beruvchilar va davlat manfaatlarini, ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan yakka mehnat va ijtimoiy munosabatlarda muvozanat va muvofiqlikni ta'minlash asosida tartibga solishdan iborat.

Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

xodimlarning mehnat huquqi va erkinligi, shuningdek, mehnat qilish huquqi, erkin ish tanlash, adolatli va xavfsiz mehnat sharoitlari va ishsizlikdan himoyalanish huquqlariga oid davlat kafolatlarini o‘rnatish;

ish beruvchilarning kadrlarni tanlash, joylashtirish va samarali mehnat jarayonini tashkil etish bo‘yicha huquqlari amalga oshirilishini ta'minlash;

mehnat sohasida ijtimoiy sheriklikni rag‘batlantirish va rivojlantirish;

xodimlar va ish beruvchilarning huquqlari va manfaatlari samarali himoya qilinishini ta'minlash;

mehnat bozorining samarali ishlashini ta'minlash.

Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik quyidagilarni tartibga soladi:

xodimlar va ish beruvchilar o‘rtasidagi yakka tartibdagi mehnat munosabatlari;

yakka tartibdagi mehnat munosabatlari bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni.

Yakka tartibdagi mehnat munosabatlari bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarga quyidagilar kiradi:

xodimning ayni ish beruvchi bilan mehnat munosabatlari;

xodimni ayni ish beruvchi bilan kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha munosabatlari;

mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik jarayonida yuzaga keladigan jamoaviy mehnat munosabatlari;

mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, mehnat muhofazasi qoidalari va boshqa mehnat huquqlari bo‘yicha munosabatlarni o‘z ichiga olgan normativ hujjatlarga rioya etilishini tekshirish va nazorat qilish;

mehnat nizolarini ko‘rib chiqish bo‘yicha munosabatlar.

Agar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida yoki xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasida belgilangan mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari qoidalari chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, chet el fuqarolari yoxud fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan ta'sis etilgan yoki tashkil etilgan tashkilotlar, xalqaro tashkilotlar va chet el yuridik shaxslari ishtirokidagi tashkilotlarga ham tatbiq etiladi.

Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari me'yorlarini o‘z ichiga olgan boshqa normativ hujjatlarning amal qilishi davlat xizmatchilariga, shuningdek, qonunda nazarda tutilgan xususiyatlarga ega muqobil xizmatni o‘tayotgan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi.

Shartnoma asosida harbiy xizmatni o‘tayotganlarga, shuningdek, ichki ishlar organlarida, davlat xavfsizlik xizmatida xizmat o‘tayotgan harbiy xizmatchilar va boshqa ularga tenglashtirilgan shaxslar uchun mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari maxsus qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan doirada qo‘llaniladi.

Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari prokuratura organlari xodimlariga nisbatan “Prokuratura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga zid bo‘lmagan doirada qo‘llaniladi.

Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari qutqaruv xizmati qutqaruvchilari mehnat munosabatlarining qutqaruv xizmati to‘g‘risidagi maxsus qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagan qismlarini tartibga soladi.

Sud hukmi bilan sodir etgan jinoyati uchun jazoni o‘tayotgan shaxslarning mehnat munosabatlari mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksida nazarda tutilgan imtiyozlar va cheklovlar bilan birga tartibga solinadi.

Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari me'yorlarini o‘z ichiga olgan boshqa normativ hujjatlar quyidagi shaxslarga nisbatan (agar ular ushbu Kodeksda belgilangan tartibda bir vaqtning o‘zida ish beruvchi yoki ularning vakillari sifatida ishtirok etmasa) qo‘llanilmaydi:

chaqiruv asosida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga;

kuzatuv kengashi a'zolari, tashkilotlarning taftish komissiyalari a'zolari (taftishchilari)ning ushbu tashkilotda tegishli funksiyalarni bajarishlari munosabati bilan;

fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida ishlar (xizmatlar) ko‘rsatuvchi shaxslar;

qonun hujjatlarida belgilangan boshqa shaxslar.

Agar munosabatlar, shaxsiy mehnatdan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lib, fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida yuzaga kelgan bo‘lsa, biroq keyinchalik ushbu Kodeksda yoki boshqa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mehnat munosabatlari deb tan olingan bo‘lsa, bunday munosabatlarga mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalari va mehnat normalarini o‘z ichiga olgan boshqa normativ hujjatlar qo‘llaniladi.

Yakka tartibdagi mehnat va u bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat:

xodimlar mehnat huquqlarining tengligi hamda mehnat va bandlik sohasidagi kamsitishlarning taqiqlanishi;

ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy tartibga solishda asoslangan farqlarni o‘rnatish;

mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash;

mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik;

mehnat huquqlari va mehnat majburiyatlari bajarilishini ta'minlash kafolati;

xodimning huquqiy holati yomonlashuviga yo‘l qo‘ymaslik.

Har kim mehnat huquqlarini amalga oshirishda va himoya qilishda teng imkoniyatlarga ega.

Mehnat va kasbiy faoliyatda kamsitish taqiqlanadi. Mehnat va kasbiy faoliyat sohasida jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati va mansab mavqei, dinga bo‘lgan munosabati, e'tiqodi, jamoat birlashmalariga mansubligi, shuningdek, xodimlarning ishchanlik qobiliyatlariga va ular mehnatining natijalariga aloqador bo‘lmagan boshqa jihatlariga qarab har qanday to‘g‘ridan-to‘g‘ri cheklashlar yoki imtiyozlar belgilash kamsitish deb hisoblanadi.

Mehnat va (yoki) kasbiy faoliyat sohasida o‘zini kamsitilgan deb hisoblagan shaxs kamsitish fakti bo‘yicha belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin. Kamsitilgan shaxsning kamsitishni bartaraf etish, buzilgan huquqlarini tiklash va unga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararni qoplash to‘g‘risidagi da'volari qanoatlantiriladi. Kamsitilgan shaxsga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararni qoplash to‘g‘risidagi nizolar sud tartibida hal etiladi, kamsituvchi xususiyatga ega harakatlarda aybdor bo‘lgan shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

Mehnat va kasbiy faoliyatning muayyan turiga xos bo‘lgan talablar yoki yuqoriroq ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan shaxslar (oilaviy majburiyati bo‘lgan shaxslar, voyaga yetmaganlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va boshqalar) to‘g‘risida alohida g‘amxo‘rlik bilan bog‘liq asosli farqlashlar, istisnolar, imtiyozlar kamsitish deb hisoblanmaydi.

Ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy tartibga solishdagi asoslangan farqlar xodimning ish beruvchi bilan mehnat munosabatlarining xususiyati, mehnat faoliyatini amalga oshirish joyi, xodim mehnatining shartlari va xususiyati, ish beruvchining holati, ayrim tarmoqlar va kasblarning o‘ziga xos xususiyatlari, organizmning psixofiziologik xususiyatlari, oilaviy majburiyatlar va boshqa xolisona holatlar tufayli bo‘lishi mumkin.

Mehnat erkinligi har kimning o‘z mehnat qobiliyatidan kelib chiqib, ularni qonun bilan taqiqlanmagan har qanday shaklda amalga oshirish, mehnat faoliyatining tashkiliy-huquqiy shakllarini, faoliyat turini, kasb va mutaxassislikni, ish joyini va mehnat sharoitlarini erkin tanlash huquqini anglatadi.

Mehnat munosabatlari bilan bog‘liq mehnat erkinligi, mehnat shartnomasi erkinligida namoyon bo‘ladi, bu quyidagilarni anglatadi:

xodimlar va ish beruvchilarning mehnat shartnomasini tuzishdagi erkinligini, xodimni va ish beruvchini mehnat shartnomasi tuzishga majburlashga yo‘l qo‘yilmasligini. Agar ish beruvchining shartnoma tuzish majburiyati ushbu Kodeksda, qonunda yoki ixtiyoriy majburiyatda nazarda tutilgan bo‘lsa, ish beruvchi xodim bilan mehnat shartnomasini tuzishga majburligini;

mehnat shartnomasining shartnomaviy (zaruriy va qo‘shimcha) shartlarini tomonlarning kelishuviga ko‘ra belgilashni;

ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra mehnat shartnomasini o‘zgartirish imkoniyatini;

har qanday mehnat shartnomasini tomonlarning roziligi bilan istalgan vaqtda bekor qilish imkoniyatini;

ushbu Kodeksda belgilangan tartibda, xodimning o‘z tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish huquqi;

mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish uchun ushbu Kodeksda belgilangan asoslar mavjud bo‘lsa, xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish huquqi;

ushbu Kodeksda belgilangan hollarda mehnat shartnomasida uni bekor qilishning qo‘shimcha asoslarini nazarda tutish imkoniyati.

Majburiy mehnat taqiqlanadi.

Har qanday jismoniy shaxsdan, o‘z ixtiyori bilan o‘z xizmatini taklif qilmaganligi uchun jazolash tahdidi ostida talab qilinadigan har qanday ish yoki xizmat majburiy mehnat deb e'tirof etiladi. Jazolash tahdidi ostida deganda, jismoniy shaxsga, uning ixtiyoriy roziligi bo‘lmagan mehnat faoliyatini amalga oshirishga majbur qiladigan har qanday moddiy, jismoniy yoki ruhiy ta'sir choralarini qo‘llash yoki tahdid qilish tushuniladi.

Majburiy mehnat quyidagilarni o‘z ichiga olmaydi:

harbiy xizmat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari asosida harbiy xususiyatdagi ishlarni yoki muqobil xizmat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari asosida amalga oshiriladigan ishlarni bajarishni;

favqulodda yoki harbiy holat joriy qilinishi munosabati bilan bajarilishi belgilangan ishlarni;

sud hukmining qonuniy kuchga kirishi munosabati bilan sud hukmining qonun hujjatlariga muvofiq ijro etilishi uchun mas'ul bo‘lgan davlat organi nazorati ostida bajarilgan ishlarni.

Mavzuga oid