Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qashqadaryodagi dahshatli avtobus halokati, 26 qurbon va 2 ming so‘m “pora” – sudlangan IIB xodimi 16 yildan so‘ng oqlandi
2009 yil 1 maydan 2 mayga o‘tar kechasi “Ko‘kdala-Chimg‘uzor” avtomobil yo‘lida mudhish YTH sodir bo‘lgan: 51 nafar yo‘lovchi olib ketayotgan avtobus yo‘l chetida turgan ekskavatorga katta tezlikda borib uriladi va uning 26 yo‘lovchisi halok bo‘ladi. Mustaqil O‘zbekiston tarixidagi eng yirik avtohalokatlardan biri sifatida eslanadigan ushbu hodisadan keyin o‘sha tunda “Umakay” YPX maskanida xizmat olib borgan kinolog ham javobgarlikka tortiladi.
Dahshatli YTH va 26 qurbon
2009 yil 1 may. Ish va turli tashvishlar bilan poytaxtga kelib, ortga qaytayotgan surxondaryoliklar hamda biror yumush bilan ushbu viloyatga borayotganlar yo‘lovchi sifatida Mersedes-Bens avtobusiga o‘tirishadi. 51 nafar yo‘lovchi mingach, avtobus Toshkent shahridan Qashqadaryo viloyatiga qarab yo‘l oladi. Albatta, yo‘lovchilar oldinda ularni ayanchli avtohalokat kutayotganini bilishmasdi.
Haydovchi avtobusni shamolday yeldirib borar, yo‘lovchilar tun bo‘lgani uchun bamaylixotir uxlab ketishardi. Soat 00:17 da “Umakay” YPX maskaniga yetib boriladi. U davrda har bir viloyat, ayrim hududlarda hatto har bir tuman chegarasida YPX maskanlari bo‘lgan. “Umakay” maskanidan o‘tgan avtobus yo‘lini davom etadi. Bu paytda yomg‘ir ham yog‘ayotgan, yo‘lni ko‘rish masofasi biroz cheklangandi. Qamashi tumanida, “Ko‘kdala-Chimg‘uzor” avtomobil yo‘lining 42-kilometriga yetganda avtobus yo‘l chetida turgan ekskavatorga katta tezlikda borib uriladi. Oqibatda 51 nafar yo‘lovchining 26 nafari halok bo‘ladi. 20 nafardan ortiq yo‘lovchi turli darajada tan jarohati oladi.
Ushbu yirik YTH mahalliy nashrlarda yoritilmagan. Jamoatchilik bu haqda xorij OAV orqali xabar topgan.
“Aybdor” kinolog
Mersedes-Bens avtobusi “Umakay” YPX maskanidan o‘tganida “post”da o‘sha vaqtda Qashqadaryo viloyati IIB YHXB kinologiya guruhida inspektor kinolog vazifasida ishlagan Akrom Turdiyev xizmat vazifasini o‘tayotgandi. Avtobus YTHga uchragach unga nisbatan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi va kinolog 2009 yil 14 may kuni qamoqqa olinadi.
Akrom Turdiyev pora olish va mansab soxtakorligi jinoyatlarida ayblanadi. JIB Chiroqchi tuman sudining 2009 yil 13 iyuldagi hukmi bilan unga 1 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, ish haqining 30 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
O‘sha davrda viloyatlar chegarasidagi YPX maskanlarida pasport rejimi amalda bo‘lgan. Ya’ni bir viloyatdan ikkinchi viloyat hududida o‘tayotgan avtobuslar tekshirilib, hatto yo‘lovchilarning fuqarolik pasporti ko‘zdan kechirilgan.
Sudning hukmida Akrom Turdiyev ana shu ishni bajarmaslik uchun YTHga uchragan avtobus haydovchisidan 2 ming so‘m pora olgani keltirilgan. “Akrom Turdiyev masabdor shaxs bo‘lgan holda 2009 yil 1 maydan 2 mayga o‘tar kechasi soat 00:17 da o‘tgan Mersedes-Bens rusumli avtobusni to‘xtatib, o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda avtobus ish boshqaruvchisidan haydovchilarning hujjatlarini, ularning belgilangan tartib qoidalarga rioya qilib, avtobusni boshqarib kelayotganligini hamda avtobus bagaji va yo‘lovchilarning hujjatlarini tekshirib, ularni ovora qilgan holda YPX maskanida ushlab turmaslik evaziga 2000 so‘mni pora tariqasida olgan”, deyiladi sud hujjatida.
Shuningdek, hukmda Akrom Turdiyev 2000 so‘m pora evaziga avtobusni “Umakay” YPX maskanidan maxsus daftarga qayd qilmasdan o‘tkazib yuborgani, so‘ngra transport vositasi YTHga uchraganini eshitib, daftarga haydovchilar nomidan soxtalashtirgan holda o‘zi imzo qo‘ygani aytiladi.
“Mening vakolatim bo‘lmagan”
Oradan 16 yil o‘tib, kinolog mazkur jinoyat ishi bo‘yicha kassatsiya tartibida shikoyat kiritdi. U o‘z shikoyatida o‘sha holatda aybi bo‘lmaganini aytib, suddan oqlov hukmi chiqarishni so‘ragan.
“Menga portlovchi moddalar va giyohvandlik vositalarini topuvchi ikkita it xizmat yuzasidan biriktirilgandi. “Umakay” YPX maskanida xizmat olib borgan vaqtimda menda haydovchilarni to‘xtatib, ularga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish va jarima qo‘llash vakolati bo‘lmagan. Haqiqatan 2009 yil 1 maydan 2 mayga o‘tar kechasi “Umakay” YPX maskanidan Mersedes-Bens rusumli avtobus o‘tdi. Vakolatimga kirmasa-da, avtobus haydovchisiga yo‘lda ogoh bo‘lishi uchun viloyat IIB tomonidan ishlab chiqilgan, haydovchilarni yo‘lda sergaklikka undovchi broshyurani berganman. Tergov organi tomonidan menga noto‘g‘ri ayb e’lon qilingan: hech kimdan pora olmaganman va biror rasmiy hujjatni soxtalashtirmaganman. Ushbu avtobus yo‘l-transport hodisasiga uchraganidan so‘ng meni ishdan bo‘shatishdi”, degan Akrom Turdiyev suddagi ko‘rsatmasida.
“Pora bermaganman”
Jinoyat ishidagi jabrlanuvchi ham kinologga pora bermaganini, shifoxonada yotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari kelib, 2000 ming so‘m bergani haqida yozdirib olishganini ma’lum qilgan.
“Mersedes-Bens avtobusi otamga tegishli bo‘lgan. Shu sababli haydovchilar bilan birgalikda “Surxondaryo-Toshkent” yo‘nalishida odam tashish faoliyati bilan shug‘ullanib kelganman. 2009 yil 1 maydan 2 mayga o‘tar kechasi Toshkent shahridan Surxondaryo viloyatiga qaytishda Qamashi tumani hududida avtobus yo‘l chetida turgan ekskavator bilan to‘qnashdi. O‘sha kuni “Umakay” YPX maskanidan o‘tgan vaqtimizda inspektorga 2000 so‘m pul bermaganman. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida jarohat olib, shifoxonada yotgan vaqtim huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari kelishdi va mendan 2000 so‘m pulni inspektorga berganim haqida ariza yozdirib ketishdi. O‘zim biror idoraga ariza bilan murojaat qilmaganman”, degan u ko‘rsatmasida.
Shuningdek, jabrlanuvchi avtobusning barcha hujjatlari joyida bo‘lganini, inspektorga pul berishiga biror sabab bo‘lmaganini bildirgan.
16 yildan so‘ng oqlov
Jinoyat ishi yaqinda kassatsiya tartibida ko‘rib chiqildi.
Kassatsiya instansiyasi hukmida keltirilishicha, pora olish mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga shaxsan o‘zi yoki vositachi orqali qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoxud mulkiy naf ko‘rishida ifodalanadi. Arizachining ko‘rsatmasi, shaxsning aybiga iqrorlik ko‘rsatmalari bilan tasdiqlangan holatlar ham boshqa obektiv dalillar aniqlanmagan taqdirda ayblash uchun yetarli asos bo‘la olmaydi.
Biroq Akrom Turdiyevni pora olish jinoyati sodir etganlikda ayblash uchun faqatgina jabrlanuvchining ko‘rsatuvi asos qilib olingan. Bu boshqa obektiv dalillar bilan asoslantirilmagan, tezkor tadbir o‘tkazish choralari ko‘rilmagan, pul pora predmeti sifatida ashyoviy dalil tariqasida olinmagan, ish bo‘yicha maqbul dalil to‘planmagan. Jabrlanuvchi YPX maskanidan o‘tish davomida inspektorga 2000 so‘m berib ketgani uni pora olganlikda ayblash uchun yetarli dalil emas, chunki inspektor pora olishi jarayonida ushlanmagan, aynan pora olish fakti bilan bog‘liq telefon so‘zlashuvlarini amalga oshirmagan. Shu asoslar bilan sud Akrom Turdiyevning pora olishda ifodalangan aybini tasdiqlovchi ishonchli dalillar mavjud emas hamda ayni vaqtda bunday dalillarni to‘plash imkoniyati ham yo‘qolgan degan xulosaga kelgan.
Mansab soxtakorligi aybi bo‘yicha esa sud YPX maskanidan o‘tadigan avtobus va mikroavtobuslarni tekshirib, ogohlantirilganini qayd qilish daftari rasmiy hujjat hisoblanmaydi va biron bir huquqiy ahamiyat kasb etmaydi, degan to‘xtamga kelgan. Qolaversa, ushbu daftarda haydovchilarning imzolari Akrom Turdiyev yoki boshqa shaxs tomonidan qo‘yilgani haqida sud-xatshunoslik ekspertizasi o‘tkazilmagan. Shu sababli kassatsiya sudi tergov organi va birinchi instansiya sudi tomonidan Akrom Turdiyevga nisbatan bu borada ham gumon va taxminlarga asoslangan holda ayb e’lon qilingan, degan xulosaga kelgan.
Qashqadaryo viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2025 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan dastlabki sud hukmi bekor qilindi. Akrom Turdiyevning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmagani sababli u aybsiz deb topildi va oqlandi. Jinoyat ishi harakatdan tugatildi.
Shu tariqa, sudlangan paytida 34 yoshda bo‘lgan kinolog oradan 16 yil o‘tib, 50 yoshida oqlandi.
Ruslan Saburov,
Kun.uz
Mavzuga oid
21:12 / 29.03.2026
Toshkentda birdaniga 8 ta avtomobil ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘ldi
11:36 / 25.03.2026
Nurafshon va Bektemirni bog‘lovchi tezyurar avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi
09:48 / 23.03.2026
Qashqadaryoda hokim yordamchisi va yetakchi mutaxassis pora bilan ushlandi
12:12 / 20.03.2026