O‘zbekiston | 17:49 / 24.04.2026
5255
4 daqiqa o‘qiladi

«Go‘sht va kartoshkadan hech qanday muammo bo‘lmasligi kerak» – prezident

Prezident yil yakunigacha go‘sht importini 130 ming tonnaga yetkazish topshirig‘ini berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 24 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yil boshidan dunyoda neft narxi 40 foizga oshgani, ro‘y berayotgan ziddiyatlar oqibatida qulay logistika koridorlarini o‘zgartirishga to‘g‘ri kelayotgani qayd etildi. Bu mahalliy mahsulotlarning eksportida ham, asosiy iste’mol tovarlarining importida ham tashish xarajatlarini 25-30 foizga oshirmoqda. 

«Qancha harakat qilib, iqtisodiyotni o‘stirmaylik, agar inflatsiya ham oshib boraversa, aholi va tadbirkorlar hayotida ijobiy o‘zgarish sezilmaydi. Chunki tovar, ish va xizmatlar narxining oshishi ko‘paygan daromadni qadrsizlantiradi», – dedi prezident.

Inflatsiya importi ichki narx-navoga 1 foizgacha qo‘shimcha bosimni yuzaga keltirmoqda. 

Shunday bo‘lsa-da, tashqi bosimni bahona qilib, inflatsiya bo‘yicha ishlarni o‘z holiga tashlab qo‘ymaslik lozimligi ko‘rsatib o‘tildi. 

«Barcha rahbarlar katta harflar bilan yozib olsin: inflatsiyaga ta’sir qiladigan iste’mol savatidagi mahsulot va xizmatlarning 70 foizi o‘zimizniki», – dedi davlat rahbari. 

Mutasaddilar va hokimlarga joriy yilda inflatsiyani 6,5 foiz darajasida saqlab qolish uchun mahalliy mahsulotlar taklifini ko‘paytirib, narxini arzonlashtirishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Logistikadagi uzilishlar oqibatida birinchi chorakda qoramol importi 2 karra kamaydi. Bunga tezkor yechim topilib, samolyotda tashiladigan har bir naslli qoramol uchun 4 million so‘mgacha, go‘sht importida transport xarajatining yarmini qoplash yo‘lga qo‘yildi. 

Shu bilan birga, mahalliy tadbirkorlar uchun muqobil transport koridorlarini ham ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu orqali ikkinchi chorakda 45 ming tonna, yil yakunigacha jami 130 ming tonna go‘sht importini ta’minlash zarurligi qayd etildi. 

Mutasaddilarga qayerda to‘siq bo‘lsa, qayerda yuk to‘xtab qolsa, tadbirkorlar masala ko‘tarishini kutmasdan, onlayn monitoring orqali operativ yechim qilib berish topshirildi. 

Hududlarda 478 ming gektarda ozuqa ekinlarini ekish rejalashtirilgan. Lekin Namanganda ozuqa yerining 74 foiziga haligacha ekin ekilmagani, chorvada imkoniyat katta bo‘lgan Zarbdor, Qiziltepa va Pop tumanlarida silos ekish boshlanmagani, Amudaryo, G‘ijduvon, Xonqa va Bag‘dodda ham ishlar qoniqarsiz ekani ko‘rsatib o‘tildi. Viloyat hokimlariga qoloqliklarni bartaraf etish topshirildi. 

Yana 100 ming gektar ekin yerini yangi tizim asosida auksionga chiqarish belgilangan. Har bir kun g‘animatligi, bu yerlarni tez-tez auksionga chiqarib, ekin ekish zarurligi qayd etildi. 

Sanoat plantatsiyasi tashkil qiladigan tadbirkorlarga katta imtiyoz va moliyaviy resurslar berilmoqda. Viloyat hokimlariga bu yil kamida 5 tadan yirik sanoatlashgan meva-sabzavot plantatsiyasini namunali qilib tashkil etish topshirildi.

Kartoshkaga bo‘lgan talabni qoplash uchun bu yilga reja qilingan 180 ming gektardan 118 ming gektariga urug‘lik ekildi. 

Lekin Qashqadaryoda bor-yo‘g‘i 41 foiz, Surxondaryoda 44 foiz maydonda kartoshka ekilgan. Mart oyining o‘zida kartoshka Surxondaryoda 12,4 foizga, Qashqadaryoda 9 foizga qimmatlashgani ko‘rsatib o‘tildi. 

Kartoshkachilikka ixtisoslashgan Xo‘jaobod, Andijon, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Yangiqo‘rg‘on, Toshloq, Farg‘ona tumanlarida ham ishlar qoniqarsiz deb baholandi. 

Sustkashlikka yo‘l qo‘ygan viloyat hokimlarining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlari va tuman hokimlarining mas’uliyati hamda javobgarligini oshirish topshirildi. 

«Takror aytaman: mablag‘ bor, resurs bor. Go‘sht va kartoshkadan hech qanday masala bo‘lmasligi kerak», – dedi prezident.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid