O‘zbekiston | 07:52 / 21.09.2017
92019
4 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev AQShda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklar bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 sentabr kuni Nyu-Yorkda Amerika Qo‘shma Shtatlarida istiqomat qilayotgan bir guruh vatandoshlar bilan uchrashdi. Ular orasida olimlar, ishbilarmonlar, xalqaro va jamoat tashkilotlari vakillari, talabalar bor. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi, bu yerda yashayotgan vatandoshlar bilan uchrashuvi ularga katta xursandchilik bag‘ishladi. 

“Amerika Qo‘shma Shtatlarida siz, qadrli yurtdoshlarimiz bilan uchrashib turganimdan bag‘oyat xursandman, - degan davlat rahbari. – Men ushbu tashrif chog‘ida sizlar bilan chin dildan, samimiy suhbatlashishni avvaldan rejalashtirib qo‘ygan edim. 

Vatandan yiroqda, musofirchilikda o‘z o‘rnini topish va haqli e'tirof qozonish naqadar mashaqqatli ekanini barchamiz yaxshi anglaymiz. Bunday katta yutuqlarga erishish har kimga ham nasib etavermaydi. 

Bugun sizlar bilan ochiq muloqot qilib, sizlar bilan yaqindan tanishish, mamlakatimiz oldida turgan katta-katta vazifalarni amalga oshirish borasidagi fikr va mulohazalaringiz, takliflaringiz bilan o‘rtoqlashish g‘oyat muhim, deb hisoblayman”. 

Prezident 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, Ma'muriy islohotlar konsepsiyasining ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Sud-huquq, moliya, kichik biznes, turizm, tibbiyot sohalaridagi o‘zgarishlar to‘g‘risida ma'lum qildi. 

O‘zbekistonda aholini uy-joy bilan ta'minlash, ilm-fan va ta'limni rivojlantirish, zamonaviy kadrlar tayyorlash bo‘yicha ulkan ishlar boshlangani ta'kidlandi. O‘zbekistonning yoshlarga oid davlat siyosatining mazmun-mohiyati, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining yoshlar huquq va manfaatlarini ta'minlash borasidagi faoliyati haqida so‘z bordi. 

Mazkur uchrashuv ochiq va samimiy ruhda o‘tdi. Prezident uchrashuvga kelgan har bir o‘zbekistonlikning hayoti va faoliyati bilan qiziqdi. 

Vatandoshlar ilm-fan, ta'lim, texnologiya, investitsiya va boshqa sohalarni rivojlantirish, O‘zbekiston va AQSh muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi. 

Shavkat Mirziyoyev ularga murojaat qilar ekan, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga daxldor bo‘lish, zamonaviy bilim va tajribalarini mamlakat rivojiga yo‘naltirishga da'vat etdi. 

“Mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shish istagida bo‘lgan barcha chet eldagi yurtdoshlarimizni O‘zbekistonga taklif etaman, - dedi davlat rahbari. – Men ularni qo‘llab-quvvatlashga va har tomonlama rag‘batlantirishga tayyorman. 

Barchangizning mamlakatimizni rivojlantirishga sidqidildan hissa qo‘shishga tayyor ekaningizni ko‘rib, chin dildan mamnun bo‘lib turibman. Hammamiz jonajon Vatanimiz ravnaqi yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib birlashsak, oldimizga qo‘ygan har qanday yuksak marraga albatta yetishimizga ishonaman”. 

Uchrashuvga yig‘ilganlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar xalq farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilishini qayd etdi. O‘zbekiston hukumatining xorijda yashayotgan yurtdoshlarga qaratayotgan e'tibori uchun minnatdorlik bildirdi. Ular O‘zbekistonni har tomonlama rivojlantirishga hissa qo‘shishga tayyor ekanliklarini ta'kidladi. 

Mirziyoyev Amerikada yashab, faoliyat ko‘rsatayotgan vatandoshlarga sihat-salomatlik, omad va muvaffaqiyatlar tiladi.

Mavzuga oid