O‘zbekiston | 08:34 / 05.06.2024
3073
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning mahsulot taqsimotiga oid barcha bitimlari xatlovdan o‘tkaziladi

Prezident vazirliklarga O‘zbekiston imzolagan mahsulot taqsimotiga oid barcha bitimlar va investitsiyaviy shartnomalarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish, so‘ng takliflar tayyorlash topshirig‘ini berdi. 

O‘zbekiston mahsulot taqsimoti bo‘yicha tuzilgan barcha shartnomalarni xatlovdan o‘tkazadi. Bu bozor islohotlarini jadallashtirish va milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti (JST) kelishuvlariga muvofiqlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonda nazarda tutilgan.

Energetika vazirligiga Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda 2024 yil 1 avgustga qadar O‘zbekiston tomonidan imzolangan barcha mahsulot taqsimotiga oid bitimlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazishni yakunlash topshirildi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Adliya vazirligi, Energetika vazirligi, «O‘zbekneftgaz» va «O‘zavtosanoat» bilan birgalikda ushbu sanaga qadar hukumat tomonidan imzolangan barcha investitsiya bitimlarini xatlovdan o‘tkazishi kerak.

Shundan so‘ng uning natijalari bo‘yicha prezident administratsiyasiga aniq takliflar kiritish zarur.

Bu milliy qonunchilikni JSTning Savdo bilan bog‘liq investitsiya choralari to‘g‘risidagi bitimiga (TRIMs), shu jumladan, mahalliylashtirish yoki eksport qilish bo‘yicha majburiyatlarni qo‘llamaslik talablariga moslashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Mavzuga oid