O‘zbekiston | 11:23 / 20.11.2022
30345
12 daqiqa o‘qiladi

Qadimda kelinlar taqqan zebigardon taqinchog‘i nega yurganda shiqirlaydigan qilib yasalgan?

Chayka qushi nima uchun o‘tloqda yer tepkilab raqsga tushadi? Portugaliyadagi kutubxona tunda kitoblarni muhofaza qilishda qaysi jonzotdan foydalanadi? – “Zakovat” teleo‘yini kuzgi mavsumining uchinchi o‘yinidan reportaj.

Foto: Zakovat

Kuzgi mavsumning uchinchi o‘yinida Bobur Yoqubov jamoasi ishtirok etadi.

Jamoa a’zolari (chapdan o‘ngga):

  • Nodirbek Qosimov - muhandis-texnolog;
  • Asror Norqulov - moliyachi;
  • Bobur Yoqubov - sud-tibbiy eksperti (jamoa sardori);
  • Nurbek Yo‘ldoshev - falsafa doktori;
  • Rustam Jabborov - jurnalist;
  • Ulug‘bek Qulmurodov - Davlat statistika qo‘mitasi xodimi.

1-raundda mehmonxona haqida savol o‘ynaldi. Besh yulduzli mehmonxonalardagi qo‘l sochiqlarida qoladigan dog‘lar qayerdan paydo bo‘lishi haqidagi savolga jamoa to‘g‘ri javob bera olmadi va hisob tomoshabinlar foydasiga ochildi – 0:1.

2-raundda jamoaga blits savollari tushdi. Blitsning birinchi savolida Amir Temur shimoliy davlatlarga yurish qilganida otliq askarlar nega ko‘p miqdorda namat olib yurgan, degan mazmunda bo‘ldi. Afsuski, jamoa blitsning birinchi savolidayoq qoqildi va hisob 0:2 ga aylandi.

Keyingi raund savoli chayka qushining g‘aroyib raqsi haqida bo‘ldi. Qush nega bunday raqsga tushishi haqidagi savolga jamoa muddatidan oldin javob berib, hisobni qisqartirdi. Hisob – 1:2.

To‘rtinchi raundda yana bir ajoyib savol o‘ynaldi. Qadimda kelinlar taqib yuradigan zebigardon taqinchog‘ini ustalar nega yurganda shiqirlab ovoz chiqaradigan qilib yasagan, degan savolga, afsuski, jamoa to‘g‘ri javob topa olmadi. Hisob – 1:3

O‘yin o‘zining hal qiluvchi nuqtasiga yaqinlashmoqda. Bilimdonlar ushbu o‘yinda ijobiy natija qilishni xohlashsa, yanada uyushqoq o‘ynashlari talab etiladi.

5-raundga kelib ham vaziyat o‘nglanavermadi. Jadidlar xalqqa o‘z fikrlarini yetkazishda ko‘proq nimadan foydalangan, degan savolga muhokama davomida to‘g‘ri variant aytilgan bo‘lsa-da, yakunda noto‘g‘ri variant tanlandi. Hisob – 1:4.

Navbatdagi raundda berilgan Portugaliyadagi muzeyning noodatiy kitob qo‘riqchilari haqidagi savolga jamoa to‘g‘ri javob izlashga astoydil harakat qilib ko‘rdi. Tajribali bilimdonlar javob topishda to‘g‘ri yo‘nalish oldi, biroq to‘g‘ri javob biroz boshqacha bo‘lib chiqdi. Hisob esa eng qaltis nuqtaga yetib bordi – 1:5.

Agar bilimdonlar ushbu raundda ham ochko ololmasa, teleo‘yinni tark etish xavfi ostida qoladi. Bunday holatga esa hech bir jamoa rozi bo‘lmaydi.

7-raund savoli Belarusdagi bir naql haqida bo‘ldi. Naqlga ko‘ra, ayollarga qaysi ishni qishda to‘xtatish tavsiya qilinmasligi so‘raldi. Yetarlicha variantga ega bo‘lmagan jamoa klub yordamiga murojaat qildi. Klub esa jamoaga bir necha variantlarni aytib ko‘rdi. Afsuski, klub tomonidan aytilgan variantlar orasida to‘g‘ri variant chiqqan bo‘lsa-da, jamoa noto‘g‘ri variatga to‘xtaldi. Shu tariqa o‘yin achinarli hisob bilan yakunlandi – 1:6.

Bunday yirik hisobdagi mag‘lubiyatdan so‘ng, tajribali bilimdonlardan tashkil topgan jamoa teleo‘yinni tark etishga yaqqol nomzod bo‘lib qolmoqda. Agarda keyingi o‘yinlarda bundan ham yomonroq hisob qayd etilmasa, jamoa mavsum o‘yinlaridan chiqib ketadi.

Bizningcha, jamoaning muvaffaqiyatsiz o‘yiniga bir nechta sabablar mavjud. Birinchidan, jamoa a’zolaridan barchasi ham birdek “Zakovat”ning klub o‘yinlarida muntazam qatnashayotgani yo‘q. Shuningdek, jamoa o‘yindan oldin yetarlicha tayyorgarlik ko‘rmagani ham salbiy natijaga sabab bo‘lsa ajab emas. Ayrim to‘g‘ri variantlarni tanlay olmaslik ham (jadidlar haqidagi va klub yordami olingan savolda) hisobning bunday xunuk ko‘rinish olishiga hissa qo‘shdi. Yomon natijaning yana bir ehtimoliy sababi, jamoa mazkur tarkibda doimiy o‘ynab yurmaganida bo‘lishi ham mumkin. Jamoaga uyushqoqlik yetishmagani bizni shunday fikrga yetakladi.

6:4 hisobidagi ishonchli g‘alabadan so‘ng, shu kungacha o‘ynagan jamoalar orasida hozircha Farrux Rafiqov jamoasi final uchun nomzod bo‘lib turibdi. Hali oldinda tomoshabinlarni Jobir Ahmedov va Nodira Turg‘unova jamoalarining kutib turibdi.

O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin.

1-raund. Savol muallifi — Abduvohid Ahmedov, Andijon shahri.

Boshlovchi: Kanadalik yozuvchi Artur Xeylining 1965-yilda yozilgan mashhur “Mehmonxona” romani bor. Romanda mehmonxonadagi ikir-chikirlargacha yozilgan. Mehmonxonaning kir yuvish bo‘limi ishchilari dasturxonlardan ham ko‘ra ko‘proq dog‘ qo‘l sochiqlarni yuvishda ko‘p qiyinchilikka duch kelishlari yozilgan. Undagi dog‘lar ovqat yog‘laridan bo‘lmagan.

Diqqat savol: Qo‘l sochiqlardagi, salfetkalardagi dog‘lar qayerdan kelgan?

Javobni Ulug‘bek Qulmurodov beradi: Lab bo‘yog‘i.

To‘g‘ri javob: Savolda besh yulduzli mehmonxonalar haqida gap ketyapti. Suhbatlashish jarayonida ko‘proq biznes to‘g‘risida gaplashilinadi. Eslatma, qaydlar, yo hisob-kitoblarni yozishga to‘g‘ri kelib qolsa, qog‘oz topilmay qolganda qo‘l sochiqqa, ba’zi “farosati oshib ketganlar” dasturxonga ham yozib tashlashar ekan.

Hisob: 0️-1️

Savol muallifi Abduvohid Ahmedov 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

2-raund. Blits savol

Boshlovchi: 1-2 savollar muallifi - Otabek Umarov, Toshkent shahridan.

1-Savol:

Marsel Brionning “Men kim, Sohibqiron” asarida shimoliy davlatlarga yurishi paytida otliqlarga aravalarda eskiroq bo‘lsa-da, ko‘pgina namat olib yurishga buyurilgan.

Diqqat savol: Otliqlarga namat, kigiz nima uchun kerak?

Javobni Rustam Jabborov beradi: Otlarning tuyoqlarini muhofazalash uchun 

To‘g‘ri javob: Shimolda uzoq vaqt daryolar muzlaydi, mus ustida yurolmaydi. Otliqlar daryo ustiga namat to‘shab, keyin otlarni olib o‘tishgan.

Hisob: 0-2

Savol muallifi Otabek Umarov 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

3-raund. Savol muallifi — Latofat Zoirova, Qorovulbozor tumani

Boshlovchi: Diqqat, e’tiboringizni ekranga qarating.

Ushbu videoda siz chaykaning g‘aroyib raqsini kuzatyapsiz. Uning o‘z ma’nosi, mantig‘i bor.

Diqqat savol: Qushcha nimaga bu harakatlarni takrorlayapti?

Jamoa muddatidan oldin javob beradi.

Javobni Nurbek Yo‘ldoshev beradi: Bu odatda yomg‘ir yog‘gan paytda chuvalchanglar chiqadi. Chayka yomg‘ir yog‘ayotgan effekt hosil qilsam, chuvalchanglar chiqadi deya shu harakatlarni takrorlamoqda.

Jamoa to‘g‘ri javob berdi

Hisob: 1-2

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

4-raund. Savol muallifi — Saydullo Sotipov, Qiziltepa tumani.

Boshlovchi: Diqqat, e’tiboringizni ekranga qarating.

Qadimda kelinlar taqadigan zebigardon surati. Zebigardon taqib yurishga doimo noqulayroq taqinchoq bo‘lgan. Ham og‘ir, ham yurganda shaqir-shuqur ovoz chiqargan. Zebigardonni zargarlar ataylab ovoz chiqaradigan qilib ishlab chiqargan ekan.

Diqqat savol: Nega ataylab uni ovozli qilib ishlab chiqarishgan?

Javobni Nodirbek Qosimov beradi:

Ovoz ayol kishi kelayotganini bildirish. Nomahram odam ovozni eshitib, o‘zini chetga olgan.

To‘g‘ri javob: O‘sha paytlarda kelinlik ziynati zebigardon bilan degan gap bo‘lgan. Kelinlarga uyda bo‘lganda uni yechish mumkin bo‘lmagan. Xo‘sh, yursa, shaqir-shuqur qilsa, unda nima qilish kerak? Kelin uning ovozi chiqmasligi uchun doimo qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib yurgan. Ko‘rganlar, ana kelin-u, mana kelin deb maqtashgan.

Hisob: 1-3

Savol muallifi Saydullo Sotipov 3 million so‘m pul mukofotni qo‘lga kiritdi!

5-raund. Savol muallifi — Muborak Toirova, Nurobod tumani.

Boshlovchi: XX asr boshlarida jadidlar juda faol bo‘lishgan. Xalqqa o‘z fikrlarini A orqali emas B orqali ta’kidlamoqchi bo‘lishgan. Shundan ular B ga ko‘p e’tibor berishgan.

Diqqat savol: Bir daqiqadan so‘ng A va B ni izohi bilan ayting.

Javobni Rustam Jabborov beradi:

A - kitoblar, kitoblar undan avval ham mavjud edi.

B - gazeta, chunki kunlik yangiliklarni berib turadi. Kitob o‘zgarmay qolishi mumkin, ammo gazeta doimiy o‘zgarib turadi.

To‘g‘ri javob:

A - matbuot

B - teatr

Hisob: 1-4

Savol muallifi Muborak Toirova 4 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

6-raund. Savol muallifi — Ilgizbek Shomirzayev, O‘sh shahridan

Boshlovchi: Portugaliyaning Koimbra universiteti kutubxonasida 60 mingga yaqin qadimiy kitoblar saqlanadi. Bu kitoblarni sifatli saqlanishida shu yerda yashovchi volontyorlarning yordami katta ekan. Ancha yillardan beri o‘nlab kitob qo‘riqlovchilar kutubxonada yashashadi. Eng qizig‘i, kutubxonaning ish vaqti tugashi bilan ular faoliyatlarini boshlashadi. Ermitaj va Tretyakov galereyasidagi volontyorlar emas, ular boshqa volontyorlar. Portugaliyada boshqa volontyorlar faoliyat olib borishadi. 

Diqqat savol: Bir daqiqa o‘ylab, ularni, ya’ni Portugaliyadagi volontyorlarni topishingiz kerak.

Javobni Asror Norqulov beradi: Boyqush

To‘g‘ri javob: Kitoblarning asosiy kashandasi kuyalar va kapalaklar hisoblanadi. Kutubxonada ish tugashi bilan shu yerda yashovchi ko‘rshapalaklar faoliyatini boshlashadi

Hisob: 1-5

Savol muallifi Ilgizbek Shomirzayev 5 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

7-raund. Savol muallifi — Hulkaroy Mamajonova, To‘raqo‘rg‘on tumani

Boshlovchi: Beloruslarda shunday naql bor: ayollar qishda BU IShni to‘xtatmasliklari kerak degan. Juda ahamiyatli bo‘lmaganida bu ibora katta bir maqol tariqasida aytilmagan bo‘lar edi.

Diqqat savol: Naqlda ayollardan qishda nimani to‘xtatmaslik so‘raladi?

Jamoa klub yordamidan foydalandi

Javobni Bobur Yoqubov beradi: Xonalarni shamollatib turish

To‘g‘ri javob: Yilning sovuq paytlarida insonlarda, ayniqsa, keksa, chaqaloqlarda immunitet past bo‘ladi. Shundan belarus ayollaridan qishda bolani emizishdan to‘xtatib qo‘ymaslik so‘raladi.

Hisob: 1-6

Savol muallifi Hulkaroy Mamajonova 6 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Eng yaxshi savol muallifi - Saydullo Sotibov, Ayollar taqinchog‘i haqidagi savoli uchun

Caption

Saydullo Sotibov 5 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

O‘yinning eng faol bilimdoni - Nurbek Yo‘ldoshev

Foto: Zakovat

Nurbek Yo‘ldoshev 5 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Quyida o‘yinning to‘liq videosini tomosha qilishingiz mumkin:

Mavzuga oid