Rossiya britaniyaliklar esminetsini o‘qqa tutganini aytmoqda, Britaniya rad etdi
Rossiya mudofaa vazirligi rossiyalik harbiylar 2014 yilda anneksiya qilingan Qrim qirg‘oqlari yaqinida britaniyaliklarning «Defender» esminetsi yo‘nalishi bo‘ylab ogohlantiruvchi o‘q uzgani haqida ma'lum qildi. Rossiya bombardimonchilari to‘rt aviabomba ishlatgani qayd etilgan. Ammo Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi bunday hodisa ro‘y berganini inkor etdi.
Rossiya mudofaa vazirligining xabariga ko‘ra, bu hodisa Qora dengizda, Fiolent burni yaqinida sodir bo‘lgan. «Esminets Rossiya Federatsiyasi davlat chegarasi buzib o‘tilgan taqdirda qurol qo‘llanishi haqida ogohlantirildi. Ammo bu ogohlantirish e'tiborsiz qoldirildi», deyiladi bayonotda.
Rossiyalik harbiylar ma'lumotlarga ko‘ra, soat 12:06 va 12:08da chegara qo‘riqlash xizmati kemasi ogohlantiruvchi o‘qlar uzgan, soat 12:19da esa Su-24M samolyoti «Defender» kemasi kursi bo‘ylab ogohlantiruv aviabombalari tashlagan. Xabarda aniqlik kiritilishicha, Rossiya bombardimonchilari britaniyaliklar kemasi harakatini to‘xtatish maqsadida to‘rtta parchalanuvchi-portlovchi aviabombalarni qo‘llagan. Hodisa tufayli Rossiya mudofaa vazirligi Buyuk Britaniyaning Moskvadagi harbiy attashesini chaqirtirgan.
«Soat 12:23da Qora dengiz floti va Rossiya FXX chegara xizmatining qo‘shma harakatlari evaziga «Defender» esminetsi Rossiya Federatsiyasining hududiy suvlarini tark etdi», deya ma'lum qilgan Rossiya mudofaa vazirligi.
Ammo Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi aslida bunday hodisa sodir bo‘lmaganini aytmoqda.
«Rejali suzish»
«Bugun tongda «Defender» Odessadan Gruziya yo‘nalishida Qora dengiz orqali oldindan rejalashtirilgan o‘tishni amalga oshirdi. Amaliyotga ko‘ra, kema xalqaro miqyosda tan olingan transport yo‘lagidan o‘tdi. Kema bu yo‘lakdan britan vaqti bilan soat 09:45da xavfsiz holatda chiqdi [Moskva vaqti bilan soat 11:45]. Odatdagi kabi rossiyaliklar kemalari bu yo‘nalishni kuzatib bordi, uzoq bo‘lmagan masofada o‘tkazilayotgan o‘quv mashg‘uloti to‘g‘risida ham ma'lumot berildi», dedi Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles.
«Defender» esminetsi harakat yo‘nalishi bo‘ylab ogohlantiruvchi o‘t ochilmagan. Qirollik harbiy-dengiz kuchlari kemasi xalqaro huquq asosida Ukraina hududiy suvlarida harakatlanishda hech qanday qoidabuzarlik sodir etmadi.
Biz rossiyaliklar Qora dengiz hududida o‘t ochish bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazgan va bu haqda xalqaro dengiz jamiyatini oldindan ogohlantirishgan deb hisoblaymiz. «Defender» kursi bo‘ylab hech qanday o‘q uzilmagan va biz uning yo‘liga bombalar tashlangani haqidagi ma'lumotlarni tasdiqlamaymiz», deyiladi vazirlikning tvitterdagi sahifasida.
«Defender» bortida bo‘lgan BBC korrespondenti Jonatan Bilning so‘zlariga ko‘ra, britanlar kemasi ingliz kemasi yaqinida hech qanday otishma bo‘lmagan va u o‘z yo‘nalishini o‘zgartirmagan holda Qrim yaqinidagi hududiy suvlardan o‘tgan. Muxbirning xabar qilishicha, bu vaqtda «Defender» atrofida rossiyaliklarning 20dan ortiq samolyotlari uchib yurgan, Rossiya harbiy dengiz kuchlari kemalari esa vaqti-vaqti bilan esminetsga 90 metr masofagacha yaqinlashishgan.
14 iyun kuni Rossiya mudofaa boshqarmasi milliy markazi rus floti Qora dengiz akvatoriyasiga kirgan Buyuk Britaniyaning «Defender» esminetsi va Niderlandiyaning «Everton» fregatini kuzatishni boshlagani haqida ma'lum qilgandi.
«Interfaks» agentligi Rossiya mudofaa vazirligidan hodisa bo‘yicha izoh olgan. «Buyuk Britaniya harbiy dengiz kuchlarining xavfli harakati Rossiya mudofaa vazirligi tomonidan BMTning 1982 yilgi Dengiz huquqi to‘g‘risidagi konvensiyasi buzilishidir. Rossiya mudofaa vazirligi Britaniya tomonini kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘yilmasligi uchun «Defender» esminetsi harakatlarini sinchkovlik bilan o‘rganishga chaqiradi», deyiladi unda.
Vazirlikning tasdiqlashicha, «Defender» RF davlat chegarasini buzib o‘tgan va Fiolent buruni hududida uch kilometr ichkariga kirgan, bu haqda britaniyaliklarning Moskvadagi harbiy attashesiga ma'lum qilingan.
O‘z navbatida, Britaniya mudofaa vazirligi «Defender» «Ukraina va Gruziya o‘rtasidagi xalqaro miqyosda tan olingan yo‘l» bo‘ylab to‘g‘ri harakatlanganini ta'kidlagan. Shu bilan birga, bayonotda «Buyuk Britaniya rossiyaliklarning Qrimga bo‘lgan da'vosini tan olmasligi va bundan keyin ham Qrimning Rossiya tomonidan qo‘shib olinishi noqonuniyligi to‘g‘risidagi xalqaro konsensusga rioya qilishda davom etishi» qayd etilgan.
Tahlil: yana hududiy suvlar masalasi
Pavel Aksenov, BBC rus xizmati korrespondenti
Fiolent burni yaqinidagi bu hodisa 2020 yil noyabrida Uzoq Sharqda amerikaliklar kemasi bilan bo‘lgan voqeani yodga soladi.
O‘shanda AQSh harbiy-dengiz kuchlarining «Jon Makkeyn» nomli esminetsi, Rossiya mudofaa vazirligining ma'lumotiga ko‘ra, «Rossiya Federatsiyasi hududiy suvlarini buzib, Pyotr Buyuk ko‘rfazida dengiz chegarasi chizig‘idan ikki kilometr ichkariga harakatlangan». Rossiyalik harbiylarning ma'lum qilishicha, «Admiral Vinogradov» kemasi «Makkeyn»ga hujum qilish haqida ogohlantirgan va esminets kursni o‘zgartirib, «neytral suvlarga chiqib ketgan».
Rossiya mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, 23 iyun kuni britanlar kemasi Sevastopol hududida Qrim qirg‘oqlariga yaqinlashgan, yo‘nalish bo‘yicha ogohlantiruv o‘qlari otilib, bombalar tashlangach, bu hududni tark etgan.
Bu hududni Rossiya o‘z hududiy suvlari deb biladi, bu suvlar 2014 yilda Moskva tomonidan federatsiya tarkibiga qo‘shib olingan yarimorol qirg‘oqlarini yuvib turadi.
Tinch okeanidagi tarixning hozirgisi bilan o‘xshashligi shundaki, amerikaliklar Pyotr Buyuk ko‘rfazi suvlarini, britaniyaliklar Qrim qirg‘oqlari yaqinidagi Qora dengiz suvlarini hududiy suvlar deb bilishmaydi.
Ko‘rfaz chindan ham qonunda yozilganidek «ichki ko‘rfaz»ning ta'riflariga to‘g‘ri kelmaydi. Uni «tarixiy ko‘rfaz» deb atash mumkin, bunga dengiz huquqi ruxsat beradi, ammo buning uchun boshqa mamlakatlar ham bunga qo‘shilishi kerak. Amerikaliklarning harakati bunga qo‘shilmasliklarini namoyish etish edi.
Rossiyalik va G‘arb davlatlari harbiylari dunyoning turli nuqtalarida bir-biriga to‘qnash keladi, ko‘p hollarda bunday uchrashuvlar do‘stona xarakterda bo‘lmaydi. So‘nggi yillarda ikki tomon ham bir-birining samolyotlari yo‘lini to‘sishi bilan bog‘liq holatlar ko‘p bor ro‘y berdi. Suriyada ham vaqti-vaqti bilan rossiyalik va amerikalik harbiylar o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib turadi.
Chorshanba kuni Ukraina mudofaa vazirligi matbuot xizmati «Defender» Ukraina, Buyuk Britaniya va AQSh maxsus kuchlari ishtirokidagi qo‘shma mashg‘ulotda ishtirok etganini ma'lum qilgan. Vazirlik bayonotida kemalar abordaj harakatlari bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazgani qayd etilgan.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba britaniyaliklar kemasiga o‘t ochilgani haqidagi xabarga izoh berarkan, NATO bilan yangicha o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zaruratini qayd etdi.
«Ukraina pozitsiyasiga yaqqol dalil: RFning Qora va Azov dengizlaridagi agressiv va provokatsiyaga asoslangan siyosati, Qrimning bosib olinishi va harbiylar joylashtirilishi Ukraina va ittifoqchilarga doimiy ravishda tahdid solib kelmoqda. Aynan shu tufayli men Qora dengizda NATO va Ukraina o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatdan yangi bosqichga chiqishi zarurligini ta'kidlayman», deya yozgan Kuleba tvitterdagi sahifasida.
A clear proof of Ukraine’s position: Russia’s aggressive and provocative actions in the Black and Azov seas, its occupation & militarization of Crimea pose a lasting threat to Ukraine and allies. We need a new quality of cooperation between Ukraine & NATO allies in the Black Sea. https://t.co/VjBPxRWU3d
— Dmytro Kuleba (@DmytroKuleba) June 23, 2021
28 iyundan 10 iyulga qadar Qora dengizda Ukraina va NATO harbiylari o‘rtasida Sea Breeze nomi ostidagi mashg‘ulotlar o‘tkazilishi belgilangan.
Mavzuga oid
14:42 / 11.11.2024
Amerikaning kruiz kompaniyasi Tramp siyosatidan qochishni istaganlar uchun dunyo bo‘ylab 4 yillik sayohat taklif qilmoqda
13:07 / 09.11.2024
Qozog‘iston Britaniya sanksiyalariga duchor bo‘lgan kompaniyalari haqida izoh berdi
19:50 / 08.11.2024
Janubiy Koreyada 129 tonnali baliqchilar kemasi cho‘kib ketdi: 12 kishi bedarak yo‘qoldi
17:59 / 08.11.2024