O‘zbekiston | 09:06 / 10.05.2022
13332
2 daqiqa o‘qiladi

Zominda bo‘rilar yurgani haqida tarqalgan xabarlar rad etildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatining Zomin tumani hududida bo‘rilar yurgani haqida xabarlar tarqaldi. Jizzax viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi rasmiy izoh bilan chiqdi.

Videodan kadr

Jizzax viloyati Ekologiya va atrof muhitni  muhofaza qilish boshqarmasiga ko‘ra, bo‘rilar aynan Zomindagi shaharcha hududida yurgani tasdiqlanmagan. Bo‘rilar Jizzax viloyatining tog‘li hududlarida uchraydi va yashaydi. So‘nggi yillarda bo‘rilarning aholiga tashlangani yoki shikastlantirish holatlari aniqlanmagan. 

Ma’lum qilinishicha, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonun 29-moddasi 2-qismiga asosan, hayvonot dunyosi obektlaridan maxsus foydalanish ruxsatnomalar asosida haq evaziga amalga oshirilishi belgilangan.

“Ov va ov qilish xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonun 25-moddasi 3-qismida ovchilik xo‘jaligiga va insonning xo‘jalik faoliyatiga zarar yetkazuvchi yovvoyi hayvonlarni otish yoki tutib olish ovchilik xo‘jaliklarining talabnomalariga ko‘ra Fanlar akademiyasi bilan kelishilgan holda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi, deb ko‘rsatilgan.

Bildirilishicha, ovchilik xo‘jaligiga va insonning xo‘jalik faoliyatiga zarar yetkazuvchi yovvoyi hayvonlar ko‘payib ketganda ovchilik xo‘jaliklari talabnomalariga ko‘ra, Fanlar akademiyasi tomonidan hududdagi hayvonlar ko‘paygani tasdiqlangan taqdirda, Fanlar akademiyasi va Ekologiya qo‘mitasi bilan kelishilgan holda ko‘payib ketgan yovvoyi hayvonlar sonini tartibga solish uchun ovlashga ruxsat beriladi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar tomonidan bo‘riga o‘xshash bo‘lgan itlar bo‘ri ovozi bilan tasvirlangan videolavhalar joylashtirilmoqda. Ushbu lavhalar feyk xabar bo‘lib, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan bu kabi xabarlarni tarqatib, aholini vahimaga solmasliklarini so‘raymiz”, deyiladi ma’lumotda.

Mavzuga oid