O‘zbekiston | 10:30 / 29.12.2025
1154
2 daqiqa o‘qiladi

Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish 3 baravar oshiriladi

Prezidentning “Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, unda ilmiy ishlanmalar sonini ko‘paytirish, tijoratlashtirishdan tushadigan mablag‘larni oshirish hamda ilm-fan tizimida yoshlar ulushini kengaytirishga qaratilgan maqsadlar belgilandi.

Foto: Kun.uz 

Qarorda Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida yangi ilmiy ishlanmalar soni va ularni tijoratlashtirishdan olinadigan mablag‘lar hajmini 3 baravarga oshirish vazifasi belgilangan. Shuningdek, ilmiy xodimlar tarkibida yoshlar ulushini 60 foizgacha yetkazish, xorijda faoliyat yuritayotgan ilmiy diasporani O‘zbekiston ilm-faniga reintegratsiya qilish ham ustuvor vazifalar qatorida qayd etilgan.

Qarorga muvofiq, Fanlar akademiyasining yangi ishlanmalarini tijoratlashtirish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida Fan va sanoat integratsiyasi kengashi tashkil etiladi. Ushbu mexanizm orqali ilm va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, amaliyotga yo‘naltirilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.

2026 yildan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida amalga oshiriladigan barcha ilmiy loyihalar sifatini oshirish maqsadida ularni ilmiy ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha ilmiy-texnik kengashlar tarkibiga Fanlar akademiyasi taklifiga asosan hamrais nomzodi kiritiladi.

2026 yil 1 apreldan esa Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy muassasalarda xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda ilmiy xodimlar faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) hamda ilmiy muassasalar faoliyati samaradorligini baholash bo‘yicha reyting tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, 2026 yil 1 yanvardan ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh olimlarni jalb qilish va strategik ahamiyatga ega ilmiy yo‘nalishlarni barqaror moliyalashtirish maqsadida Fanlar akademiyasi jamg‘armasi tashkil etilishi belgilangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid