Jahon | 07:59 / 13.12.2025
5193
2 daqiqa o‘qiladi

Demografiya-2025: Hindistonda tug‘ilishlar Xitoydan ikki barobar ko‘p bo‘ladi

Mamlakatlar kesimida tug‘ilishlar soni qanday taqsimlanayotgani global demografik tendensiyalarning o‘zgarib borayotganini qay tarzda aks ettiradi?

Foto: Unsplash

Bu yil Hindistonda 23,1 million tug‘ilish kutilmoqda — bu Xitoydagi ko‘rsatkichdan ikki barobardan ham ko‘proq. Taqqoslash uchun: Yevropada tug‘ilishlar umumiy soni atigi 6,3 millionni tashkil etadi, bu esa qit’ada demografik inqiroz tobora kuchayib borayotganini yaqqol ko‘rsatadi.

Visual Capitalist portali mutaxassislari taqdim etgan yangi infografika BMTning World Population Prospecs hisoboti ma’lumotlariga tayanilgan holda (ular Our World in Data resursi orqali e’lon qilingan) mamlakatlar kesimida prognoz qilinayotgan tug‘ilishlar sonini ko‘rsatadi. Dunyoda o‘rtacha tug‘ilish koeffitsiyenti 1970 yilda ayol boshiga taxminan besh nafar boladan 2025 yilga kelib taxminan ikki nafar bolagacha pasayganiga qaramasdan, bu yil jahondagi barcha tug‘ilishlarning 17 foizi Hindiston hissasiga to‘g‘ri keladi.

Foto: Visual Capitalist

Shu bilan birga, dunyoda aholisi eng ko‘p mamlakatda tug‘ilish koeffitsiyenti hududlar bo‘yicha sezilarli darajada farq qiladi. Taxminan 31 ta mamlakatda tug‘ilish allaqachon oddiy aholining o‘zini o‘zi qoplash darajasidan pastga tushgan, bu esa hukumatlarni bola ko‘rishni rag‘batlantiruvchi choralarni joriy etishga undamoqda.

Xitoy 2025 yilda 8,7 million tug‘ilish prognozi bilan ikkinchi o‘rinni egallaydi. Bugun mamlakat dunyoda tug‘ilish koeffitsiyenti eng past davlatlardan biri hisoblanadi — ayol boshiga taxminan bir bola, holbuki 1970 yilda bu ko‘rsatkich olti edi.

Undan keyin Nigeriya keladi — 7,6 million tug‘ilish. 2050 yilga borib bu raqam prognozlarga ko‘ra 8,1 milliongacha o‘sadi. Xuddi shu davrda Nigeriya AQShni ortda qoldirib, aholi soni bo‘yicha dunyodagi uchinchi mamlakatga aylanishi kutilmoqda.

Rossiya 2025 yilda 1,2 million tug‘ilish bilan dunyoda 23-o‘rinni egallaydi.

Mavzuga oid