Sport | 18:15 / 08.08.2021
30199
10 daqiqa o‘qiladi

Timanovskayaning o‘tmishdoshlari. Musobaqadan vatanga qaytmagan sportchilar

Tokio olimpiadasi nafaqat 5 yil kutilgani va g‘alati holatda, muxlislarsiz o‘tayotgani bilan, balki siyosiy mojaro bilan ham yodda qoladigan bo‘ldi. Ha, bu gal ham katta sahnada Belarus siyosati paydo bo‘ldi.

Foto: Getty Images

100 va 200 metr masofalarga yugurishda ishtirok etib kelgan 24 yoshli yengil atletikachi Kristina Timanovskaya uni ruxsatini so‘ramagan holda boshqa distansiyaga (4x400 metrga estafeta) qo‘yishgani uchun mamlakat olimpiya qo‘mitasini tanqid qildi. Bu holatda ham o‘z odatiga ko‘ra harakat qilgan Belarus tomoni sportchi qizning muammosini hal qilish o‘rniga uni Yaponiyadan majburlab olib ketmoqchi bo‘lishdi. Biroq Tokio aeroportida yapon politsiyasidan yordam so‘ragan sportchi qiz o‘zini jiddiy jazo kutayotgan Belarusga emas, Polshaga ketishga erishdi.

Sportchi qizga siyosiy bosim o‘tkazilayotganini bilgan qator mamlakatlar unga siyosiy boshpana berishlarini ma'lum qilishdi. Polsha esa siyosiy boshpana va sport bilan shug‘ullanish imkonini taqdim etishini bildirdi. Qizig‘i, bunday siyosiy sharmandalik holatlari sobiq ittifoq davlatlari tarixida ko‘p bo‘lgan. Bunday holat asosan totalitar tuzum hukmron bo‘lgan davlatlarda kuzatilgan. Quyida yirik musobaqalar vaqtida siyosiy boshpana so‘ragan sportchilarni yodga olamiz.

Figurali uchuvchilar

Belousova va Protopopov sovetlarning figurali uchish sporti yulduzlari bo‘lishgan. Bu suratda ular 1968 yilgi Olimpiya o‘yinlarida chiqish qilishmoqda, o‘shanda ular oltin medallarga ega chiqishgan.

Rossiyalik figurali uchuvchilar Lyudmila Belousova va Oleg Protopopov 1979 yil Shveytsariyadagi gastroldan qaytmaydi. Aynan ular sobiq ittifoq figurali uchishining fenomenal davrini boshlab bergandi. Bu maktab hamon dunyoda yetakchilik qilmoqda. Figurali uchishda burilish yasagan olimpiada chempionlari bu vaqtda sportdan ketgan va muz ustida balet bilan shug‘ullanishardi. Oleg 47, Lyudmila 43 yoshda bo‘lgan. Ular bu qaror san'at bilan bog‘liq ekanini aytishadi. Sportchilar keyinchalik AQShda mahalliy figurali uchuvchilarga maslahatlar berishadi.

1990 yil yana to‘rt nafar rossiyalik figurali uchish ustalari Amerikaga ko‘chib ketishadi. Ular Veronika Pershina, Igor Shpilband, Yelena Krikanova hamda Georgiy Sur. Bu sportchilarning murabbiyi Tatyana Tarasova o‘z xotira kitobida bu haqda shunday yozgandi: «Moskvada kishan taqishlari oson bo‘lishi uchun hammadan oldin qo‘limni cho‘zib yurishim kerak ekanini tushundim». O‘shanda Rossiyada mashhur qo‘shiqda aytilganidek «biroz boshqacha vaqtlar hukmron bo‘lgan».

Harbiydan qochish ayblovi

Aleksandr Mogilniyga vatanida qamoq xavfi bo‘lgan

1989 yil Shvetsiya poytaxti Stokholmda Hokkey bo‘yicha jahon chempionati o‘tkaziladi. O‘shanda SSSR jamoasi a'zosi Aleksandr Mogilniy qaytib kelmaydi va qochib ketadi. Buning sabablarini sportchi hech kimga tushuntirmaydi.

9 kun o‘tib AQSh unga siyosiy boshpana beradi. Ma'lum bo‘lishicha, sportchi mamlakatda unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini bilgach, uyga qaytmaslikka qaror qiladi. U TsSKA harbiy jamoasi a'zosi bo‘ladi va kichik leytenant harbiy darajasi ham bo‘ladi. Unga nisbatan xizmatdan qochish ayblovi bilan ish ochishgan.

AQShda ham Sashaning faoliyati yaxshi rivojlanadi. U MXL jamoasida sardor bo‘lgan ilk rossiyalikka aylanadi, Stenli Kubogini yutadi, ikki marta mavsum ramziy jamoasidan o‘rin oladi.

1990 yil AQShning Siyeetl shahrida Ezgulik o‘yinlari o‘tkaziladi. Musobaqa boshlanishi oldidan rossiyalik hokkeychi, ikki karra jahon chempioni Sergey Fedorov g‘oyib bo‘ladi. Keyinchalik u AQShning «Detroyt Red Uingz» jamoasi bilan shartnoma imzolagandi. Biroq u vatani bilan aloqani uzishni istamaydi va keyinchalik chindan Rossiya milliy jamoasi safida maydonga tushishda davom etadi. U MXLda porlab, uch marta Stenli Kubogini yutadi, bir marta mavsumning eng yaxshi hokkeychisi bo‘lib, bu nomni qo‘lga kiritgan ilk yevropalikka aylanadi.

Shaxmatchilar

Karpov-Korchnoy bahsi vaqtida
CORBIS VIA GETTY IMAGES

1976 yil Niderlandiyada shaxmat bo‘yicha xalqaro turnir o‘tkaziladi. Musobaqada qatnashgan rossiyalik grossmeyster Viktor Korchnoy qaytib Rossiyaga bormaydi. U bunday qaror qabul qilishiga siyosiy sabablar asos bo‘lganini aytgan kam sonli sportchilardan edi. 1978 yil Korchnoy jahon chempionligi uchun o‘yinda yana bir rossiyalik Anatoliy Karpovga qarshi bahs olib borishi kerak bo‘ladi. O‘shanda rus matbuoti xabarlarda Korchnoyning ismini ham yozmay, shunchaki Karpovning raqibi deb ataydi.

Keyinchalik shaxmatchiga Rossiya fuqaroligi qaytib beriladi. U ketganidan keyin qayta qurish boshlangani, tinchgina ketganida, oila a'zolari muammoga duch kelishmagan bo‘lishini aytdi.

O‘sha yili yana bir rossiyalik shaxmatchi Boris Spasskiy ko‘chib ketadi. Jahon chempioni bo‘lgan shaxmatchi Fransiya fuqarosi bo‘lgan qizga uylanadi. 1989 yilgi Nyu-Yorkda o‘tgan musobaqadan rossiyalik shaxmatchi Gata Kamskiy qaytmaydi. O‘shanda u 15 yoshda bo‘ladi va Amerikada qolish qarorini shaxmatchining otasi Rustam Sobirov qabul qiladi.

Yana ikki sovet sportchilari — shaxmatchi Yelena Axmilovskaya 1988 yil, basketbolchi Marina Abroskina 1990 yil SSSRdan ketib qoladi. Ular amerikalik va meksikalik yigitlarga turmushga chiqishadi.

1972 yil SSSR safida olimpiada chempioni bo‘lgan litvalik kanoechi Vladas Chesyunas 1979 yil Germaniyadan siyosiy boshpana so‘raydi. U SSSRdan chiqib ketgan ko‘pchilik sportchilardan farqli o‘laroq bir yil o‘tib mamlakatga qaytib keladi. Bu borada ham turli mish-mishlar yuradi. G‘arb matbuoti sportchini KGB ortga qaytarganini yozsa, sportchining o‘zi qaytib kelganini aytadi.

Vladas Chesyunas, 1972 yilgi surat
GERBERT BAGDASARYAN/TASS

Chesyunasga SSSRda qaytganidan keyin yomon munosabatda bo‘lishmagani aniq. Chunki u universitetni tamomlaydi, murabbiy bo‘lib ishlaydi, hatto chet elga ham chiqib keladi.

Bardagi isyon

1950 yil sportchilari yoppasiga qochib ketishidan qo‘rqqan Chexoslovakiya kommunistik hukumati hokkey milliy jamoasini Londondagi jahon chempionatiga yubormaydi. Bu haqda eshitgan sportchilar barda o‘tirgan vaqtda hukumatni keskin tanqid qilishadi. Oqibatda ularni qo‘lga olishadi va 11 nafari qamoqqa hukm qilinadi. Chexoslovakiya hokkeyi keskin orqaga ketadi va uning darajasini tiklash uchun bir necha yil talab qilinadi.

Melburndagi Olimpiadada Vengriyaning 1918 yil namunasidagi bayrog‘i ko‘tarilgandi 

1956 yilgi Melburn olimpiadasida vengriyalik sportchilar mamlakatning 1918 yilgi bayrog‘ini ko‘tarishadi. Bu voqeadan ko‘p o‘tmay Vengriyada kommunistik tuzumga qarshi qo‘zg‘olon boshlanadi. Vengriyalik ko‘plab sportchilar esa olimpiadadan keyin G‘arb mamlakatlariga ketib qoladi.

«Tolibon» bosimi sabab

1996 yilgi Atlanta olimpiadasi vaqtida iroqlik og‘ir atletikachi Riyoz Ahmad Saddam Husayn boshqaruvidagi tuzumga qaytishni istamay, AQShdan siyosiy boshpana so‘raydi. O‘sha musobaqada afg‘onistonlik bokschi Javid Oman Muhammad ham siyosiy boshpana so‘rab Kanadaga murojaat qiladi va uning so‘rovi qabul qilinadi. Bokschi Afg‘onistonda o‘z hukmini o‘tkaza boshlagan toliblar tomonidan kommunistlikda ayblanadi. Chunki sportchi Rossiyada shug‘ullanardi.

Kuba – qochoqlar soni bo‘yicha chempion

Kubalik sportchilarning juda ko‘pchilik qismi keyinchalik siyosiy boshpana so‘rab boshqa mamlakatlarga, asosan AQShga ketib qoladi. Bu haqda Rossiyada latifa ham bor: «Bilasizmi, nega Kuba olimpiya jamoasi yaxshi emas? Chunki kubalik yaxshi yuguradigan va yaxshi suzadiganlar allaqachon Amerikada».

Masalan, boks bo‘yicha jahon chempionlari Gilermo Rigonda va Erislande Lara, yengil atletikachi, 2012 yilgi London olimpiadasi finalchisi Orlando Ortega, futbol bo‘yicha milliy jamoasi birato‘la yetti nafar futbolchisi turli yillarda yirik musobaqalardan vataniga qaytmagan. Ortega 2013 yil Moskvadan AQShga uchib ketadi. U 2016 yildan buyon Ispaniya sharafini himoya qiladi.

Orlando Ortega London Olimpiadasida Kuba sharafini himoya qilgandi
AFP/GETTYIMAGES

Juda ko‘p kubalik beysbolchilar ham mamlakatni tark etgan. Masalan, 2009 yil kubalik Aroldis Chepman (uni kubalik o‘t o‘chiruvchi deyishadi) va uning do‘sti Jasiel Puix AQShga ketib, u mahalliy klublar bilan katta summadagi shartnomalar imzolashadi. Ular Amerikada bir necha million dollar maosh olishadi. Taqqoslash uchun, Kubada professional sportchining o‘rtacha oylik maoshi 20 dollarni tashkil etadi.

Kubada uzoq yillar professional sportchilarning xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritgan g‘alabasi uchun taqdim etilgan mukofot pullari davlat g‘aznasiga topshirilgan. 2013 yildan esa kubalik sportchilar olgan mukofotining 80 foizini o‘zida qoldirishi mumkin. Shu orqali hukumat yaxshi sportchilar chetga chiqib ketishini to‘xtatmoqchi bo‘lgan, ammo ularning mamlakatni tark etishi to‘xtagani yo‘q.

Mavzuga oid