O‘zbekiston | 15:08 / 24.02.2021
45487
5 daqiqa o‘qiladi

«Faqatgina ariza bilan pasport nusxasi taqdim etiladi». Bola parvarishlash nafaqasi olish tartibi haqida  

Hozirgi kunda bola ikki yoshga to‘lgunga qadar uni parvarish qilish bo‘yicha, 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqalar va kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali amalga oshirilmoqda.

Pensiya jamg‘armasi boshqarma boshlig‘i Zayniddin Aralov bola parvarishlash nafaqasini olish tartibi haqida ma'lumot berdi. Bu haqda jamg‘arma matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston fuqarolari, respublikada doimiy yashab turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar nafaqalar va moddiy yordam tayinlashni so‘rab, ariza bilan yashash joyidagi mahalla fuqarolar yig‘inlariga murojaat qilishlari mumkin.

«Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali ijtimoiy nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash uchun fuqaro hech qanday ma'lumot yig‘ishi shart emas. Faqatgina ariza bilan o‘zi va oila a'zolarining pasport nusxalari (nikoh va tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnomalar) taqdim etiladi.

Fuqaro arizani mahalla fuqarolar yig‘iniga beradi. Mahalla fuqarolar yig‘inlari arizalarni oyning 15-sanasigacha qabul qilib 18-sanasigacha Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga taqdim etadi. Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari qabul qilingan arizalarni oyning 25-sanasigacha «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimiga kiritadi.

Hozirda tizim 9 ta vazirlik va idoralarning elektron bazasiga ulangan. Ayni paytda ulardan 20 turdagi ma'lumotlar olinmoqda. Dasturga fuqaroning pasport seriyasi va shaxsiy identifikatsiya raqamlari kiritiladi va unga tegishli barcha ma'lumotlar avtomatik ravishda chiqadi.

Arizani qanoatlantirish yoki rad etishda Pensiya jamg‘armasi yoki mahalla fuqarolar yig‘inlari umuman ishtirok etmaydi.

Joriy yilning yanvar oyida «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali respublikaning barcha hududlarida 3 turdagi (bola ikki yoshga to‘lgunga qadar uni parvarish qilish bo‘yicha, 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqalar va kam ta'minlangan oilalariga moddiy yordam) nafaqalar inson omilisiz to‘liq tayinlab kelinmoqda», degan jamg‘arma vakili.

Shuningdek, Zayniddin Aralov ijtimoiy nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash rad etilish holatlari to‘g‘risida ham ma'lumot bergan.

«Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi nizomning 7-bandiga muvofiq, yuqoridagi nafaqalar va moddiy yordam oilaning jami daromadi belgilanadigan davrda kishi boshiga to‘g‘ri keladigan daromadi mehnatga haq to‘lash bo‘yicha eng kam miqdorining 0,527 baravaridan (1 fevraldan boshlab bu 393,8 ming so‘m) ortiq bo‘lsa, agar oila a'zolari nomida bittadan ortiq ko‘chmas mulk, ya'ni o‘zi yashab turgan uyidan boshqa yana ko‘chmas mulki mavjud bo‘lsa, ishlab chiqarilganiga 10 yil to‘lmagan avtomashinasi mavjud bo‘lsa, ikkita va undan ortiq avtomashinasi mavjud bo‘lsa, ijtimoiy nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash rad etiladi.

Bolali oilalarga nafaqalar va moddiy yordam 6 oy muddatga, bola parvarishi bo‘yicha nafaqalar esa - 12 oyga tayinlanadi, biroq bola ikki yoshga to‘lgan oydan ortiq emas.

Bundan tashqari, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi, Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi xodimlari va xizmatchilari hamda tarkibidagi tashkilotlarning xizmatchilari va xodimlari, ularning oila a'zolari (turmush o‘rtog‘i va bolalari) ijtimoiy nafaqalar va kam ta'minlangan oilalar uchun nazarda tutilgan boshqa davlat ijtimoiy xizmatlarini olish uchun «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali arizalar ko‘rib chiqilishiga yo‘l qo‘yilmaydi», deya boshqarma boshlig‘i so‘zlarini keltirmoqda jamg‘arma matbuot xizmati.

Ma'lum qilinishicha, oila a'zosi hech qayerda rasman band bo‘lmasa, jamoat ishlari ishtirokchisi bo‘lmay, ishda ishlash uchun mehnat organlariga murojaat qilib, ish izlayotgani to‘g‘risida ro‘yxatga olinmagan bo‘lsa ham ijtimoiy nafaqa berish rad etiladi.

Avvalroq, Kun.uz saytida moddiy yordamga muhtoj oilalarni qo‘llash uchun yaratilgan yangi tizim to‘g‘risida Moliya vazirligi mutaxassisi bilan suhbat e'lon qilingan edi. Unda «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» haqida kengroq to‘xtalib o‘tilgan.

Mavzuga oid