O‘zbekiston | 12:28 / 26.05.2022
37051
19 daqiqa o‘qiladi

Eski maktablarda nima uchun bolalardan tuz olib yurish talab etilgan? “Zakovat” muxlisi savoli uchun 62 mln yutgan final o‘yinidan reportaj

Cho‘ponlar nega qo‘riqlashda urg‘ochi itlardan ham foydalanadi? Afrikalik fermerlar ekinni fillardan qanday himoya qiladi? “Zakovat” teleo‘yini bahorgi mavsumi finalidagi qiziqarli savollar bilan tanishing.

Bahorgi mavsumda barchani hayratga solgan yangi jamoa o‘z ishtirokini mavsum finalida davom ettiradigan bo‘ldi. Birinchisida tomoshabop o‘yin ko‘rsatgan jamoaning ikkinchi ishtirokida ham muxlislar mazmunli o‘yin kutishga haqli. Qolaversa, mavsum finalida eng yaxshi bilimdonga 50 mln so‘m va’da qilinayotgani ham bilimdonlarning o‘yinda borini berib o‘ynashi uchun yetarli sabab, shunday emasmi?

Foto: Zakovat

Jamoa a’zolari (suratda chapdan o‘ngga):

  • Temurbek Tursunqulov – Toshkent tibbiyot akademiyasi magistranti;
  • Muhiddin Usmonov – muhandis;
  • Abbos Salaydinov – huquqshunos (jamoa sardori);
  • Bobur Maksimov – huquqshunos;
  • Muhammadxo‘ja Ahmedov – O‘zbek tili va adabiyoti universiteti 4-bosqich talabasi;
  • Sohib Jontoyev – buxgalter.

Qoidaga ko‘ra, finallarda eng yaxshi bilimdonni tanlashning alohida tartibi amal qiladi. Xususan, bilimdonlar g‘alaba qilsa, eng yaxshi bilimdon ushbu jamoadan, teletomoshabinlar g‘alaba qilsa, eng yaxshi bilimdon savol egalari orasidan aniqlanadi. Bunda eng yaxshi savol egasi eng yaxshi bilimdon deb topiladi.

Mavsum finaliga ko‘tarinki kayfiyatda yetib kelgan jamoaning o‘yin boshida biroz ishlari yurishmay turdi. 1-raundda cho‘ponlarning zotdor itlari haqidagi savolda jamoa to‘g‘ri javobga yetib bora olmadi. Qisqa qilib aytganda, bilimdonlar urg‘ochi itlardan “pand yedi”! Hisob – 0:1.

2-raundda boksdagi bir kombinatsion zarba haqidagi savol o‘ynaldi. Bu savolda ham jamoada to‘g‘ri variant topilmadi. To‘g‘ri javob e’lon qilinishi bilan barcha kuzatuvchilar qarsak chalib yubordi. Qiziqarli savol. Hisob – 0:2.

3-raund savoli Sadriddin Ayniy asarida keltirilgan eski maktabdagi bolalar haqida bo‘ldi. Qizg‘in muhokamalar jarayonida to‘g‘ri variantga yetib bora olgan jamoa o‘yindagi ilk ochkoni qo‘lga kiritdi. Hisob – 1:2.

Ajoyib savol bilimdonlarning o‘zini tiklab olishiga turtki bo‘larmikan?

Mo‘g‘ulistonlik yilqiboqarlar qaysi otlarni so‘yishga topshirishi haqidagi 4-raund savoli final o‘yinidagi eng oson savol bo‘ldi. Shunga mos ravishda jamoadagi deyarli barcha bilimdon ilk soniyalardanoq to‘g‘ri javobni birvarakayiga aytdi. Bir daqiqa yakunida jamoa navbatdagi ochkoga ega bo‘ldi – 2:2. Bilimdonlarning “oti” chopishni boshladi!

5-raundda Aleksandr Makedonskiyning Butsefal laqabli oti haqidagi savol o‘ynaldi. Avvalgi raund savoli jamoa uchun qanchalik osonlik qilgan bo‘lsa, bu raund savoli shunchalik qiyinlik qildi. Savolni topolmagan jamoa hisobda teletomoshabinlarni oldinga o‘tkazib yubordi – 2:3.

Savolda aytilishicha, Makedonskiy jang oldidan otining egari ostiga bo‘ri terisini to‘shab olgan va buni his qilgan ot janglarda pishqirib, olov bo‘lib yongan ekan. Bu savolni eshitgan ot boquvchilarimiz bo‘rining terisini qidirishga tushib ketishmasa bo‘lgani!

O‘yin ekvatoriga kelib, bilimdonlar hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘lishdi. Tereza ismli qizning urushdan keyin chizgan rasmi haqidagi savolini jamoa qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, topa oldi. Hisob – 3:3.

7-raund savoli AQShdagi ko‘prikning qulash sababi haqida bo‘ldi. Ushbu raundda ancha qizg‘in muhokama olib borildi, jamoa to‘g‘ri yo‘nalish oldi. Biroq, afsuski, savol oxirigacha ishlanmagani oqibatida to‘g‘ri javobga yetib borilmadi. Ehh afsus. Hisob esa – 3:4.

8-raundda zamonaviy rus shoiri Yevgeniy Tkachov she’ri asosida tuzilgan savol o‘ynaldi. Tasavvurni ishlatishga undaydigan qiziqarli savol jamoaga biroz qiyinlik qildi. Bilimdonlar uchun hisob tahlikali ko‘rinishga keldi – 3:5. Futbol tili bilan aytganda “xavfli vaziyat”!

9-raund savoli afrikalik fermerlarning ekin maydonini fillardan himoya qilish usuli haqida bo‘ldi. Savol mantig‘iga katta qiyinchiliksiz yetib borgan jamoa hisobni qisqartirishga erishdi – 4:5. Ajoyib mantiqiy savol!

9-raundda klub yordamidan foydalanishi mumkin bo‘lgan jamoa savolni o‘zi topgani uchun klub yordamini 10-raundga olib qo‘ydi. Demak, 10-raund oldidan jamoa hisobni tenglashtirish uchun yaxshi imkoniyatga ega bo‘ldi.

10-raundda Urganch muzeyidagi surat asosida tuzilgan savol o‘ynaldi. Bir daqiqa davomida bilimdonlar tomonidan turli variantlar aytildi. Ammo ular orasida qay biri to‘g‘riligi yoki umuman to‘g‘ri javob bor-yo‘qligi noma’lum bo‘lgani sababli jamoa klub yordamini olishga qaror qildi. Ammo klub ham yakdil variantga ega bo‘lib chiqmadi. Turli tomondan turli variantlar yangrashi jamoaning ishini qiyinlashtirib qo‘ydi. Klubdagilar aytgan variantlar orasida to‘g‘risi ham bo‘lganiga qaramay, jamoa noto‘g‘ri variantni tanladi. Afsuski, shu savol o‘yinda oxirgisi bo‘lib qoldi. Hisob teletomoshabinlar foydasiga – 4:6.

So‘nggi finallarda bilimdonlarni ketma-ket mag‘lub etib kelayotgan teletomoshabinlar jamoasi bu safar ham uloqni ilib ketdi. Shunga ko‘ra, eng yaxshi bilimdon ham ushbu jamoadan tanlanadigan bo‘ldi. Final savollari orasida ovoz berishda so‘nggi savol uchta ovoz to‘pladi. Bu esa savol muallifi – nukuslik Bahodir Qidirboyev finalning eng yaxshi bilimdoni deb topilishiga sabab bo‘ldi.

Bilimdonlarning mag‘lubiyatiga qaramay, muxlislar finalda qiziqarli o‘yin guvohiga aylandi. Yosh jamoa esa finaldan quruq ketmaydigan bo‘ldi – yigitlar o‘zlari uchun finalda o‘ynash tajribasini o‘zlashtirdi.

O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin.

1 -raund. Savol muallifi – Muzaffar Rahimov, Navbahor tumani

Boshlovchi: Cho‘ponlar otarlarda qo‘ylarni qo‘riqlash maqsadida yirik zotli itlardan foydalanishadi. Faqat erkak emas, urg‘ochi itlarni ham boqishadi. Urg‘ochi itlar albatta bo‘lishi shart. Nasl qoldirish va yana bir katta maqsad uchun urg‘ochi itlar bu yerda bo‘lishi shart ekan. Yordam sifatida aytaman, urg‘ochi itlar qo‘riqlash tizimida katta rol o‘ynagan.

Diqqat savol: Urg‘ochi itlar qo‘riqlash tizimida aniq qanday vazifani bajargani uchun ular shu yerda turishadi?

Javobni Temur Tursunqulov beradi: Bizning fikrimizcha urg‘ochi itlar nasl qoldirgandan keyin, bolasining atrofida hushyorligi yanada oshadi va o‘sha yerdan boshqa yerga ketmay bolasi turgan joyni yaxshiroq qo‘riqlay boshlaydi. Onalik hissi rivojlanadi deb o‘yladik.

To‘g‘ri javob: Urg‘ochi itlar bo‘ridan cho‘chishmaydi, bo‘rilarni sezgan erkak itlar berkinib olishadi. Faqat urg‘ochi itlar ularga tashlana oladi. Urg‘ochi itni qizg‘anib esa erkak itlar ketidan bo‘riga tashlanadi.

Hisob: 0:1.

Savol muallifi – Muzaffar Rahimov, 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi‌‌.

2-raund. Savol muallifi – Yodgor Umrzoqov, Chortoq tumani

Boshlovchi: Marhamat ekranga qarang!

O‘ziga xos kombinatsiya. Bir, ikki chap qo‘l bilan, o‘ng qo‘l bilan asosiy zarba. Boksda uchta zarbadan iborat kombinatsiya bor. Ya’ni mana shu kombinatsiya. Ikkita zarba chap qo‘lda bitta zarba o‘ng qo‘lda uriladi. Chap qo‘l zarbalari orasida ozgina pauza bo‘ladi. Keyin esa mo‘ljallab aniq qilib o‘ng qo‘l zarbasi uriladi. Boks mutaxassislari bu kombinatsiyani bir kasb egalari bilan atashadi.

Diqqat savol: Bu kombinatsiya nomini qaysi kasb egalari nomiga qo‘yilgan?

Javobni Abbos Salaydinov beradi: Bu kasb temirchilar deb o‘yladik.

To‘g‘ri javob: Ular asosan odatda chap qo‘llari bilan ikki marta eshikni taqillatishadi, o‘ng qo‘l bilan maktubni uzatishadi. Boks tilida bu kombinatsiyani nomi pochtalyon deb nomlamadi.

Hisob: 0:2.

Savol muallifi – Muzaffar Rahimov, 4 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi‌‌.

3-raund. Savol muallifi – Odil Hamroyev, Navoiy shahri.

Boshlovchi: Sadriddin Ayniyning "Eski maktab" qissasida yozilishicha, maktabga qatnovchi bolalar xaltasida, taxminan nosqovoqdek idishda tuz olib yurishgan.

Diqqat savol: Domla talabi bilan olib yurilgan bu tuz nima uchun kerak bo‘lgan?

Javobni Abbos Salaydinov beradi: Bu yerda o‘qituvchi talab qilishidan maqsad, agar qaysidir o‘quvchi dars qilmay kelgan bo‘lsa yoki intizomsizlik qilsa, avval maktablarda bilamiz xivchin bilan urilgan, o‘sha qo‘shimcha jazo sifatida yarasi ustiga tuz sepgan bo‘lishi mumkin. Qo‘shimcha jazo sifatida qo‘llangan.

To‘g‘ri javob: Eski maktab haqida tasavvur bor hammada, eski maktabni bilasizlar, domla o‘tiradi qo‘lida uzun hivchin bilan. Bolalar darsda to‘polon qilsa yoki darsni o‘zlashtirmasa ayovsiz kaltaklanadi. Boz ustiga, agar kattaroq gunoh qilsa kaltaklangan tanaga tuz sepiladi.

Hisob :1:2.

Bilimdonlar jamoasi 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

4-raund. Savol muallifi – Mamarajab Shoimardonov, Uzun tumani.

Boshlovchi: Mo‘g‘ulistonlik yilqiboqarlar kuz kelishi bilan otlarni ichidan ajratib olib kushxonaga topshirishadi. Ular qaysi otni so‘yishga berishni bilish yo‘lini bilishadi. Buning uchun otlarni g‘ovlar bilan to‘silgan qo‘rani ichiga ovqat bermay qamab qo‘yishadi. So‘ngra ikki-uch kundan keyin otlar orasidan kushxonaga boradiganlari ma’lum bo‘ladi.

Diqqat savol: Unday otlar qanday ajratib olinadi?

Javobni Sohib Jontoyev beradi: Deyarli hammada shunaqa fikr chiqdi, demak, 2-3 kundan keyin borganda o‘sha yerda qolib ketgan otlar topshirib yuboriladi. Kuchli otlar u joydan qutulib chiqib ketishadi.

To‘g‘ri javob: 2-3 kun keyin otlarning qorni ocha boshlaydi, ovqat ularga berilmaydi. Otlarning chaqqoni, ozg‘inlari g‘ov ustidan sakrab o‘tadi. O‘tolmagani demak u semiz, so‘yishga loyiq.

Hisob: 2:2.

Bilimdonlar jamoasi 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

5-raund. Savol muallifi – Alisher Nusratov, Romitan tumani.

Boshlovchi: Iskandar Zulqarnaynning Butsefal degan oti bo‘lgan. Bu ot juda g‘alati bo‘lgan. Agar u egasi bilan sayrga chiqsa o‘ta yumshoq va sokin bo‘lgan. Agar egasi bilan jangga kirsa olov bo‘lib pishqirgan. Buning sababini Iskandar bilan otboqar bilgan.

Diqqat savol: Otboqar jangdan oldin nima qilganki ot pishqirgan, olov bo‘lgan?

Javobni Muhiddin Usmonov beradi: Bizning fikrimizcha, otboqar jang oldidan otga qalampir bergan. Shuning natijasida balki ot qizib olov bo‘lib jang qilgan.

To‘g‘ri javob: Iskandarning oti hech narsadan cho‘chimagan, faqat bo‘ridan bo‘lak. Uning egari ostiga bo‘ri terisi yopishtirib qo‘yilgan. Buni sezgan ot doimo oldinga bosgan.

Hisob: 2:3.

Savol muallifi – Alisher Nusratov 6 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

6-raund. Savol muallifi – Ulug‘bek Egamberdiyev, Andijon shahri.

Boshlovchi: Marhamat ekranga qarang!

Asli polyak bo‘lgan amerikalik rassom Devid Seymurning 1947-1948-yillarda YuNeSKO buyurtmasiga asosan tayyorlangan urushdan keyingi bolalar albomida Tereza ismli qizning surati bor. Maktabda rasm darsida ekrandagi suratni chizib beradi.

Diqqat savol: Qizcha nimaning suratini chizgan deb o‘ylaysiz?

Javobni Abbos Salaydinov beradi: Balki bu qizchadan urush vaqtida qayerda bo‘lganini chizib berishini so‘rashganida, o‘zining sarson-sargardon bo‘lganini, och-nahor bo‘lganini mana shu yo‘nalishini chizib bergandir. Uyingni chizib ber degan bo‘lsa mana shunday chizib bergandir.

To‘g‘ri javob: Bu qizcha 7 yoshlar chamasi maktabga yangi chiqqan paytida. U qiz konslagerda tug‘ilgan. Va qizchaga nimani suratini chizding deb so‘ralganda, u uyimning surati degan.

Hisob: 3:3.

Bilimdonlar jamoasi 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

7-raund. Savol muallifi – Ziyovuddin Qurbonov, Paxtaobod tumani.

Boshlovchi: AQShning Filadelfiyasidagi bir ko‘prik nurash oqibatida ag‘anagan. Nimadan nuraganini o‘rgangan mutaxassislar sababini qidirib topishgan. Keyin ko‘prik qayta ta’mirlangach, bir guruh tashkil etilgan. Guruhga aniq bir vazifa yuklatilgan. Guruh ko‘prikni erta nurashdan saqlash uchun kunduz kunlari ko‘prikda bir ish bilan shug‘ullangan.

Diqqat savol: Aniq ayting guruhga qanday vazifa yuklatilgan?

Javobni Muhiddin Usmonov beradi: Bizning fikrimizcha bu guruh kunduzi qushlarni haydab yurgan, qushlarning tezagi temir nurashiga olib kelishi mumkin. Shunda bu guruh kunduzi qushlarni haydagan.

To‘g‘ri javob: Temir ko‘prikda tunda minglab qushlar tunaydi. Ularni vazifasi qushlarni haydash bo‘lmagan. Qushlar qoldirgan axlatlarni tozalash bo‘lgan. Tunda uxlagani kelgan qushlarni haydash xavfli. Chunki qushlar palapartishlikda bir-birlarini nobud qilib qo‘yishlari mumkin.

Hisob: 3:4.

Savol muallifi – Ziyovuddin Qurbonov, 8 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

8-raund. Savol muallifi – Sunnatilla Rasulov, Kattaqo‘rg‘on tumani.

Boshlovchi: Marhamat zakovat sandiqchasi olib chiqilsin!

Zamonaviy rus shoiri Yevgeniy Tkachovdan to‘rt qator she’r:

Makon etib chang bosgan uyning tomini

Eski quti yirtib qopga tushib olmoqda.

Keraksiz rejadek xayoldan uchib,

Hatto Ular ham qarib qolmoqda.

Sandiqchadagi ham qarib qolmoqda.

Diqqat savol: Sandiqchadagi «U»ning nimaligi toping.

Javobni Muhiddin Usmonov beradi: Bizning fikrimizcha sandiqchada eski kitoblar bor.

To‘g‘ri javob: Gap tom haqida ketyapti, eski quti yirtiq-yamoq, nimalardir ashqol-dashqol, hammasi yig‘ilib yotibdi, hatto beg‘ubor ular ham vaqt o‘tgani sari qarib qolar ekan. Marhamat sandiqchani ochamiz. Uning ichida qo‘g‘irchoq bor.

Hisob: 3:5.

Savol muallifi – Sunnatilla Rasulov 10 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

9-raund. Savol muallifi – Ravshan Mamajonov, To‘raqo‘rg‘on tumani

Boshlovchi: Marhamat ekranga qarang!

Afrikadagi fermerlar ekin ekiladigan maydonni mana shunaqa sim to‘rlar bilar o‘rab qo‘yishar ekan. Ularning orasida sim bor. Va o‘rtasiga yashiklar ilib qo‘yishadi. Maqsad maydonni fillardan himoyalash ekan.

Diqqat savol: Ayting-chi, yashiklarda nima solingan deb o‘ylaysiz?

Javobni Bobur Maksimov beradi: Bizning fikrimizcha, bu idishlar o‘ziga xos asalarilar ini bo‘lgan. To‘siqdan o‘tgan fil buni buzib yuboradi, asalarilar chiqib uni chaqadi va fil orqasiga qaytib ketishga majbur bo‘ladi.

To‘g‘ri javob: Ular ham qo‘riqlaydi, ham o‘zining azaliy ishini qiladi. Afrikadagi ekin maydonlariga asosiy zararni fillar qilishadi. Fillar undan qo‘rqishadi. Keyin qayerda uning hujumiga uchrasa shu joyga yaqinlashishmaydi. Bu yashiklar ichida asalarilar bor.

Hisob: 4:5.

Bilimdonlar jamoasi 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

10-raund. Savol muallifi – Bahodir Qidirboyev, Nukus shahri.

Boshlovchi: Marhamat, ekranga qarang!

Bahodir bu suratni Ichanqal’aning bir bo‘limida ko‘rgan ekan. Bu bo‘lim Xorazm ... tarixi bo‘limi ekan.

Diqqat savol: Bu bo‘lim musiqa janri bo‘lmasa, unda nima deb nomlangan?

Jamoa klub yordamini oladi.

Javobni Abbos Salaydinov beradi: Eng ko‘p tarozi bosadigan narsa rasmda matolar bo‘lyapti, masalan oyoq ostiga to‘shalganiyam, yog‘och krovat ustida gilam va yostiqdagi bezaklaram bor. Bu Xorazm mato to‘qish san’ati bo‘limi.

To‘g‘ri javob: Bu bo‘limning nomi Tabobat tarixi bo‘limi. Xorazmda musiqa ohang emas, yuksakroq xilqat. Bu suratda musiqa bilan davolash ko‘rsatilgan.

Hisob: 4:6.

Savol muallifi – Bahodir Qidirboyev 12 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Xorazm tabobati tarixi haqidagi savol muallifi Bahodir Qidirboyev finalning eng yaxshi bilimdoni deb topildi.

Foto: Zakovat

Bahodir Qidirboyev homiy Kapitalbank tomonidan 25 mln so‘m, «Zakovat» intellektual klubi tomonidan 25 mln so‘m, jami 50 million so‘m bilan taqdirlanadigan bo‘ldi.

O‘yinning to‘liq videosini quyida tomosha qilishingiz mumkin:

Shu tariqa, «Zakovat» teleo‘yinining bahorgi mavsumi o‘z yakuniga yetdi. Oldinda muxlislarni yozgi mavsum o‘yinlari kutib turibdi.

 

Mavzuga oid