O‘zbekiston | 20:07 / 27.04.2020
58519
5 daqiqa o‘qiladi

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari va tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Prezident farmoni e'lon qilindi

“Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni e'lon qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati (arxiv)

Farmonda belgilanishicha, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida asosiy daromad manbalarini yo‘qotgan shaxslarni, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini va tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlashni ta'minlash maqsadida:

2020 yil 1 apreldan 2020 yil 1 oktyabrga qadar:

O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondiga, “Saxovat va ko‘mak” fondiga, “O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga, shu jumladan ularning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlardagi bo‘linmalariga, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan shakllantiriladigan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan jismoniy shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan jismoniy shaxslarga beg‘araz beriladigan:

  •  pul mablag‘lari va tovarlar (xizmatlar)ga foyda solig‘ini hisoblashda chegiriladigan xarajatlar sifatida qaraladi;
  •  tovarlar (xizmatlar) qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha soliq solish obektiga kiritilmaydi;
  •  O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondidan, “Saxovat va ko‘mak” fondidan, “O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondidan, yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan beg‘araz yordam (pul mablag‘lari, tovarlar va xizmatlar)ga, agar yordam oluvchi shaxslar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan shakllantiriladigan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan jismoniy shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa, jismoniy shaxslarning daromadi sifatida qaralmaydi;
  • jismoniy shaxslarga turar joylarini jismoniy shaxslarga va koronavirus pandemiyasi davrida faoliyati to‘xtagan tadbirkorlik sub'yektlariga noturar joylarni ijaraga berishdan olingan jismoniy shaxslardan olinadigan daromadlar bo‘yicha soliqni foizsiz kechiktirib to‘lash huquqi beriladi. Bunda, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash bo‘yicha berilgan kechiktirish summasi 2021 yil 1 aprelga qadar muddatgacha teng ulushlarda to‘lanishi lozim;
  • lizing korxonalari tomonidan hisoblangan va kechiktirilgan lizing bo‘yicha foiz daromadlari summasi foyda solig‘ini hisoblashda kechiktirish berilgan davrdagi jami daromad tarkibiga kiritilmaydi;
  • tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash Davlat jamg‘armasi tomonidan kompensatsiya qilish tartibi tadbirkorlik sub'yektlarining amaldagi kredit shartnomalariga ham tatbiq qilinadi.

Hujjatga muvofiq shunday tartib o‘rnatiladiki, 2020 yilda xodimga to‘lanadigan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga tortilmaydigan moddiy yordam summasi mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 4,22 baravaridan 7,5 baravarigacha oshiriladi.

Farmon bilan, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligining pensiya va nafaqalar to‘g‘ri tayinlanishi hamda to‘lanishi bo‘yicha tekshirishlar natijasida aniqlangan, fuqarolarga ortiqcha to‘langan pensiya va nafaqalarning 2020 yil 20 aprel holatiga qarzdorlik summasini hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Belgilanishicha, 2020 yil 1 maydan boshlab barcha ishlovchi pensionerlarga (Davlat budjeti hisobidan pensiya oluvchi shaxslardan tashqari) pensiyalar to‘lovi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi orqali amalga oshiriladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–5978-son Farmonining 6-bandida nazarda tutilgan soddalashtirilgan tartibda soliqlarni to‘lash bo‘yicha foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) berish muddati 2020 yil 31 dekabrgacha uzaytirilishi belgilandi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) berilgan va kelgusida to‘lanadigan soliq summalarini to‘lash bo‘yicha muddatni mustaqil ravishda, biroq ikki yildan oshirmasdan belgilash huquqiga ega. 

Mavzuga oid