O‘zbekiston | 11:47 / 05.08.2021
32130
3 daqiqa o‘qiladi

«Adolat» partiyasining prezidentlik saylovida ishtirok etadigan nomzodi tavsiya qilindi

O‘zbekiston prezidentlik saylovida «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi tomonidan partiya siyosiy kengashi raisi, tarix fanlari doktori Bahrom Abduhalimov nomzod sifatida ishtirok etadi. Bu haqda «Adolat» SDP markaziy kengashining 5 avgust kuni o‘tkazilgan navbatdan tashqari VII plenumida ma'lum qilindi.

«Adolat» SDPning navbatdan tashqari plenumida 2021 yilgi prezidentlik saylovlariga partiya rahbari Bahrom Abduhalimovni nomzod sifatida partiya qurultoyida ko‘rsatish masalasi muhokama qilindi.

Tadbirda ayni paytda partiya lideri Bahrom Abdurahimovich Abduhalimov nomzodi partiya qurultoyida nomzod sifatida ilgari surish taklifi bildirildi. Barcha so‘zga chiqqanlar bu taklifni ma'qulladi.

Endilikda uning nomzodi partiya qurultoyida tasdiqlanishi kerak.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, plenumda shuningdek, fuqarolarning siyosiy va huquqiy savodxonligini rivojlantirish hamda saylov manfaatlarini himoya qilishga doir masalalar ham muhokama qilingan.

Ma'lumot uchun, Bahrom Abduhalimov 1959 yil 27 fevralda Toshkent shahrida tavallud topgan. Toshkent davlat universitetini tamomlagan (1981 yil). O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida kichik, katta ilmiy xodim, bo‘lim boshlig‘i, ilmiy kotib, ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, direktor, O‘zbekiston prezidenti davlat maslahatchisi lavozimlarida ishlagan. Tarix fanlari doktori, Markaziy Osiyo tarixi va sharqshunoslik sohasidagi olim.

U 2011-2020 yillarda Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti lavozimida ishlagan. 2020 yilning oktyabrida «Adolat» SDP siyosiy kengashi raisi etib saylangan.

O‘zbekiston prezidenti saylovi kampaniyasiga 23 iyul kuni start berildi. Saylovlarda 5 ta partiya – «Adolat» SDP, «Milliy tiklanish» DP, O‘zLiDeP, XDP va O‘zbekiston Ekologik partiyasi o‘z nomzodini ilgari surish huquqiga ega. Saylov 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadi. 

Qonunchilikka ko‘ra, partiya yuqori organi uning nomzodini ma'qullashi, Respublikadagi jami saylovchilarning kamida 1 foizi nomzodni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishi kerak bo‘ladi.

Bundan oldinroq, Ekopartiya prezident saylovida Narzulla Oblomurodov nomzod sifatida qatnashishini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid