O‘zbekiston | 19:27 / 22.10.2021
3184
3 daqiqa o‘qiladi

“Adolat” nomzodi Toshkent shahri va viloyatida saylovoldi tashviqotlarini olib bordi

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Bahrom Abduhalimovning Toshkent shahri va viloyatida saylovchilar bilan saylovoldi uchrashuvlari davom etmoqda.

Foto: «Adolat» SDP

Poytaxtlik saylovchilar bilan uchrashuvda Bahrom Abduhalimov so‘nggi yillarda olib borilgan ishlar haqida gapirar ekan, Toshkentning o‘ziga xos turizm salohiyati borligini ta'kidladi.

“Toshkentdagi “Suzuk ota”, “Hazrati Imom”, “Shayx Hovandi Tohur”, “Zangiota” ziyoratgoh majmualari, masjid-madrasalar ta'mirlanishi poytaxtdagi turizm salohiyatini ko‘rsatib beradi. Hududning o‘ziga xos milliy taomlari bu yerda gastronomik turizm uchun ham katta imkoniyatlar borligini bildiradi”, – dedi prezidentlikka nomzod.

Angrenlik saylovchilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda partiya vakillari, mahalliy kengash deputatlari, ta'lim, tibbiyot sohalari vakillari, nuroniylar, faol yoshlar, xotin-qizlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Foto: «Adolat» SDP

Nomzodning dasturidan tarkib topgan ustuvor yo‘nalishlar, maqsad va vazifalar sotsial-demokratiya g‘oyasi hamda O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining dasturiy maqsadlari va siyosiy platformasiga to‘liq mos kelishi ta'kidlandi.

Saylovoldi uchrashuvlarida nomzodning saylovoldi dasturida e'tibor qaratilgan oliy ta'lim tizimini takomillashtirish, ta'lim sohasida adolat ustuvorligini ta'minlash masalalari muhokama qilindi. Jumladan, nomzodning saylovoldi dasturiga:

  • bolalarni maktabgacha ta'lim tashkilotlariga ikki yoshdan boshlab, yuz foiz qamrab olish va davlat maktabgacha ta'lim tizimini to‘liq bepul qilish;
  • o‘qituvchilar obro‘-e'tibori va huquqiy maqomini yanada ko‘tarish va shu maqsadda “O‘qituvchining maqomi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish;
  • umumta'lim maktablari uchun darsliklarning yangi, zamonaviy avlodini yaratish uchun “Darsliklar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot instituti”ni tashkil etish;
  • jamiyatdagi ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, har bir insonga oliy ma'lumot olish imkoniyatini yaratish;
  • oliy ta'lim kvotalarini butunlay yo‘q qilish va reytingi yuqori bo‘lgan talabalarning bepul oliy ta'lim olishini kafolatlash kabi rejalar kiritilgan.

Mavzuga oid