2019 yil yanvar oyida Vazirlar Mahkamasining «Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 14-sonli qarori qabul qilindi.
Yangi tartibga asosan ko‘plab fermer xo‘jaliklarining yeri zaxiraga qaytarilib, komissiya tomonidan tanlovga qo‘yildi va talabgorlarga ajratib berildi. Ammo maqbullashtirish jarayoni hamma yerda silliq kechdi, qarordagi talablar og‘ishmasdan bajarildi deb ayta olamizmi?
Kun.uz tahririyatiga yeri zaxiraga qaytarilganidan norozi bo‘lgan ko‘plab fermer xo‘jaliklari rahbarlari murojaat qilgan. Ular orasida Xorazm viloyati, Qo‘shko‘pir tumani, Shixmashxad qishlog‘i, «O‘zbekiston» mahallasida tashkil qilingan «Bayjanov Otabek» fermer xo‘jaligi rahbari Muhammad Bayjanov ham bor.

2019 yil yanvar oyida Qo‘shko‘pir tumani hokimligi Vazirlar Mahkamasi qaroridan kelib chiqib, paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishidagi «Bayjanov Otabek» fermer xo‘jaligi hisobidagi yer maydonlari 100 gektardan kam bo‘lgani sababli, uni zaxiraga qaytarib olgan. Fermer xo‘jaligi rahbari Muhammad Bayjanov buni noqonuniy deb hisoblamoqda.
«2019 yil yanvar oyida Qo‘shko‘pir tumani hokimligi balansimizdagi yerni zaxiraga qaytarib olish uchun mendan ariza talab qildi. Men ularga faoliyatimda nafaqat paxtachilik va g‘allachilik, balki chorvachilik ham bor, yerni o‘zimda qoldiringlar, maqbullashtirishga zarurat yo‘q deb aytdim. Ammo bu ish vaqtinchalik ekanini, tez orada yerlar o‘zimga qaytishini aytib, baribir ariza yozdirib olishdi. Afsuski, bu gaplarga aldanib qoldim. Keyinchalik, yerlar tanlovga qo‘yilib, boshqa fermer xo‘jaligiga berib yuborildi. Endi 50 bosh qoramolni qanday o‘tlataman?», - deydi Muhammad Bayjanov.
Darhaqiqat, Vazirlar Mahkamasining 14-son qarorida qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalarining hajmlari ularning faoliyat yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishidagi qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlarining eng kam o‘lchami — 100 gektar, g‘allachilik va sabzavotchilik yo‘nalishidagi qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlarining eng kam o‘lchami — 20 gektar, bog‘dorchilik va uzumchilik yo‘nalishidagi qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlarining eng kam o‘lchami — 10 gektar, sabzavotchilik va polizchilik yo‘nalishidagi qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlarining eng kam o‘lchami — 5 gektar deb belgilangan. Ya'ni, shu yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi fermer xo‘jaliklarining yer maydoni bu me'yorlardan kam bo‘lsa, maqbullashtirilishi lozim.



















