O‘zbekiston | 18:28 / 07.04.2026
1301
3 daqiqa o‘qiladi

Renovatsiyada mulkdorlarga yetkazilgan noqulaylik uchun qo‘shimcha kompensatsiya to‘lanishi mumkin

Senatda «Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida»gi Qonun muhokama qilindi va ma’qullandi. Unda mulkdorlarga yetkazilgan noqulayliklar uchun kompensatsiya miqdorining 12 foizi miqdorida bir martalik pul mablag‘i berilishi belgilangan.

Foto: Kun.uz

Senatning 7 apreldagi majlisida «Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida»gi Qonun muhokama qilindi va ma’qullandi.

Qayd qilinishicha, qonunning asosiy maqsadi aholining yashash sharoitini yaxshilash, seysmik jihatdan xavfli va jismonan eskirgan binolarni bosqichma-bosqich yangilash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda shahar muhitini zamonaviy talablar asosida shakllantirishdan iborat.

Ta’kidlanishicha, shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish jarayonlari ochiq va shaffof bo‘lishi, renovatsiya dasturi jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan “Shaharsozlik renovatsiyasi” elektron platformasiga joylashtirilishi va ommaviy axborot vositalari hamda vakolatli organlarning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilib borilishi alohida belgilanmoqda.

Shu bilan birga, kompensatsiyaning to‘rt xil shakli nazarda tutilmoqda. Jumladan, kompensatsiya shaharsozlik renovatsiyasi hududidagi yangi yoki boshqa joydagi turar va noturar toifadagi obektni mulk qilib berish, pul mablag‘lari yoxud kelishuv bitimida nazarda tutilgan boshqa shakllar orqali amalga oshiriladi. Kompensatsiya shakli mulkdor va Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish direksiyasi o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq ixtiyoriy ravishda tanlanadi.

Mulkdorlarga yetkazilgan noqulayliklar uchun kompensatsiya miqdorining o‘n ikki foizi miqdorida bir martalik pul mablag‘lari berilishi belgilanmoqda.

Tenglik va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining huquqlarini himoya qilishning ustuvorligi shaharsozlik renovatsiyasining asosiy tamoyillaridan biri etib belgilanmoqda. Bundan tashqari, ko‘chirish yoki vaqtincha ijaraga chiqish zarurati yuzaga kelganda fuqarolar tayyor hududga, nogironligi bo‘lgan shaxslar esa qulay muhitga ega turar joylarga ko‘chirilishi nazarda tutilmoqda.

Qonunda mulkdorlar huquqlarining ustuvorligi tamoyili belgilanib, davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarda yuzaga keladigan barcha ziddiyatlar va noaniqliklar mulkdor foydasiga talqin etilishi kafolatlari mustahkamlanmoqda.

Senat a’zolari o‘z chiqishlarida eskirgan uy-joy fondini yangilash va aholiga zamonaviy infratuzilma yaratishga qaratilgan mazkur Qonun shaharlarning barqaror va rejali rivojlanishini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid