O‘zbekiston | 18:24
529
3 daqiqa o‘qiladi

Senat yalpi majlisida shaharsozlik, yo‘l infratuzilmasi va riyeltorlikka oid muhim qonunlar ma’qullandi

Oliy Majlis Senatining 7-8 aprel kunlari o‘tkazilgan 14-yalpi majlisida qator muhim qonunlar ko‘rib chiqildi. Kun tartibidan shaharsozlik, yo‘l infratuzilmasi, riyeltorlik va sud-ekspertlik sohalariga oid hujjatlar o‘rin oldi.

Foto: Kun.uz

Xususan, «Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida»gi qonun bilan renovatsiya jarayonlarini ochiq va shaffof tashkil etish belgilanmoqda. Endi barcha renovatsiya dasturlari maxsus elektron platformaga joylashtirilib, OAV va rasmiy saytlar orqali e’lon qilib boriladi.

Qonunga ko‘ra, mulkdorlar uchun kompensatsiyaning to‘rt xil shakli joriy etilmoqda. Ya’ni, ularga yangi yoki boshqa hududdan uy-joy (yoki noturar obekt), pul kompensatsiyasi yoki tomonlar kelishuvi asosida boshqa turdagi tovon taklif qilinadi. Muhimi, kompensatsiya turi majburiy emas — u tomonlar o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra ixtiyoriy tanlanadi.

«Riyeltorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonunda esa sohaning asosiy tamoyillari aniq belgilab berildi. Unga ko‘ra, riyeltorlar qonuniylik, xolislik, halollik, axborot maxfiyligi va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik prinsiplari asosida ishlashi shart. Bu esa ko‘chmas mulk bozorida mijozlar manfaatlarini yaxshiroq himoya qilishga xizmat qiladi.

Shuningdek, riyeltorlarning professional jamoat birlashmalariga alohida vakolatlar berilmoqda. Ular mutaxassislarga sertifikat berish, ularning malakasini baholash va kasbiy faoliyatini nazorat qilish bilan shug‘ullanadi. Senatorlar fikricha, bu yangiliklar sohada «yashirin» iqtisodiyot ulushini qisqartirib, legallikni kuchaytiradi.

Majlisda, shuningdek, davlat organlari va mansabdor shaxslarning noqonuniy qarorlari yoki harakatsizligi oqibatida yetkazilgan zararni qoplash mexanizmlarini kuchaytirishga qaratilgan qonunlar ham muhokama qilindi. Qorovullik faoliyatini takomillashtirish, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini rivojlantirishga oid hujjatlar ham ko‘rib chiqildi.

Kun tartibidan fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini mustahkamlash, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonunlar ham joy oldi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston hukumati bilan Iordaniya hukumati o‘rtasida qidiruvdagi shaxslarni «ushlab berish» to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish masalasi ko‘rib chiqildi.

Yalpi majlisda Ombudsmanning 2025 yildagi faoliyati yuzasidan hisobot eshitilib, ma’qullandi.

Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekistonning BAAdagi Favqulodda va muxtor elchisi lavozimiga Umid Shodiyev tayinlandi hamda Oliy sud tarkibiga o‘zgartirishlar kiritildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid