Jahon | 15:09 / 11.03.2026
4523
8 daqiqa o‘qiladi

Eronga qarshi urushning 3 maqsadi, Shveytsariyada yongan avtobus va Ho‘rmuzga «ko‘chgan» front – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Eronga berilayotgan zarbalarning «eng shiddatli» kuni

Seshanba kuni urushning 12-kuniga o‘tar ekan, AQSh mudofaa vaziri Eronga qarshi harbiy operatsiya doirasida zarbalar «eng yuqori nuqtasiga» chiqishini ma’lum qildi.

«Bugun Eron ichkarisidagi obektlarga zarba berishning eng shiddatli kuni bo‘ladi. Eng ko‘p qiruvchi samolyotlar, eng ko‘p bombardimonchilar va eng ko‘p zarbalar. Razvedka ma’lumotlari har qachongidan ham aniq va mukammal», dedi Pit Hegset Pentagonda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Vazir operatsiyaning uchta asosiy maqsadini sanab o‘tdi:

  • Eronning raketa zaxiralari, uchirish qurilmalari va mudofaa sanoati bazasini hamda raketa ishlab chiqarish qobiliyatini yo‘q qilish;
  • Eron harbiy-dengiz flotini butunlay yakson qilish;
  • Eronning yadro quroli ishlab chiqarish imkoniyatiga chek qo‘yish.

Pentagon rasmiysi general Den Keynning ma’lum qilishicha, dastlabki 10 kun ichida AQSh Eronning 5000 dan ortiq nishoniga zarba bergan va 50 dan ortiq harbiy kemasini yo‘q qilgan.

Eron Isroil va AQSh harbiy aktivlari joylashgan Fors ko‘rfazi davlatlariga dron va raketalar bilan javob qaytarmoqda. Hegset buni Eron rejimining «chorasizligi» deb atadi va bu harakatlar qo‘shni davlatlarni Vashingtonga yaqinlashtirayotganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, arab davlatlari AQShga o‘z hududlaridan foydalanish, bazalar va havo hududini ochib berish orqali yangi hamkorlikni boshlagan. Bu esa hududni xuddi «Ibrohim kelishuvlari» kabi qayta shakllantirmoqda.

Isroil va Eronning zarbalar almashinuvi

Eron seshanba oqshomida Qatardagi AQShning Al-Udeid va Iroq Kurdistonidagi Al-Harir bazalariga raketa zarbalari berganini ma’lum qildi. Shuningdek, BAA va Bahrayn dengiz bazalaridagi AQSh qo‘shinlariga dronlar orqali hujum qilingan.

Chorshanba tongiga o‘tar kechasi millionlab isroilliklar bomba panohgohlariga yashirinishga majbur bo‘ldi. Harbiylar Eron Isroil tomon raketalar uchirganini ma’lum qildi. Bu Tehronning ikki haftalik urushdan keyin ham Isroilga zarba berish salohiyatini saqlab qolganidan dalolat beradi.

Eronning so‘nggi hujumlari Isroilning Bayrutga bergan yangi zarbalari bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Isroil esa Bayrutda «Hizbulloh»ni nishonga olmoqda.

Tehron aholisi esa seshanba oqshomini urushning eng dahshatli tuni deb tasvirladi. «Bu do‘zaxning o‘zi edi. Ular Tehronning har bir burchagini bombardimon qilishdi. Bolalarim uxlashga qo‘rqib qoldi», - deydi mahalliy aholi vakillaridan biri.

Bundan tashqari, Eron hukumati ichki tartibsizliklardan xavotirda. Donald Tramp Eron fuqarolarini hukumatni ag‘darishga chaqirganidan so‘ng Eron politsiyasi rahbari Ahmadrizo Radan qat’iy ogohlantirish bilan chiqdi:

«Dushmanning talabi bilan ko‘chaga chiqqan har qanday shaxsga namoyishchi emas, dushman sifatida qaraladi. Barcha xavfsizlik kuchlarimizning barmoqlari tepkida turibdi», dedi u.

Eronda 28 fevraldan beri 1300 dan ortiq tinch aholi vakillari halok bo‘lgan, 8000 ga yaqin uy va o‘nlab tibbiy-ta’lim muassasalari vayron qilingan. Isroilda esa Eron zarbalari natijasida kamida 11 kishi halok bo‘lgan. AQSh 7 nafar askari halok bo‘lgani, 140 nafari yaralanganini ma’lum qildi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat

AQSh Markaziy qo‘mondonligi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinida Eronning 16 ta minalashtiruvchi kemasi «yo‘q qilinganini» bildirdi.

Seshanba kuni erta tongda Pentagon Eronning minalashtiruvchi kemalari va minalar saqlash omborlariga zarba berayotganini ma’lum qildi. CENTCOM esa o‘z navbatida katerlarga berilgan zarbalar videosini e’lon qildi.

AQSh–Isroilning Eronga qarshi urushi allaqachon dunyo bo‘ylab neft va suyultirilgan tabiiy gazning beshdan bir qismi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashishni amalda to‘xtatib qo‘ygan.

Prezident Donald Tramp esa Eron tomonidan bo‘g‘ozga joylashtirilgan har qanday minalar darhol olib tashlanishi kerakligi haqida ogohlantirdi. Uning ta’kidlashicha, AQSh giyohvand moddalar tashuvchilarga qarshi qo‘llanadigan texnologiyadan «Ho‘rmuz bo‘g‘ozini minalashtirishga urinayotgan har qanday kemani yo‘q qilish» uchun foydalanmoqda.

AQShning yuqori martabali generali harbiylar agar buyruq berilsa, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalarni kuzatib borish (eskort) yo‘llarini ko‘rib chiqa boshlaganini aytgandi. Shunga qaramay, AQSh Harbiy-dengiz kuchlari hozirga qadar yuk tashish sanoatining harbiy kuzatuv bo‘yicha so‘rovlarini rad etib kelmoqda.

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi esa AQSh va Isroil hujumlari to‘xtamaguncha Ko‘rfazdan neft tashishni to‘sib qo‘yishga va’da berdi.

Shveytsariyada avtobus yonib ketdi

Shveytsariyaning g‘arbiy qismidagi shaharchada avtobusda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida kamida olti kishi hayotdan ko‘z yumdi, yana bir necha kishi jarohatlandi. Hodisa seshanba kuni kechki vaqtda, poytaxt Berndan taxminan 20 km masofada joylashgan Kersers shahrida yuz bergan.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, kamida uch kishi shifoxonaga yotqizilgan, shuningdek, qutqaruvchilardan biri ham jarohatlangani aytilmoqda.

Mahalliy OAV tomonidan e’lon qilingan videolarda alangaga burkangan avtobus aks etgan.

Yong‘in sabablari hozircha ma’lum emas, biroq hodisa qasddan uyushtirilgani ehtimoli yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Ayrim xabarlarga ko‘ra, bir kishi o‘ziga benzin sepib o‘t qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Ammo rasmiylar bu ma’lumotni tasdiqlay olmasliklarini bildirdi.

Janubiy Koreyadagi AQSh raketalari haqida

Janubiy Koreya prezidenti Li Myunn AQShning THAAD havo mudofaasi tizimi har qanday qismining Yaqin Sharqqa ko‘chirilishiga qarshi ekanini bildirdi. Biroq unga ko‘ra Seulning bu pozitsiyasi AQSh tomonidan to‘liq qabul qilinmasligi mumkin.

Seshanba kuni o‘tkazilgan vazirlar mahkamasi yig‘ilishida so‘zga chiqqan Li AQSh harbiy aktivlarining Janubiy Koreyadan ehtimoliy ko‘chirilishi mamlakatning Shimoliy Koreyaga qarshi tiyib turish salohiyatini sezilarli darajada zaiflashtirmasligini ta’kidladi.

«Agar bizning Shimoliy Koreyaga qarshi tiyib turish strategiyamizga jiddiy putur yetdimi deb so‘rasangiz, men 'aslo yo‘qʼ deb javob bera olaman», dedi u.

Li Myun uskunalar o‘tkazilganini rasman tasdiqlamadi, ammo Seul Koreya yarimorolidagi harbiy salohiyatning har qanday kamayishi bo‘yicha Vashingtonga o‘z xavotirlarini yetkazganini bildirdi.

Avvalroq Pentagon Eronning hujumlariga qarshi mudofaani kuchaytirish uchun Janubiy Koreyadagi THAAD tizimining bir qismi va Hind–Tinch okeanidagi Patriot raketalarini Yaqin Sharqqa yo‘naltirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Shu bilan birga, Yaqin Sharqdagi mojarolarning dastlabki kunlarida Janubiy Koreyaning chet eldagi harbiy bo‘linmalari bazalari yaqinida zarbalar qayd etilgach, ular yuqori shaylik holatiga o‘tkazildi. Hozirda Janubiy Koreyaning to‘rtta harbiy bo‘linmasi — Livan, Janubiy Sudan, Somali va BAAda tinchlikparvar va xavfsizlik missiyalarini o‘tamoqda.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid