O‘zbekiston | 09:57 / 15.09.2021
5516
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston-Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasi tashkil etiladi

O‘zbekiston-Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasi faoliyati tashkil etiladi. Bu haqda Toshkentda Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Turkmaniston Hukumatlararo komissiyasining 16-yig‘ilishida ma'lum qilindi.

Yig‘ilish O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov hamda Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Esemirat Orazgeldiyev hamraisligida bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar ikki mamlakat iqtisodiyotining qiyosiy ustunliklarini hisobga olgan holda sanoat kooperatsiyasini faol rivojlantirish va uzluksiz qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirish zarurligi to‘g‘risida fikr bildirdi. Qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, charm-poyabzal sanoati, maishiy texnika va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida ishlab chiqarish obektlarini tashkil etish loyihalarini ishlab chiqishni jadallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha aniq loyihalarni o‘z ichiga olgan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va qabul qilishga kelishildi.

O‘zaro savdoni rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi sa'y-harakatlar rejalashtirildi. Jumladan, tomonlar ikki mamlakat bozorlariga o‘zbek va turkman mahsulotlarini barqaror yetkazib berishni ta'minlash yuzasidan amaliy chora-tadbirlarni ko‘rishga hamda o‘zbek-turkman savdo aylanmasi hajmini yaqin kelajakda 1 mlrd dollarga yetkazishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Ikki mamlakat tashqi savdo idoralari vazirlarining o‘rinbosarlari darajasidagi qo‘shma ishchi guruh bu yo‘nalishdagi takliflarni muntazam ravishda ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. 

Shuningdek, yaqin kelajakda O‘zbekiston-Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasi faoliyatini tashkil etish va tartibga solish to‘g‘risidagi Bitim loyihasini kelishish ham yakuniga yetkaziladi.

Ikki mamlakat o‘rtasida transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni yaxshilashga alohida e'tibor qaratildi. Jumladan, tomonlar transport yo‘laklarini yanada rivojlantirish, aviaqatnovlarni bosqichma-bosqich qayta tiklash, 2022 yilda o‘zaro tarif imtiyozlarini taqdim etish, “Turkmanboshi” dengiz porti infratuzilmasidan foydalanish istiqbollari hamda boshqa tashabbuslarni nazarda tutuvchi qo‘shma choralarni ishlab chiqish va qabul qilishga kelishib oldi.

Mavzuga oid