Jahon | 17:04 / 02.11.2022
10640
2 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariyada 100 ta vagondan iborat eng uzun yo‘lovchi poyezdi rekord o‘rnatdi

Shveytsariyadagi Rhaetian Railway temiryo‘l kompaniyasi 100 ta vagondan iborat jahondagi eng uzun yo‘lovchi poyezdini yo‘lga tushirib, o‘ziga xos rekord o‘rnatdi.

25 ta elektropoyezd 100 ta vagondan iborat umumiy tarkibga birlashtirildi. Ushbu muvaffaqiyat Ginnesning rekordlar kitobidan ham o‘rin oldi — poyezdning uzunligi 1,91 kilometrga yetdi.

Foto: AFP / Fabrice Coffrini

To‘g‘ri, jahonda bundan ham uzunroq poyezdlar rekord o‘rnatgan, lekin ularning barchasi yuk vagonlarini tortishgan. Ushbu rekord eng uzun yo‘lovchi poyezdi bo‘ldi.

Aytish kerakki, ushbu poyezd qatnagan yo‘nalish 2008 yilda YuNeSKOning butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Eng uzun yo‘lovchi poyezdi bo‘yicha avvalgi rekord 1991 yilda o‘rnatilgan edi — 1732,9 metr.

Foto: AFP / Fabrice Coffrini

Temiryo‘l vagonlarini taqqan poyezd Preda shahridan yo‘lga chiqib, Alp tog‘ tizmalari bo‘ylab bir soatdan sal ziyodroq vaqtda 48 ta ko‘prik, jumladan mashhur Landvasser viaduki, 22 tunneldan o‘tib, Bergun shahrigacha 25 km yo‘l bosdi.

Foto: AFP / Fabrice Coffrini

7 mashinist va 21 texniklar 25 ta poyezd bir xilda harakat qilib, to‘xtashini nazorat qilib turdi. Mashinistlar oldida qiyin vazifalar turgan edi: ular 3000 tonnaga teng poyezdni temir izlar bo‘ylab bir maromda va aniq harakatlanishi uchun tezlashib yoki sekinlashib turishi talab etilardi. Buning uchun birinchi mashinistdan oxirgisigacha simli dala telefoni o‘rnatib chiqilgan.

Foto: AFP / Fabrice Coffrini

Temiryo‘l kompaniyasining tushuntirishicha, yo‘ldagi tunnellar tufayli radio va uyali telefon orqali muntazam aloqani ta’minlash ilojsiz bo‘lgan.

Foto: AFP / Fabrice Coffrini

Poyezdning eng qiyin joylardan o‘tishini tomosha qilish uchun 3 ming tomoshabin pul to‘lagan. Poyezdga minishga faqat 150 kishiga izn berilgan: ular asosan VIP shaxslar va jurnalistlar bo‘lgan.

Ushbu rekord Shveytsariya temiryo‘llarining 175 yilligiga bag‘ishlangan.

Mavzuga oid