O‘zbekiston | 10:16 / 09.10.2021
4001
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat muassasasiga bir vaqtning o‘zida xizmat ko‘rsatuvchi va tartibga soluvchi funksiyalarni bajarish taqiqlab qo‘yiladi

Prezidentning “Davlat muassasalarini isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat mulkining zarur darajada hisobga olinishini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining teng raqobat muhitini yaratish va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga qaratilgan quyidagi takliflari ma'qullanadi:

davlat muassasasiga bir vaqtning o‘zida xizmat ko‘rsatuvchi va tartibga soluvchi funksiyalarni bajarishni taqiqlash;

bozor tamoyillari asosida faoliyat ko‘rsatayotgan davlat muassasalarining faoliyatning litsenziyalanadigan turi bilan tegishli litsenziyani olmasdan shug‘ullanish huquqini bosqichma-bosqich bekor qilish, ta'lim va sog‘liqni saqlash sohasidagi davlat muassasalari bundan mustasno.

Adliya vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021 yil 1 dekabrga qadar mazkur bandda belgilangan takliflarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi tegishli qaror loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

O‘zbekiston bosh vaziri har bir davlat muassasalarini xatlovdan o‘tkazgan holda ularning tashkiliy-huquqiy shakllari qonunchilik hujjatlariga mosligini hamda faoliyatini o‘rganib chiqish bo‘yicha manfaatdor vazirlik va idoralardan iborat ishchi guruhlarni tuzadi.

Ishchi guruhlar 2022 yil 1 martga qadar davlat muassasalarini bosqichma-bosqich tugatish yoki xususiy sektorga sotish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.

Bunda:

  • 2022 yil 1 fevraldan boshlab davlat organlari va tashkilotlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va noshirlik faoliyati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi davlat muassasalari va korxonalarining funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish;
  • davlat muassasalarning xizmat ko‘rsatuvchi va tartibga soluvchi funksiyalarini ajratgan holda, faqat boshqaruv, ijtimoiy-madaniy vazifalarni yoki tijoratchilikdan iborat bo‘lmagan boshqa vazifalarni amalga oshiradigan davlat muassasalarini saqlab qolish, xususiy sektor muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatayotgan va raqobat mavjud sohalarda faoliyat yuritayotgan davlat muassasalarini va ularga tegishli nosohaviy aktivlarni xususiylashtirish yoki tugatish nazarda tutiladi.

Mavzuga oid